O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

14.11.2014

2014-yil 14-noyabrda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga muvofiq parlament yuqori palatasiga kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22-yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Ushbu masalani ko‘rib chiqish asnosida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganliginining 22-yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatning qabul qilinishini inson huquqlari va uning manfaatlari oliy qadriyat bo‘lgan, amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini tashkil etadigan davlatimiz insonparvarligining yana bir yorqin ko‘rinishi ekanligini ko‘rsatib o‘tdilar. Ushbu masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining qarorida quyidagi mahkumlarni: ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlatlar fuqarolari, shuningdek, bir qator boshqa toifadagi shaxslarni jazodan ozod qilish (nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda) ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, qarorda amnistiya to‘g‘risidagi qaror tatbiq etilmaydigan shaxslarning toifalari ham nazarda tutilgan.

Senat o‘z qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22-yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qarorini qo‘llanish tartibini belgiladi. Ushbu tartibda jinoiy javobgarlikdan va jazodan amnistiya hujjatiga muvofiq ozod qilinadigan shaxslar xususidagi ishlar va materiallarni sudda ko‘rib chiqish tartib-taomili belgilanmoqda. Bunda amnistiya aktining qo‘llanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini va qarorni qo‘llanish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligini ta’minlashda senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakillari faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, jazodan ozod qilingan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi va himoyasiga oid choralarni amalda ro‘yobga chiqarish, ular to‘liq hisobga olinishi va ishga joylashtirilishini ta’minlash, yolg‘iz, yordamga muhtoj shaxslarni nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirish, voyaga yetmaganlarni ota-onalarining, vasiylik va homiylik organlarining nazoratiga topshirish, zarur hollarda ularni tegishli ta’lim muassasalariga yuborishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish ham nazarda tutilmoqda.

Shundan keyin senatorlar, «Soliq va byudjet siyosatining 2015-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Senatorlar ushbu qonun 2015-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining konsepsiyasini samarali amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur huquqiy sharoitlar yaratilishini, shuningdek, soliq solish sohasida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlashini ta’kidladilar.

Qonun bilan «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunlarga, Soliq kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, senatorlarning fikricha, ushbu qonun umuman olganda, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi uchun soliq yukini yanada kamaytirishga, soliq solish tizimini soddalashtirishga, mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlashga hamda soliq ma’muriyatini takomillashtirishga qaratilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqish vaqtida senatorlar ushbu qonunning asosiy qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, 2012-yil 18-iyuldagi «Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlariga, 2014-yil 15-apreldagi «Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2013-yil 12-dekabrdagi «Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq tayyorlanganligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Ushbu qonun bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga, jumladan, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi, «Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida»gi, «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi, «Bankrotlik to‘g‘risida»gi, «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida»gi qonunlarga, Soliq kodeksiga, Havo kodeksiga, Jinoyat kodeksiga, Fuqarolik-protsessual kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va boshqalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun hujjatlariga kiritilayotgan tuzatishlar investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga, tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga, fuqarolik sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirishga va boshqalarga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlari doirasiga kiritilgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Senatning ikki kunlik majlisida 10 ta masala, shu jumladan, demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil chuqurlashtirib borishga hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan 5 ta qonun ko‘rib chiqildi, ularning ro‘yobga chiqarilishi aholi turmush darajasini yanada oshirish, mamlakatimizda barqarorlik va farovonlikning qudratli omili bo‘ladi.

Shu bilan Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini tugalladi.

Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player


O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati