O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida

28-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi ochiladi.

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ishchi guruh rahbarining bo‘lajak yalpi majlisni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi axboroti tinglandi.

Senat qo‘mitalarining raislari qo‘mitalarda o‘tkazilgan majlislar va o‘n birinchi yalpi majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonunlar yuzasidan xulosalar hamda boshqa masalalar bo‘yicha qarorlarning loyihalari tayyorligi haqida axborot berdilar, yalpi majlis ishini tashkil etish yuzasidan fikr almashdilar.

Kengash majlisida Senatning bo‘lajak yalpi majlisida 17 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko‘rib chiqilishi nazarda tutilayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kengash a’zolari Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritilayotgan, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida tayyorlangan hamda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilish va liberallashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining muhimligini alohida qayd etdilar.

Bunday qonunlar jumlasiga “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida fuqarolik va xo‘jalik ishlari bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Seul, 2012-yil 20-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek, bir qator boshqa qonunlar kiradi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatlariga kiritilgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati


Chop etilgan sana: 27.03.2013 19:50:11
Yangilangan sana:

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati