O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

XALQ DEPUTATLARI MAHALLIY KENGASHLARI ISHINING SAMARADORLIGINI OSHIRISH

08.05.2014

Butun mamlakatni va xususan uning mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalarini bajarish har bir senatordan, mahalliy hokimiyat vakillik organlarining deputatidan yuksak uyushqoqlik va tashabbuskorlik ko‘rsatish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari ishining samaradorligini oshirish yo‘llarini doimo izlashnigina emas, shu bilan birga o‘z faoliyatining qonunchilik asosini mufassal bilishni ham talab qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan tashkil etilib, shu yil mart – aprel oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari faoliyatining montoringi hamda mahalliy Kengashlarga saylov bo‘yicha qonun hujjatlari” mavzuidagi turkum seminar-treninglar ana shu va boshqa masalalarga bag‘ishlandi.

Seminar-treninglar ishida senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri, tuman va shaharlar Kengashlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitalarining hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shaharlar Kengashlari doimiy komissiyalarining raislari, siyosiy partiyalarning deputatlar guruhlari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasiga yordam beruvchi ishchi guruhlar a'zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashkiliy-nazorat bo‘limining hamda viloyat, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklari tashkiliy-nazorat guruhlarining, siyosiy partiyalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi kengashlarining, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashdi.

Seminar-treninglar qatnashchilariga senatorlar, deputatlar, mutaxassislar, olimlar va amaliyotchilarning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi “Amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati qurish – yorug‘ kelajagimizning asosiy omilidir” nomli ma'ruzasi hamda Osiyo quyosh energiyasi forumining oltinchi majlisidagi nutqining ahamiyati to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ular doimiy komissiyalarining 2012 yil ikkinchi yarmidagi va 2013 yil o‘tgan davridagi faoliyati monitoringi natijalari to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari saylovini tashkil etish va o‘tkazishning qonunchilik asoslari”, “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatishda siyosiy partiyalarning roli to‘g‘risida”gi va boshqa masalalar yuzasidan ma'ruza va chiqishlari interfaol shaklda taklif qilindi.

Seminar-treninglarda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda joylarda deputatlar korpusining faolligi va rolini oshirishda ijobiy natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lindi, ular ishida sezilarli sifat o‘zgarishlari yuz berdi. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari hamda ularning doimiy komissiyalari tomonidan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalariga, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining reglamentlariga, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlarga, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish sohasida, shuningdek ish o‘rinlari tashkil etish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, kichik biznesni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini ijro etish, o‘quvchi yoshlarga ta'lim berish va ularni tarbiyalash, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish va boshqa masalalarda muayyan ishlar qilingan. Xalq vakillarining o‘z qarorlari ijrosini nazorat qilish borasidagi faoliyati yanada aniq maqsadli, ta'sirchan va samarali bo‘lmoqda. Ushbu masalalar xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarida yanada tanqidiy ruhda ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish davom ettirilmoqda, hududlarni mukammal rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishda siyosiy partiyalarning deputatlar guruhlari sezilarli darajada faollashdi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning bajarilishini ta'minlashga alohida e'tibor berildi.

Seminar-treninglarning qatnashchilari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarining hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish borasidagi faoliyatida mavjud bo‘lgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashdilar, faoliyatning ta'sirchanligini va aniqligini kuchaytirish, o‘zlari qabul qilgan qarorlarni amalga oshirish, deputatlar va senatorlarning so‘rovlariga ijro etuvchi hokimiyat organlarining munosabat bildirishi masalalarida talabchanlikni oshirish haqida o‘z mulohazalari va takliflarini bildirdilar

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati