O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

Yalpi majlis haqida videomaterial (MTRK)

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot2013-yil 28-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o‘z ishlarini Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan va bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ikkita O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Chunonchi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahrirda) ko‘rib chiqish vaqtida qonun fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirishga, mahallani aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirishga, shuningdek, davlat organlari faoliyati ustidan jamoat nazoratini amalga oshirish tizimida mahallaning vazifalarini kengaytirishga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qonun bilan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining aholining ijtimoiy nochor qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirishdagi, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari bo‘lgan yoshlar nikohdan o‘tayotganida hamda to‘y tantanalarini o‘tkazayotganida ularga moddiy yordam ko‘rsatish, bolasi ikki yoshga yetmagan, ishlamayotgan onalarga, shuningdek, byudjet tashkilotlarida ishlaydigan onalarga va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nafaqalar tayinlash va to‘lash kabi vakolatlari ancha kengaytirildi.

Fuqarolar yig‘inlarining kengashlariga aholini, shu jumladan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yolg‘iz qolgan keksa fuqarolarni, pensionerlarni va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish, yoshlarga ishga joylashishda ko‘maklashish masalalarida qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda. Senatorlar ushbu qonunni ma’qulladilar.

Senatorlar “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahrirda) muhokama qilar ekanlar, ushbu normativ-huquqiy hujjat fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov tizimini yanada takomillashtirishga qaratilganligini, bu tizim katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan hamda aholining hurmati va ishonchini qozongan munosib fuqarolar raislar va ularning maslahatchilari etib saylanishini, shuningdek, fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovi tizimini yanada demokratlashtirishning ochiqligini ta’minlashini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

Shuningdek, qonun bilan fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar belgilanmoqda, joriy etilayotgan tartibga ko‘ra fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlar o‘z chiqishlarida kelgusidagi faoliyatlari dasturini e’lon qilishlari kerak.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovni tashkil etish va o‘tkazishdagi vakolatlari kengaytirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi saylov o‘tkazishning aniq muddatlarini hamda tayyorgarlik tadbirlarining tartibini belgilaydi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahrirda) ko‘rib chiqdilar. Muhokamada so‘zga chiqqan senatorlar ushbu qonun yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qonunchilik asoslari va huquqni qo‘llash amaliyotini mustahkamlashning, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki, shuningdek, atrof-muhit himoya qilinishini ta’minlashning muhim omili ekanligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Qonunning yangi tahririda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning asosiy prinsiplari, davlat boshqaruvi, bu ishni tashkil etishda jamoatchilikning ishtiroki masalalari aniq tartibga solingan. Yo‘llarning holatiga, faoliyati transport vositalarini ishlatish bilan bog‘liq bo‘lgan yuridik shaxslarga, ularning xodimlarini o‘qitish, malakasini oshirish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va ularning bilimlarini tekshirishga qo‘yiladigan talablar jiddiy o‘zgartirilmoqda, yo‘l harakati qatnashchilarining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

So‘zga chiqqan senatorlar ushbu qonunning asosiy maqsadi Qonunchilik palatasida qonun ijodkorligi jarayonini amalga oshirishning mavjud tartibini yanada takomillashtirishdan, qonun loyihalarini parlament quyi palatasida ko‘rib chiqishda siyosiy partiyalarning fraksiyalari va deputatlar guruhlari ishtirok etishining protsessual mexanizmini takomillashtirishdan iborat ekanligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Ushbu qonunni muhokama qilish vaqida ko‘rsatib o‘tilganidek, qonunning qabul qilinishi, shubhasiz, deputatlarning professional faolligini ham, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlarining qonun loyihalarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashdagi, ularni muhokama qilish va takomillashtirishdagi rolini ham oshiradi. Bu esa qabul qilinayotgan hujjatlarning sifatiga, qonun ijodkorligi jarayonini yanada demokratlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Senatorlarning fikricha, taklif qilinayotgan normalar siyosiy partiyalar fraksiyalarining (deputatlar guruhlarining) palata tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarga qonun loyihasini ko‘rib chiqishning hamma bosqichlarida ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirishga, o‘z siyosiy partiyalarining dasturiy hujjatlariga va saylovchilarining manfaatlariga asoslanib, qonun loyihasi bo‘yicha o‘z nuqtai nazarlarini har tomonlama ishlab chiqish va himoya qilishga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin parlament yuqori palatasining a’zolari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Havo, Jinoyat, Mehnat, Fuqarolik protsessual, Xo‘jalik protsessual, Bojxona, Oila kodekslariga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi, “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va boshqa bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Muhokama vaqtida senatorlar taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini huquqiy muhofaza qilishni kuchaytirishga, sud-huquq tizimini isloh qilishga, shuningdek, oila institutini mustahkamlashga yordam berishini ta’kidladilar.

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida fuqarolik va xo‘jalik ishlari bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomani (Seul, 2012-yil sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ham muhokama qilib, ma’qulladilar.

Senat a’zolari “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012-yildagi faoliyati to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqqach, konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq bir qator muassasalar, vazirliklar va idoralarning 2012-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti va hisobotini tingladilar.

Chunonchi, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2012-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tinglab, tasdiqladilar. Qayd etilganidek, ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi ustidan parlament va jamoat nazoratini kuchaytirish choralarini amalga oshirishga, qonun hujjatlarini, shuningdek, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, himoya qilish va tiklash mexanizmlarini takomillashtirishga yordam berishga qaratildi.

Fuqarolarning huquqiy madaniyatini va huquqiy ongini oshirish, shuningdek, inson huquqlarini va erkinliklarini himoya qilish sohasida davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish va sud tuzilmalari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor berildi.

Hisobot yilida ombudsman tomonidan 20 dan ortiq qonun loyihasi inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilikka, xalqaro standartlarga mosligi jihatidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Mamlakat mintaqalarida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning huquqiy kafolatlarini hamda shart-sharoitlarini ta’minlash ustidan monitoring amalga oshirildi.

Fuqarolarning murojaatlarini elektron pochta orqali qabul qilish amaliyoti kengayib bormoqda. Ombudsman va uning xodimlarining shaxsiy qabulida fuqarolarning 1391 ta murojaati ko‘rib chiqilgan.

Muhokamada senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalarni bayon etdilar.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2012-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tinglab, muhokama qildilar. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati Davlat rahbari tomonidan 2012-yil 19-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2012-yilning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan vazifalar asosida amalga oshirilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

"Byudjet tizimi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq Hisob palatasi tomonidan o‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi auditdan o‘tkazilib, baholandi, 2013-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti loyihasi ekspertiza qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishini va ijro etilishini nazorat qilish, byudjet mablag‘laridan qonuniy va maqsadli foydalanilishini tekshirish asnosida vazirliklar va idoralar faoliyatida aniqlangan kamchiliklar hamda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar bartaraf etildi.

Oliy Majlis Senatining tavsiyalariga muvofiq hisobot davri mobaynida Hisob palatasi tomonidan Buxoro va Xorazm viloyatlarida infratuzilmani, transport va kommunikatsiyalarni rivojlantirishga, namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishiga, shuningdek, qo‘shimcha ish joylari tashkil etishga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish bo‘yicha ish olib borildi.

Senatorlar Hisob palatasining nazorat tadbirlarini kuchaytirish va samaradorligini oshirishga, moliyaviy huquqbuzarliklarni qisqartirish hamda kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga qaratilgan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n birinchi yalpi majlisining birinchi kuni o‘z ishini tamomladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati


Videolavha

Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player

top

Chop etilgan sana: 28.03.2013 23:50:11
Yangilangan sana:

Ўзбекча | Русский | Español | Arabian

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati