O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

 

22.08.2013

2013-yil 23-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Yalpi majlisning ikkinchi kunida senatorlar o‘zlarining konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi F.Mullajonovning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2012-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tingladilar. Qayd etib o‘tilganidek, Markaziy bankning 2012-yildagi faoliyati «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga oshirildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2011-yilning asosiy yakunlari va 2012-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida belgilab berilgan vazifalarni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2011-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida»gi qaroriga, shuningdek, Inqirozga qarshi choralarning 2009-2012-yillarga mo‘ljallangan dasturiga muvofiq amalga oshirildi.

Mamlakat bank tizimi faoliyatining belgilangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida 2012-yilda banklarning barqarorligini yanada mustahkamlashga hamda ular tomonidan yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishilishiga alohida e’tibor berildi. Qo‘yilgan vazifani bajarish bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakat bank tizimida yuqori ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash imkonini berdi. Chunonchi, hisobot yilida bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi umumiy qabul qilingan xalqaro standartlardan 3 baravar yuqori bo‘ldi. Bank tizimining joriy likvidlik darajasi talab qilinadigan eng kam darajadan 2 baravar yuqori bo‘ldi.

Samarali bank nazoratining amalga oshirilishi, aktivlar likvidligi va sifati xalqaro standartlarga muvofiq doimiy monitoring qilinishi O‘zbekistonning tijorat banklariga dunyoning yetakchi reyting agentliklaridan ijobiy baholar olish imkonini berdi. Chunonchi, mamlakatning 28 ta tijorat banki «Standart end Purs», «Mudis» va «Fitch Reytings» reyting agentliklari tomonidan berilgan «barqaror» darajasidagi ijobiy reyting baholariga ega.

Hisobot yilida banklar tomonidan mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishni ta’minlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini hamda yuqori texnologiyaga asoslangan yangi korxonalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2012-yilda iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi oldingi yildagiga qaraganda 30,5 foizga oshdi. Shu bilan birga investitsiya maqsadlariga berilgan kreditlar ulushi 1,3 baravar ko‘paydi. Ichki manbalar hisobidan ajratilgan kreditlar tijorat banklari kredit portfeli umumiy hajmining 85,8 foizini tashkil etdi, muddati uch yildan ortiq bo‘lgan uzoq muddatli qo‘yilmalar esa 30,9 foizga o‘sib, umumiy kredit portfelining 76,8 foizini tashkil qildi.

Muhokama jarayonida tijorat banklari balansiga o‘tkazilgan 120 ta iqtisodiy nochor korxonani sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan samarali ish ishlab chiqarishni qayta tiklashga va bu korxonalarni strategik investorlarga realizatsiya qilishga imkon berganligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu 25 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratish imkonini berdi. Mazkur korxonalar tomonidan jami 494,4 million AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati yanada rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2011-yildagiga nisbatan 1,3 baravar ko‘p kreditlar ajratildi, shu jumladan ajratilgan mikrokreditlar hajmi 1,5 baravar ko‘paydi.

Milliy iqtisodiyotga chet el investitsiyalari va kreditlarini jalb etish maqsadida 2012-yilda banklar tomonidan xalqaro moliya institutlarining 181,7 million AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyalari o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu 2011-yildagiga qaraganda 1,3 baravar ko‘pdir.

Shu bilan birga, senatorlar hisobot yuzasidan o‘z chiqishlarida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining mamlakat bank-moliya tizimi barqarorligini va samaradorligini ta’minlashdagi, shuningdek, «Obod turmush yili» Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni ro‘yobga chiqarishdagi roli va ahamiyatining muhimligiga e’tiborni qaratdilar hamda uning faoliyatining samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ayrim takliflarni bayon qildilar.

Senatorlar mamlakat mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini hal qilishda bank-moliya tizimi sub’ektlarining mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan yanada yaqindan hamkorlik qilishi, bank nazorati tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil ro‘yobga chiqarishni davom ettirish, banklarning resurs bazasini oshirish, yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishlarni, korxonalarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash loyihalarini kreditlash, bank xizmatlarini diversifikatsiyalash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish masalasini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

Senatning ikki kunlik majlisida 9 ta masala, shu jumladan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining qoidalarini izchil ro‘yobga chiqarishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun mumkin qadar qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga, ijtimoiy va sud-huquq sohalaridagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan 4 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Senat tomonidan Tojikiston «Talko» DUK korxonasining ishlab chiqarish faoliyati ekologiyaga va odamlar sog‘lig‘iga ko‘rsatayotgan halokatli ta’sirni bartaraf etish choralari to‘g‘risidagi masalaning ko‘rib chiqilganligi ekologik xavfsizlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, insonning sog‘lom tabiiy muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishda alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishi demokratik ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, aholi turmush darajasini, mamlakatda barqarorlik va farovonlikni oshirishning qudratli omiliga aylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
matbuot xizmati

 

Video

Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player

 

Yangilangan sana:

O'zbekcha | Ўзбекча | Русский | English | Français | Español

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati