O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

XALQ DEPUTATLARI MAHALLIY KENGASHLARINING QARORLARINI IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

04.06.2014

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi va xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining 2014 yil 30 may kuni Farg‘ona viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida Farg‘ona viloyati xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlarining ijro etilishini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Majlisda Senat Komissiyasining a'zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining senatorlari, xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining deputatlari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining rahbarlari, Farg‘ona viloyati xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiyalarining raislari, Farg‘ona viloyat hokimligi hamda viloyatdagi tuman va shahar hokimliklari tashkiliy-nazorat guruhlarining, shuningdek ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashdi.

Senatorlar xalq deputatlari Farg‘ona viloyat, tuman va shahar Kengashlari hamda ularning doimiy komissiyalari tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalarini sessiyalarda va komissiyalarning majlislarida muhokama qilish hamda ular yuzasidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta'minlash borasida aniq ish olib borilayotganligini ko‘rsatib o‘tdilar. Xususan, 2012 – 2013 yillar va 2014 yilning o‘tgan davri mobaynida xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashi tomonidan 26 ta sessiya o‘tkazilgan bo‘lib, sessiyalarning kun tartibiga ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy ahamiyatga molik bo‘lgan 50 dan ortiq dolzarb masala kiritildi. Shuningdek, shu davr mobaynida viloyat xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari tomonidan ushbu masalalar batafsil muhokama qilindi va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Farg‘ona viloyati xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda ularning doimiy komissiyalari tomonidan hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruhlari yordamida mahalliy vakillik hokimiyati organlari qabul qilgan qarorlarni ijro etish, ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish, qarorlarning ijro etilishi haqida axborot to‘plash va uni tahlil qilish hamda boshqa sohalarda tizimli ish olib borilmoqda.

O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida o‘z qarorlarining ijrosi ustidan nazorat olib borish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda ijrochilar tomonidan taqdim etilgan axborot asosida qarorlarning ijro etilishi to‘g‘risida tegishli tahliliy materiallar tayyorlanmoqda. Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining ayrim doimiy komissiyalari, xalq deputatlari Farg‘ona, Bag‘dod, Yozyovon va Toshloq tuman, Quvasoy shahar Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari bu yo‘nalishda samarali ish olib bormoqda. Ular hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi yuzasidan muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini muntazam tinglab bormoqdalar.

Shu bilan birga Senat Komissiyasining a'zolari tomonidan Farg‘ona viloyati xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlarini ijro etishdagi ayrim kamchilik va nuqsonlar ko‘rsatib o‘tildi. Chunonchi, masalani o‘rganish davomida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari yoki ularning doimiy komissiyalari tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrochilarga o‘z vaqtida jo‘natilmagan hollar aniqlandi. Hokimiyatning vakillik organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar o‘z vaqtida ijro etilmasligining sabablaridan biri shuki, qarorlarda aniq ijrochilar hamda qaror ijro etilganligi to‘g‘risida axborot taqdim etish muddatlari ko‘rsatilmagan. Qator hollarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari o‘zlari qabul qilgan qarorlarning mas'ul ijrochilar tomonidan olinganligini tasdiqlaydigan ishonchli ma'lumotlarga ega bo‘lmaganlar. Hamma xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida va ularning doimiy komissiyalarida ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini aks ettiradigan hujjatlar yuritilmoqda, tegishli tahliliy ma'lumotnomalar mavjud deb bo‘lmaydi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi ustidan deputat nazorati yetarli amalga oshirilmayotir.

Muhokama davomida senatorlar va qo‘shma majlisning boshqa qatnashchilari tomonidan xalq deputatlari Farg‘ona viloyat, tuman va shahar Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga hamda mahalliy hokimiyat vakillik organlarining o‘z qarorlari ijro etilishini ta'minlash borasidagi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Muhokama yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi va xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati