O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

PARLAMENT LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

10.12.2014

Shu yil 10 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yevropa ittifoqi Komissiyasining DSI dasturi doirasida “O‘zbekistonda ikki palatali parlament tizimini yanada mustahkamlash va mintaqaviy Kengashlar bilan aloqalarni rivojlantirish” loyihasi Boshqaruvchi qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda yeI parlament loyihasining asosiy bosqichidagi tadbirlarni ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi, loyihani uzaytirish davridagi ishning asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a'zolari, Senat Devoni xodimlari, yevropa ittifoqi delegatsiyasi boshlig‘i hamda ushbu loyiha menejerlari, mutaxassislar va taklif etilgan mehmonlar qatnashdilar.

Boshqaruvchi qo‘mita majlisini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari M.A.Radjabova va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining rahbari A.K.Erkaxo‘jaev, shuningdek yevropa ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi boshlig‘i, elchi Yu.Shterk tabrik so‘zi bilan ochdilar.

Loyihaning amaliyot bosqichi 2013 yil iyun oyidan 2014 yil 14 noyabrga qadar amalga oshirilganligi qayd etildi. Bir qator asosiy vazifalar ro‘yobga chiqarilganligi tufayli muhim natijalar qo‘lga kiritilgan bo‘lib, bir qator qonun loyihalari ustida olib borilgan tahliliy ish, yagona parlament tarmog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida elektron kutubxonalar yaratilganligi, Qonunchilik palatasidagi elektron kutubxona rivojlantirilganligi, shuningdek elektron parlament tezaurus (parlamentga oid atamalar ma'lumotnomasi) ishlab chiqilganligi shular jumlasidandir. Barcha xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan masofadan turib o‘zaro hamkorlik qilish tizimi yaratilganligi, parlament palatalarida axborot kioskalari o‘rnatilganligi, shuningdek parlament a'zolari uchun turli amaliy qo‘llanmalar tayyorlanganligi muhim yutuqlar bo‘ldi.

Asosiy vazifalarni to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarish hamda kutilayotgan barcha natijalarni qo‘lga kiritish uchun Boshqaruvchi qo‘mitaning oldingi majlisida yeI loyihasining yeI bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi Moliyaviy bitimining amal qilish muddatini 1 yilga uzaytirish maqsadga muvofiqligi haqida qaror qabul qilingan edi.

Uzaytirilgan davr mobaynida parlament palatalari portallarini ishlab chiqish va joriy etish, ularni bo‘lajak kichik tizimlar, chunonchi elektron hujjatlar aylanishi (qonunchilik jarayoni segmenti), elektron arxivlar, “Qonun” axborot-qidiruv tizimi singari kichik tizimlar bilan integratsiyalash mo‘ljallanmoqda.

Loyiha rahbarlari va xodimlarining chiqishlarida loyihaning uzaytirilgan davrida parlamentning ustuvor talablarini bajarish hamda loyiha natijalarning barqarorligiga erishish, shuningdek O‘zbekiston parlamenti palatalarining elektron portallarini joriy etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ishga solish masalalari muhimligi ta'kidlandi.

Majlisda yuqori palatada tashkil etilgan yangi axborot tizimining taqdimoti bo‘lib o‘tdi va uni parlament palatalari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari o‘rtasida elektron formatda uzluksiz va samarali hamkorlikni ta'minlaydigan yagona parlament tarmog‘i bilan integratsiyalash namoyish qilindi.

Majlis qatnashchilari loyiha maqsadlariga erishish parlamentni hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini modernizatsiyalashga, xalq vakillarining elektorat bilan aloqa bog‘lash shakllari va usullari oshkoraligini hamda ularni takomillashtirishni ta'minlashga qo‘shilgan muhim hissa bo‘lishini, shuningdek O‘zbekistonda ikki palatali parlament tizimini yanada mustahkamlashga yordam ber ishini ko‘rsatib o‘tdilar.

Boshqaruvchi qo‘mita majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha majlis qatnashchilari tegishli qarorlar qabul qildilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati