O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida

12.11.2014

13-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi ochiladi.

12-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ishchi guruh rahbarining bo‘lajak yalpi majlisni o‘tkazishga tayyorgarlik to‘g‘risidagi axboroti tinglandi. 

Senat qo‘mitalarining raislari qo‘mitalarning majlislari o‘tkazilganligi to‘g‘risida va o‘n oltinchi yalpi majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonunlar yuzasidan xulosalar hamda boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar loyihalari tayyorligi haqida axborot berdilar, majlis ishini tashkil etish xususida o‘zaro fikr almashdilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, 2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining ko‘rib chiqilishi hamda tasdiqlanishining dolzarbligi va ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdilar. 

Kengash a’zolari Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritilayotgan, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilish hamda liberallashtirishga, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining muhimligini ham qayd etdilar. Bular «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi, «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «Soliq va byudjet siyosatining 2015-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlaridir.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

 

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati