O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Aholi farovonligi, vatan ravnaqi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir

06.11.2014

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, yurtimizda moliyaviy barqarorlikni ta'minlash, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, eksport o‘sishining muvozanatlashtirilgan ko‘rsatkichlarini saqlab qolish, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, aholi farovonligi hamda turmush darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan sa'y-harakatlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari ana shu maqsadga xizmat qilishi bilan muhim strategik ahamiyatga ega. Zotan, jahonda hali-hanuz moliyaviy inqiroz kuzatilayotgan bir sharoitda O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, soliq yukini kamaytirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Binobarin, mazkur hujjat iqtisodiy siyosatni va soliq-byudjet siyosatini yanada modernizatsiyalash, bozor islohotlarini hamda ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar, maqsadlar va vazifalar asosida ishlab chiqilgan.

Yig‘ilishda soliq siyosati sohasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta'kidlanganidek, bu, eng avvalo, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar va aholi uchun soliq yukini yanada kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash hamda soliq ma'muriyatchiligi chora-tadbirlarini kuchaytirishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

— Mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati kelgusi yilning soliq-byudjet siyosatida ham o‘z ifodasini topmoqda, — dedi qo‘mita a'zosi Q. To‘ychiev. — Chunonchi, unda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar ko‘zda tutilmoqda. Masalan, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining bazaviy stavkasini 8 foizdan 7,5 foizga tushirish belgilanayapti. Xodimlarga to‘lanadigan ish haqi fondiga tushadigan soliq yukini kamaytirish maqsadida yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari uchun 25 foizdan 15 foizgacha, mikrofirma hamda kichik korxonalar bo‘lmish qurilish tashkilotlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 6 foizdan 5 foizgacha tushirish taklif qilinmoqda. Mikrofirmalar va kichik korxonalar kasb-hunar kollejlarini bitirib chiqqanlarni ishga qabul qilgan taqdirda ularda ishlaydigan xodimlarning eng ko‘p sonini 50 foizgacha oshirish, shuningdek, mazkur ta'lim muassasalarini bitirib chiqqanlarni ta'lim olish tugagan paytdan boshlab bir yil mobaynida qat'iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod qilish nazarda tutilmoqda. Bu, so‘zga chiqqanlar e'tirof etganidek, yoshlarning hayotda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatning asosiy moliyaviy hujjatini muhokama qilish jarayonida senatorlar tomonidan ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan, oliy o‘quv yurtlarining o‘quv-laboratoriya binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlashni moliyalashtirishga, shuningdek, bolalar-o‘smirlar sport maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qilinadigan xarajatlarni ko‘paytirish tamoyili saqlanib qolayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, davlatga qarashli maktabgacha ta'lim muassasalarini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha 2015 — 2020 yillar mobaynida hayotga tatbiq etiladigan dastur ishlab chiqilayotganligining muhimligi alohida ta'kidlandi.

Yig‘ilishda ijtimoiy sohaga qaratilgan e'tibor kelgusi yilda ham izchil davom etishi alohida aytib o‘tildi. Bu esa istiqbolda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini bajarish, jamiyat hayotining hamma sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirish va aholi farovonligini yuksaltirishda dolzarb ahamiyatga ega.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Ziyoda AShUROVA,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati