O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

Yalpi majlis videolavhasi (MTRK)

2013-yil 29-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi ish kunini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan amaldagi qonunchilikka rioya qilinishining ahvoli va bu boradagi prokuror nazoratini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risidagi hisobotini tinglashdan boshladilar. Qayd etilganidek, mustaqillik qo‘lga kiritilgan dastlabki kunlardanoq inson huquqlari va erkinliklarini, manfaatlarini ishonchli himoya qilish jamiyat va davlat qurilishining eng muhim ustuvor yo‘nalishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarning, qonun ijodkorligi faoliyatining maqsadi va mazmunidir.

Inson manfaatlari ustuvorligini, shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi mas’uliyatini mustahkamlab qo‘yadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalariga muvofiq, O‘zbekistonda fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha katta huquqiy baza yaratilgan.

Inson huquqlarini himoya qilishning yaxlit tashkiliy-huquqiy mexanizmlari tizimi shakllantirildi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar – Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, “Ijtimoiy fikr” markazi hamda boshqalar tashkil etildi va samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sud hokimiyatini mustahkamlash, sudning mustaqilligini ta’minlash, uni inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyachisi bo‘lib xizmat qiladigan mustaqil davlat institutiga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Dastlabki tergov bosqichida sud nazoratini kuchaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilgan. NNT, boshqa fuqarolik jamiyati institutlari demokratik qadriyatlarni, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim omiliga aylanib bormoqda.

Hisobotda ko‘rsatib o‘tilganidek, sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni liberallashtirish prokuratura organlari faoliyatining mazmuni va shakllarini jiddiy o‘zgartirdi, uning huquqni himoya qilish vazifalarini kuchaytirdi. 2001-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan qonunlar ijrosini nazorat qilishni prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 11-martdagi Farmoniga muvofiq prokuratura organlari tarkibida Fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tuzildi.

“Xabeas-korpus” institutining joriy etilganligi, quyi prokurorlarning dastlabki tergov bosqichidagi bir qator nazorat vakolatlari chiqarib tashlanganligi, Jinoyat kodeksi bir qator moddalarining tergovga taalluqligi o‘zgartirilganligi va boshqa choralar prokuratura organlariga e’tiborni o‘zlarining eng muhim vazifalarini amalga oshirish – inson huquqlari, erkinlik va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash sohasidagi qonunlar ijrosini nazorat qilishga jamlashiga imkon berdi.

Ayni vaqtda, ma’ruzada ko‘rsatib o‘tilganidek, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish sohasida yaratilgan normativ-huquqiy bazani, tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni ro‘yobga chiqarish borasidagi ish shu kunning talablariga hali to‘liq javob bermaydi. Joylarda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonun talablarini mansabdor shaxslar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan inkor etish, fuqarolarning murojaatlari, shikoyatlari yuzasidan choralar ko‘rmaslik, fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy, mehnat va boshqa manfaatlariga daxldor masalalarni hal qilishda suiiste’mollarga yo‘l qo‘yish holatlari mavjud. Bunday kamchiliklar Davarxitektqurilish, Davgeodezerkadastr, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va boshqalarning faoliyatida aniqlangan.

Prokuratura organlari o‘zlarining huquqni himoya qilish vazifalarini amalga oshira borib, qonunlar, shu jumladan, “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash sohasidagi boshqa qonun hujjatlari aniq va bir xilda ijro etilishini nazorat qilish yakunlari bo‘yicha 2012-yilda davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonunchilik talablariga mos bo‘lmagan hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan 1350 ta hujjatiga protest keltirgan. Inson huquqlari bo‘yicha qonun hujjatlarining talablarini inkor etish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rmasdan qoldirish, ular ko‘tarayotgan muammolar bo‘yicha choralar ko‘rmaslik holatlari yuzasidan prokurorlarning qarorlari va taqdimnomalari asosida tegishli mansabdor shaxslar intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan holatlar mavjud. Inson huquqlariga doir qonunlarning mohiyatini aholiga tushuntirish maqsadida 2012-yilda prokuratura organlari tomonidan 125 mingdan ortiq tadbir o‘tkazilgan, ommaviy axborot vositalarida 23 mingdan ortiq chiqish amalga oshirilgan.

Ma’ruzada ko‘rsatib o‘tilganidek, Bosh prokuror tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisga inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonun talablarini buzganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarini javobgarligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasini kiritish mo‘ljallanmoqda.

Muhokamada so‘zga chiqqan senatorlar davlat tuzilmalarining inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish sohasidagi ishini tubdan yaxshilash zarurligini ko‘rsatib o‘tdilar. Bu sohadagi qonunlarni so‘zsiz ijro etish demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning g‘oyat muhim shartidir.

Senatorlar tomonidan prokuratura organlarining fuqarolar huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bayon etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hisobotini muhokama qilish vaqtida qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2012-yildagi faoliyati atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mamlakatda ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini ta’minlashga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012-yil 24-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2011-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi qarorini ro‘yobga chiqarish maqsadida qabul qilingan tadbirlar dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan 12 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha 48 ta tadbirning bajarilishi ta’minlangan. 2008–2012-yillarda O‘zbekiston Respublikasining atrof- muhitni muhofaza qilish ishlari dasturini bajarishga alohida e’tibor berilgan.

Hisobotni muhokama qilish asnosida senatorlar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining faoliyatini yanada takomillashtirish, atrof- muhit va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etish ustidan nazoratni kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rish, shuningdek, ekologik toza va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni amaliyotga kiritish bo‘yicha aniq takliflar va tavsiyalarni bildirdilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2012-yilda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari faoliyatidagi qonuniylikning holati haqidagi axborotini ham tingladilar. Qayd etilganidek, o‘tgan davrda Adliya vazirligi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, ularning qonun ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish borasida muayyan ishlar qilingan.

Chunonchi, 2012-yilda vazirlik tomonidan 20 dan ortiq davlat organi faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi o‘rganilgan. Nazorat tadbirlarini amalga oshirish natijalari bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari tomonidan umummajburiy xususiyatdagi hujjatlarni huquqiy ekspertizadan va Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan qabul qilish, qonun hujjatlari bilan o‘zlariga berilgan vakolatlarni tegishlicha bajarmaslik “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonun talablarini tegishli tarzda ijro etmaslik holatlari aniqlangan.

Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha adliya organlari tomonidan tartibbuzarliklarni, shuningdek, ularni sodir etishga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan 616 ta munosabat chorasi qo‘llanilgan. Manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralariga idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarda aniqlangan kamchiliklarni to‘ldirish va ziddiyatlarni bartaraf etish bo‘yicha 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish taklif qilingan, davlat organlari yuridik xizmatlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Muhokama davomida senatorlar davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari faoliyatida qonuniylikka rioya etilishi ustidan tizimli nazoratni kuchaytirish, shuningdek, ularning norma ijodkorligi sohasidagi va huquqni qo‘llash amaliyotidagi faoliyatini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tarkiblariga o‘zgartishlar kiritish masalalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Senatning ikki kunlik majlisi davomida 17 ta masala, shu jumladan, demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich hamda izchil chuqurlashtirishga va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan 7 ta qonun ko‘rib chiqildi. Qabul qilingan qonun hujjatlarining ro‘yobga chiqarilishi aholi turmush darajasini, mamlakatda barqarorlik va obodlikni yanada oshirishning qudratli omili bo‘ladi.

Shu bilan Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Matbuot xizmati


Videolavha

Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player

top

Chop etilgan sana: 29.03.2013 21:50:11
Yangilangan sana:

Ўзбекча | Русский | English | Español | Arabian

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati