O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Chet tillarni o‘rganish zamonaviy axborot texnologiyalari asosida izchil olib borilmoqda

06.05.2014

Samarqand shahrida Senatning Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta'lim, xalq ta'limi vazirliklari bilan birgalikda chet tillarni o‘qitish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash mavzuiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. 
Anjumanda senatorlar, xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalari raislari, manfaatdor vazirliklar mutasaddilari, joylardagi bir qator ta'lim muassasalari rahbarlari, tilshunos olimlar, jamoat tashkilotlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda ta'lim tizimini rivojlantirish masalalariga katta e'tibor berib kelinmoqda. Bu yo‘nalishda tegishli huquqiy baza yaratilgan. “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ta'lim tizimini, o‘qitishning hamma bosqichlarini tubdan isloh qilish va uzluksiz ta'limning yangi modelini yaratish uchun asos bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida ta'lim muassasalari moddiy-texnika bazasi ancha mustahkamlandi, o‘quv jarayoni sifatini tubdan yaxshilash va uni uslubiy yangilash choralari ko‘rildi. Shu bilan birga, o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.
Chet tillarni o‘rganish ta'lim tizimining g‘oyat muhim tarkibiy qismidir. Mamlakatimizda chet tillarni o‘qitishning yaxlit tizimi yaratilgan bo‘lib, bu tizim barkamol, intellektual yetuk yosh avlodni tarbiyalashga, mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga yanada jadal integratsiyalashuviga yo‘naltirilgan. Hozirgi vaqtda yurtimiz maktablarida 26344 nafar chet tillar o‘qituvchisi mehnat qilmoqda. 
Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish, yosh avlodga chet tillarni o‘qitish, chet tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, qaror bilan ta'lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni o‘rganishni kengaytirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. 
Hozirgi vaqtda chet tillarni o‘rganish samaradorligini oshirish maqsadida mamlakatimizdagi 9739 ta maktabning 17200 ta boshlang‘ich sinfida chet tillar xonalari tashkil etilgan, ularning qariyb barchasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanmoqda. Ko‘zda tutilishicha, 2016 yilga qadar bu boradagi vazifalar to‘liq ado qilinadi. Shu bilan birga, chet tillar bo‘yicha o‘quv-metodologiyani yanada boyitish, zarur darsliklar bilan ta'minlash bo‘yicha ham izchil choralar ko‘rilayotir. 
Shu bilan birga, tadbirda o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shuningdek, chet tillarni o‘rganayotganlarning bilimlarini baholash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish lozimligi qayd etildi.
Tadbirda chet tillarni o‘qitish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi. 

Mamadiyor ZIYoDINOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.


Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati