O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Izchil islohotlar — obod turmush kafolati

13.11.2014

Toshkentda Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarini izchil isloh qilish va liberallashtirish, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, fuqarolar turmush darajasini yanada yaxshilash, aholining keng qatlami huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini muhofaza etishga qaratilgan ko‘plab dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

Muxbirimiz Senat yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida senatorlar bilan suhbatlashdi.

X. ALIMOVA,
Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi bosh shifokori, senator:
— Senat yalpi majlisiga kiritilgan masalalar mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining bugungi bosqichida dolzarb ahamiyatga egadir. Shu ma'noda, O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari senatorlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi. Qayd etish joiz, jahonda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hali-hamon kuzatilayotgan bir sharoitda yurtimizda moliyaviy barqarorlikni ta'minlash, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, eksport o‘sishining muvozanatlashtirilgan ko‘rsatkichlarini saqlab qolish, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, aholi farovonligi va turmush darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan sa'y-harakatlar tizimli ravishda, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
2015 yilgi soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalardan kelib chiqib shakllantirilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

I. KARATAEV,
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi “Qoratoy Mirzaev” fermer xo‘jaligi rahbari, senator:
— Soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari muhokamasida 2015 yilda soliq siyosati o‘tgan yillardagi singari xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga va aholiga soliq yukini yanada kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, mahalliy byudjetlarning daromadlar qismini mustahkamlash va soliq ma'murchiligi choralarini kuchaytirishga qaratilganiga e'tibor berildi. Chunonchi, unda xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va mehnatni rag‘batlantirish maqsadida foyda solig‘ining bazaviy stavkasini pasaytirish taklif qilinmoqda. Bu xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar ixtiyorida qo‘shimcha 89,4 mlrd. so‘m qoldirish imkonini tug‘diradi.
Bundan tashqari, yoshlarning, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida mikrofirmalar hamda kichik korxonalar mazkur ta'lim muassasalarini bitirib chiqqanlarni ishga qabul qilgan taqdirda, ularda ishlaydigan xodimlarning eng ko‘p sonini 50 foizgacha oshirish, shuningdek, kasb-hunar kollejlarini bitirib chiqqanlarni ta'lim olish tugagan paytdan boshlab bir yil mobaynida qat'iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod qilish nazarda tutilmoqda.

D. ESONBAEVA,
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on pedagogika kolleji direktori, senator:
— Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini ta'minlashda yangi ish o‘rinlari yaratish muhim ahamiyatga ega. Zero, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida fuqarolar mehnat huquqlari mustahkam kafolatlangan. Uning ijrosini ta'minlash maqsadida mamlakatimizda har yili ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturlari qabul qilib kelinmoqda. Yalpi majlis kun tartibidagi 2015 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi senatorlar tomonidan mufassal ko‘rib chiqildi.
Mazkur Dasturda 2015 yilda ish o‘rinlari tashkil qilish va aholi bandligini ta'minlash, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish choralari belgilangan. Xususan, keyingi yilda 487,7 ming nafar kasb-hunar kollejlari bitiruvchisi bandligini ta'minlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, yangi ish o‘rinlarini sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida, yangi ob'ektlarni ishga tushirish va mavjudlarini kengaytirish dasturlarini amalga oshirish hisobiga, shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga kreditlar ajratish, yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish, kasanachilikni tashkil etish, fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish hamda ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash hisobiga yaratish mo‘ljallanayapti. Umuman aytganda, mazkur hujjatda belgilangan chora-tadbirlarning ro‘yobga chiqarilishi aholi daromadlarini oshirish, ularning hayot darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

X. IBRAIMOV,
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, senator:
— Senat yalpi majlisida mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga uyg‘un qator masalalar ko‘rib chiqildi. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar o‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. Zero, mustaqillikning ilk yillaridan fuqarolar murojaati instituti aholi va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning samarali mexanizmlaridan biriga aylanib, o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda. Aynan ushbu mexanizm fuqarolarning davlat boshqaruvi ishlaridagi faol ishtirokiga muhim zamin yaratmoqda. Umuman, fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilishiga doir konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyat mavjud. Endilikda davlat bilan munosabatlarning bunday samarali mexanizmlari yuridik shaxslarga ham tatbiq qilinadi.

S. BARATOVA,
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri, senator:
— Sir emas, mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini texnik va texnologik yangilash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishda investitsiya faoliyatining ahamiyati juda katta. Qonunchilikda investitsiya faoliyatini rivojlantirish uchun juda ko‘plab imtiyoz, preferensiyalar, shuningdek, huquqiy himoya va kafolatlar belgilangan. Senatorlar tomonidan ma'qullangan yangi tahrirdagi “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun bu borada yangi imkoniyatlar yaratishi bilan diqqatga sazovor. Ushbu hujjat investitsiya sohasida davlat siyosatini takomillashtirish, mazkur faoliyatning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlash, shu bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilinishini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgani bilan alohida ahamiyatga molikdir.

Qobil XIDIROV
Xalq so‘zi gazetasi

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati