O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

13.11.2014

2014-yil 13-noyabrda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar. 

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi. 

Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar. 

Majlisda qayd etilganidek, bozor islohotlari, davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgartirishlar sharoitida 2015-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari makroiqtisodiy barqarorlikni hamda mamlakat YaIM yuqori sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlashga, diversifikatsiya qilingan hamda raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga, aholi turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilganligi strategik ahamiyatga ega. Ushbu maqsadlarga erishish uchun 2015-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari iqtisodiy hamda soliq-byudjet siyosatini yanada modernizatsiyalash, bozor islohotlari va ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirishning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlari, maqsadlari hamda vazifalari asosida ishlab chiqilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

Muhokama asnosida kelasi yilgi soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi uchun soliq yukini yanada kamaytirishdan, soliq solish tizimini soddalashtirishdan, mahalliy byudjetlarning daromadlar qismini mustahkamlashdan hamda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishdan iborat bo‘lib qolayotganligi ko‘rsatib o‘tildi. 


Soliq yukini yanada kamaytirish bo‘yicha eng muhim choralardan biri sifatida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining bazaviy stavkasini 8 foizdan 7,5 foizga tushirish nazarda tutilmoqda, natijada yuridik shaxslar ixtiyorida qo‘shimcha ravishda 89,4 milliard so‘m qoladi. Mehnatga haq to‘lash fondiga tushadigan soliq yukini kamaytirish maqsadida mikrofirmalar va kichik korxonalar, fermer xo‘jaliklari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 25 foizdan 15 foizgacha pasaytirish taklif qilinmoqda. Shuningdek, mikrofirmalar va kichik korxonalar bo‘lmish qurilish tashkilotlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 6 foizdan 5 foizgacha pasaytirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq solishning to‘rt bosqichli shkalasi joriy etilmoqda. Bu shkala daromadlarning birinchi guruhi (eng kam ish haqining bir baravarigacha) bo‘yicha nol stavkasini belgilashni nazarda tutadi. Mazkur chora o‘rtacha ish haqidan kam yoki o‘rtacha ish haqi darajasida daromad oladigan jismoniy shaxslarga tushadigan soliq yukini kamaytirishga qaratilgan. 

Mamlakatimizning bosh moliyaviy hujjatini muhokama qilish asnosida senatorlar tomonidan ijtimoiy soha xarajatlarini ko‘paytirish tamoyili saqlanib qolayotganligi qayd etildi. Chunonchi, Davlat byudjetining ijtimoiy xarajatlari joriy yildagiga nisbatan kelasi yilda 1,2 baravar ko‘payadi. Xususan, mamlakat oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari o‘quv-laboratoriya korpuslarini, shuningdek, tibbiyot muassasalarini qurishni, rekonstruksiya qilishni, mukammal ta’mirlash va jihozlashni moliyalashtirishga katta miqdorda mablag‘ yo‘naltiriladi. Davlat byudjetidan 138 ta sog‘liqni saqlash obyektini qurish va batamom zamonaviy texnika bilan jihozlashga 495 milliard so‘m, 246 ta umumta’lim maktabini, 42 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejini rekonstruksiya qilishga, shuningdek, 246 ta o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasasini mukammal ta’mirlashga 479 milliard so‘m ajratish nazarda tutilgan. 72 ta tuman tibbiyot muassasasi quriladi. Umuman, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini moliyalashga qilinadigan davlat xarajatlarining o‘sishi 2014-yildagiga nisbatan qariyb 22 foizni tashkil etadi. 

Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etishga, shu jumladan, qishloq joylarda yangi tashkil etilayotgan uy-joy massivlarini suv bilan ta’minlash obyektlari qurilishiga zarur mablag‘lar ajratiladi. 

Umuman, 2015-yilgi Davlat byudjetida, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlarida hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarida aholi daromadlari va turmush darajasini og‘ishmay oshirib borish nazarda tutilmoqda. Bunga ish haqi, stipendiyalar, ijtimoiy nafaqalar va pensiyalar miqdorini inflatsiya sur’atlaridan yuqori darajada oshirib borish yo‘li bilan, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning manzilliligini kuchaytirish, byudjetlararo munosabatlar tizimini yanada isloh qilgan holda, mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjetlar daromad bazasini kengaytirishdan hamda resurslardan foydalanish samaradorligini ta’minlashdan manfaatdorligini oshirish yordam beradi. 

Senatorlarning chiqishlarida 2015-yilgi Davlat byudjetining, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining hamda soliq va byudjet siyosati asosiy yo‘nalishlarining parametrlari, umuman, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga, jamiyat hayotining hamma sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirish va aholi farovonligini izchil oshirib borishning strategik dasturiga mos ekanligi ko‘rsatib o‘tildi. Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladilar va tegishli qaror qabul qildilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

Senatorlar hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining butun salohiyatini ishga solish, demografik omillarni va mehnat bozorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishga joylashtirishning samarali shakllarini rivojlantirish yo‘li bilan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan 2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ham ko‘rib chiqib, ma’qulladilar.


Ushbu Dastur «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablarini, aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining tamoyillari, ustuvor yo‘nalishlarini, tegishli maqsadli dasturlar va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilganligi ko‘rsatib o‘tildi. 

2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashning prognoz parametrlari 2011-2015-yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga, investitsiya dasturlari va boshqa maqsadli dasturlarga muvofiq tuzilgan. Ular ish o‘rinlarini ko‘paytirishga, bandlik darajasini o‘stirishga hamda uning hududiy tuzilmasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan. Hududlarni ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi va servisni, qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishini hamda qurilishda pudrat ishlarini rivojlantirish dasturlari ro‘yobga chiqarilishi, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari yanada rivojlantirilishi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi modernizatsiya qilinishi va boshqalar bilan bog‘liq holda mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab va uni taklif qilishning muvozanatliligini ta’minlash vazifalari belgilangan. Tashkil etilayotgan ish o‘rinlarining saqlanib qolishi va barqaror amal qilishini, band bo‘lmagan aholini, kasb-hunar kollejlarini bitiruvchilarni, xotin-qizlarni, nogironlar va aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan boshqa toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Bunda kichik biznesning ish o‘rinlari tashkil etishdagi rolini oshirishga, ayniqsa, mumkin qadar qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining kredit va moddiy xomashyo resurslaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha qabul qilingan normativ hujjatlarga muvofiq oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga oshirishga katta e’tibor berilgan. 

Dasturni ro‘yobga chiqarish doirasida 2015-yilda mamlakatimizda 987,5 mingta ish o‘rni, shu jumladan, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va ishlamayotgan korxonalarni qayta tiklashning maqsadli dasturlariga muvofiq 261,6 mingta ish o‘rni tashkil etish, shuningdek, kichik korxonalar va mikrofirmalarda, yakka tadbirkorlik va kasanachilik sohasida, fermer va dehqon xo‘jaliklarida 725,9 ming nafar odamning bandligini ta’minlash nazarda tutilmoqda. Mamlakatning olis tumanlarida ish o‘rinlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi. 

2015-yilda Dastur parametrlariga muvofiq tashkil etiladigan yangi ish o‘rinlariga, shuningdek, mavjud bo‘sh va zaxira qilinadigan ish o‘rinlariga kasb-hunar kollejlarining 487,7 ming nafar bitiruvchisini ishga joylashtirish mo‘ljallangan. 

2015-yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining tasdiqlangan parametrlari sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida uning respublika tumanlari va shaharlari, iqtisodiyot tarmoqlari va korxonalar kesimida ro‘yobga chiqarilishining muntazam va tizimli monitoringi tashkil etiladi. 

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 14-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «Obod turmush yili» Davlat dasturini ijro etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Majlisda amaldagi «Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun o‘rniga qabul qilinayotgan yangi qonun jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklari, yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlari himoya qilinishining qo‘shimcha kafolatlarini ta’minlab berishga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Murojaatlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va texnologiyalaridan foydalangan holda kiritish imkoniyati huquqiy mustahkamlab qo‘yilganligi ham qonunning muhim yangiligi bo‘ldi. 

Senatorlar fikricha, qonunning qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga, ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini butun choralar bilan ta’minlashga, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar o‘z vaqtida hamda har tomonlama ko‘rib chiqilishi uchun javobgarligini kuchaytirishga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Senatorlar Oliy Majlis palatalari tomonidan 2010-yil noyabr oyida qabul qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish doirasida ishlab chiqilgan «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. 

Majlisda ko‘rsatib o‘tilganidek, qonunning asosiy qoidalari xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholining investitsiya jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirishga, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga investitsiyalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari va shart-sharoitlarini yaratishga yo‘naltirilgan. 

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda investitsiya muhiti yanada yaxshilanishiga, investorlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish samaradorligi oshishiga, investitsiya faoliyatida davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga, shuningdek, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga yordam beradi. 

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n oltinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player


O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча | Français | العربية

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati