O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish garovi

01.05.2014

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida “Atrof-muhitni muhofaza qilishni huquqiy jihatdan ta'minlash — inson salomatligining garovi” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Sog‘lom bola yiliga bag‘ishlab Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston ekologik harakati bilan birgalikda tashkil etilgan davra suhbatida parlament a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mutaxassislari, ekolog olimlar, yuristlar, tibbiyot xodimlari, ta'lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, shuningdek ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashdi.

Tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda va Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash va barqarorlashtirish uchun tabiatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlarini rivojlantirish sohasida hamda atrof-muhit muhofazasini boshqarish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash tizimini takomillashtirish borasida aniq maqsadli ishlar olib borilmoqda. Birgina 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan daxldor tashkilotlar bilan birgalikda 12 ta qonun loyihasi, qarorlar va ularga tegishli tuzatishlar ishlab chiqildi. Xususan, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingani bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. Ayni paytda jahon standartlariga muvofiq atrof-muhitni muhofaza qilish, sanitariya va gigiena sohasida dasturlar va harakat rejalari ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Suv resurslarini barqaror boshqarish, ushbu ne'matning ifloslanishi hamda kamayib ketishining oldini olish choralarini ko‘rishga, suv ob'ektlarining holatini yaxshilashga alohida e'tibor berilmoqda. Suv resurslarini boshqarish tizimining institutsional va qonunchilik bazasi mustahkamlanmoqda, monitoring va axborot tizimi takomilashtirilmoqda. Maishiy turmushda va kommunal xo‘jaligida suvdan foydalanishni yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta'minlashni yanada yaxshilash bo‘yicha qator normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida dasturlar qabul qilindi.

Davra suhbatida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining ustuvor vazifalaridan biri sog‘lom bolani tarbiyalashda mahallaning va boshqa jamoat tuzilmalarining rolini oshirish, huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadga muvofiqligi ta'kidlab o‘tildi. “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ro‘yobga chiqarishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga alohida o‘rin berilganini ko‘rsatib o‘tdilar.

Tadbirda amalga oshirilayotgan ishlar xususida axborot almashilib, iqlim o‘zgarishi, chiqindilarni boshqarish, yer va suv resurslarining, atmosfera havosining ifloslanishi kabi ekologiya va aholi salomatligini muhofaza qilishga doir muammolar, shu jumladan, inson salomatligiga bevosita ta'sir ko‘rsatuvchi masalalar dolzarbligi ortib borayotgani aytib o‘tildi.

Muhokama asnosida davra suhbati qatnashchilari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan nazoratni ta'minlash, ayniqsa transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini ta'kidladilar. Shuningdek, ular ekologik ta'limni rivojlantirish hamda barqaror rivojlanish maqsadlarida ta'lim prinsiplarini joriy etish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, ekologiya sohasida tadqiqotlar olib borish, tabiatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlari amalga oshirilishini nazorat qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, ekologik ekspertiza, sertifikatlashtirish, normalashtirish va standartlashtirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yosh avlod salomatligini ta'minlash tizimida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining, ta'lim va tibbiyot muassasalarining, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va o‘rnini kuchaytirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Davra suhbati qatnashchilari muhokama yakunlari bo‘yicha tegishli tavsiyalarni qabul qildilar. 

Qobil XIDIROV

 

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati