O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Bag‘rikenglik va insonparvarlik ifodasi

15.11.2014

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida jamiyat iqtisodiy negizlarini yanada mustahkamlash, bozor munosabatlarini izchil rivojlantirish, islohotlarning bugungi talablaridan kelib chiqib, qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Muxbirimiz bilan muloqot qilgan senatorlarning ta'kidlashicha, parlament yuqori palatasi majlisida ko‘rib chiqilgan qonunlar, dasturlar va boshqa hujjatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra, yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

E. RO‘ZMeTOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi:
— Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi masala mamlakatimizda ro‘yobga chiqarilayotgan insonparvarlik va bag‘rikenglik, milliy qadriyatlarga hurmat siyosatining yaqqol ifodasidir. Zotan, bilib-bilmasdan jinoyat yo‘liga kirib qolganlarni kechirish, ularga insonparvarlik aktini qo‘llash bunday shaxsning har qanday qilmish uchun jazoning muqarrarligini anglab yetishida juda muhimdir. Umuman, yurtimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari mohiyatiga ham aynan mazkur g‘oya singdirilgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, amnistiya akti qadimdan amal qilib kelinayotgan qadriyatlarni, qolaversa, kishilar e'zozlaydigan bag‘rikenglik, muruvvat va insonparvarlik kabi oliy fazilatlarning nozik qirralarini o‘zida mujassamlashtirgan.

E. BORISOVA,
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktorining o‘rinbosari, senator:
— O‘zbek xalqi azaldan ayolni, onani e'zozlab, ulug‘lab kelgan. Bu odamlarimizning qon-qoniga singib, milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. E'tiborlisi, mazkur qadriyat davlatimiz siyosatining negiziga aylandi. O‘zbekistonda Prezidentimiz boshchiligida ayollarimizga mislsiz ehtirom va hurmat ko‘rsatilib, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularning iqtisodiy sohada, tadbirkorlik, fan va texnika taraqqiyoti hamda davlat qurilishidagi nufuzini oshirish kabi masalalar doimo e'tiborda turibdi. Binobarin, oilada, farzand tarbiyasida ayolning o‘rni katta. Ba'zi bilib-bilmay qilgan xatolari, hayotda adashganliklari tufayli jinoyat sodir etib, jazo muddatini o‘tayotgan xotin-qizlarimiz ortida oilasi, farzandlari va yaqinlarining taqdiri turibdi. Shu sababli Senatning amnistiya to‘g‘risidagi qarori xotin-qizlarimizga jamiyat e'tiborini qaratishda, adashganlarga esa yana bir imkoniyat berilishida ayni muddao bo‘ldi. Biz, albatta, joylarda amnistiya aktining ahamiyati, davlatimizning g‘amxo‘rligi haqida keng tushuntirish ishlarini olib boramiz.

P. ARABBOEVA,
Paxtaobod tumanidagi “Yuqori” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, senator:
— Bag‘rikenglik, kechirimlilik ulug‘ ajdodlarimizdan meros fazilat. Shu ma'noda aytganda, amnistiya aktini minglab odamlar, farzandlar, oilalar intiqib kutmoqda. Ayni sababli ushbu hujjatning amalda qo‘llanilishi samaradorligini, ochiq va oshkoraligini ta'minlash juda muhimdir. Mazkur amnistiyaning ijrosi, ayniqsa, senatorlardan katta mas'uliyat talab qiladi. Ya'ni biz bevosita xalq bilan muloqotda bo‘lib, uning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri yetkazishda faollik ko‘rsatishimiz zarur. Yalpi majlisda alohida urg‘u berilganidek, amnistiya aktini qo‘llashda jamoatchilik nazorati va ochiq-oshkoralikni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu ishga mutasaddi idoralar bilan bir qatorda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari vakillari ham faol jalb etiladi. Shu bilan birga, amnistiya to‘g‘risidagi qaror asosida jazodan ozod qilingan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi va himoyasiga oid choralarni amalda ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalarni o‘z vaqtida va samarali hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

D. SIDIKOV,
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator:
— Bugun O‘zbekiston jamiyat hayotining barcha jabhalarida ulkan marralarni qo‘lga kiritib, o‘zining strategik maqsadi — demokratik rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olish sari dadil qadam tashlamoqda. Eng muhimi, bu muvaffaqiyatlar xalqaro hamjamiyat, nufuzli ekspertlar, ilmiy tadqiqot institutlari e'tirofiga sazovor bo‘layapti. Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar ana shu natijalar asosining yaqqol namoyishi, desak, mubolag‘a emas. Negaki, mamlakatimizning kelgusi yil uchun byudjet-soliq siyosati va ish o‘rinlari tashkil qilish hamda aholi bandligini ta'minlash parametrlariga doir masalalar O‘zbekistonda kechayotgan iqtisodiy yangilanishlar, yalpi ichki mahsulotning barqaror o‘sish sur'atlarini ta'minlash, joylarda, ayniqsa, qishloqlarda aholi turmush darajasini oshirishga qaratilganligi bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Birgina so‘nggi yillardagi an'anaga sodiq qolgan holda Davlat byudjeti xarajatlarida ijtimoiy sohaga asosiy urg‘u berilgani fuqarolarning Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini ta'minlashga xizmat qiladi.

Qobil XIDIROV
Xalq so‘zi gazetasi

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati