O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori


Tojikiston “Talko” DUK korxonasining ishlab chiqarish faoliyati ekologiyaga va odamlar sog‘lig‘iga ko‘rsatayotgan halokatli ta’sirni bartaraf etish choralari to‘g‘risida

O‘zbekiston Oliy Majlisining quyi va yuqori palatalari muhokamasiga mamlakat Ekologik harakati va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim etilgan “Talko” DUK zararli chiqindilarining atrofdagi ekologik muhitga va aholining salomatligiga tobora kuchayib borayotgan salbiy ta’sirini chuqur o‘rganishga doir materiallar ushbu chiqindilar ta’sirini yo‘qotish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish masalasini g‘oyat zarur muammo sifatida kun tartibiga olib chiqmoqda.

Tojikiston Respublikasining Tursunzoda shahrida 1975-yilda qurilgan, ishlab chiqarish texnologiyasi eskirib ketgan, tozalash tizimi samarasiz bo‘lgan alyuminiy korxonasi har yili atmosferaga 22-23 ming tonnaga yaqin ifloslantiruvchi moddalarni, shu jumladan, 200 tonnadan ortiq g‘oyat xavfli hamda odamlar salomatligi va atrof-muhit uchun zararli bo‘lgan ftorli vodorodni chiqarib tashlamoqda. Hozirgi vaqtda “Talko” DUK faoliyati natijasida Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlari hududida atmosfera havosidagi ftorli vodorodning miqdori yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori konsentratsiyadan (YQYuK) o‘rta hisobda 1,8-2 baravar, yoz oylarida esa 3,4 baravar oshib ketmoqda.

Ushbu zararli moddalarning talay qismi havo oqimi bilan tevarak-atrofga, shu jumladan, O‘zbekistonning Denov, Sariosiyo, Uzun va boshqa tumanlari hududiga o‘tib, mintaqaning ming yillar davomida shakllangan ekologik tizimini buzmoqda, shuningdek, bu yerda zich yashayotgan 1 millionga yaqin aholining sog‘lig‘iga o‘nglab bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazmoqda.

Muammoning mohiyati shundaki, tarkibida ftor birikmalari, zaharli gazlar – karbon, oltingugurt oksidlari, uglevodorodlar va boshqa zararli moddalar juda ko‘pligi bilan ajralib turuvchi “Talko” DUKning chiqindilaridan atrofdagi aholi jabr ko‘rmoqda va, birinchi navbatda, surunkali endokrin va suyak-mushak tizimi, yuqori nafas olish yo‘llari kasalliklaridan, tug‘ma anomaliyalar va flyuorozdan, shuningdek, onkologiya kasalliklaridan azob chekmoqda.

Bolalar o‘rtasida patologik kasalliklar ko‘payib borayotganligi, ayniqsa, xavotirga solmoqda. Oxirgi besh yilda Sariosiyo tumanida bolalarning o‘lik tug‘ilishi hollari 7,7 baravar ko‘paygan. Sariosiyo tumanida 175 ming aholining 42 mingdan ko‘prog‘i endokrin kasalliklarga chalingan, Uzun tumanida yashaydigan 150 ming kishining 100 mingga yaqini esa turli o‘ziga xos xastaliklarga duchor bo‘lgan. Umuman olganda, Tojikiston alyuminiy korxonasi chiqindilarining transchegaraviy ta’siriga uchragan tumanlarda bolalarning ham, katta yoshli aholining ham kasallanishi patologik buzilishlarning qaytalanishi jihatidan Surxondaryo viloyatidagi o‘rtacha darajadan 3 baravar yuqori.

Mintaqaning iqtisodiyoti, qishloq xo‘jaligiga juda katta ko‘lamda zarar yetkazilmoqda.

Alyuminiy korxonasining zararli chiqindilari bilan atmosfera, tuproq, suv resurslari ifloslanmoqda. Natijada bog‘lar barbod bo‘lmoqda, sabzavotlar, mevali daraxtlar va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi pasaymoqda. Sariosiyo, Uzun va Denov tumanlari hududida oxirgi 20-yilda sabzavot ekinlarining hosildorligi 27-46 foizga, poliz ekinlarining hosildorligi 24,4 foizga, uzumzorlar hosildorligi 37,8 foizga pasayib ketdi, ushbu mintaqa uchun an’anaviy bo‘lgan pillachilik deyarli barham topdi.

Ftoridlarning sabzavotlar va mevalarda, boshqa o‘simliklarda to‘planishi yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori konsentratsiyadan (YQYuK) 11-19 baravar, bug‘doyda to‘planishi 5-6,5 baravar yuqori. Hayvonlar organizmida o‘nglanmas fiziologik o‘zgarishlar yuz bermoqda – ularning tishlari tushib ketmoqda, ilik suyaklari qiyshayib ketmoqda, bo‘g‘imlar zararlanmoqda, shuning natijasida yirik va mayda mollar bosh soni qisqarmoqda, sog‘ib olinayotgan sut miqdori kamaymoqda, go‘sht-sut mahsulotlarining sifati yomonlashmoqda. Tadqiqotlar natijasida sut tarkibidagi ftor normadan 9-13 baravar, go‘sht tarkibida 10,9 foiz yuqori ekanligi aniqlangan. Bularning barchasi odamlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.

O‘zbekiston Ekologik harakatining baholashicha, “Talko” DUK tomonidan birgina oxirgi 5-yilning o‘zida yetkazilgan umumiy iqtisodiy zarar 447,3 million AQSh dollarini tashkil etadi. Shu bilan birga, alyuminiy korxonasining deyarli 40-yillik faoliyati davomida mintaqa iqtisodiyotiga, odamlar sog‘lig‘iga va atrof-muhitga yetkazilgan haqiqiy zararni aniqlashning imkoni yo‘q.

Shuni qayd etish kerakki, O‘zbekiston tomoni doimiy ravishda murojaat qilayotgan bo‘lishiga qaramay, Tojikiston tomonidan xalqaro huquqiy hujjatlarning talablari, shu jumladan, Atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha deklaratsiyaning (Rio-de-Janeyro, 1992-yil 14-iyun) qoidalari, shuningdek, ikki tomonlama bitimlar doirasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlar bajarilmayotir.

Chunonchi, O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlari deputatlik guruhlari qo‘shma majlisining 1991-yilda qabul qilingan qarori bajarilmay qolib ketdi. Bu qarorga muvofiq zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini qisqartirish, shu jumladan, 100 ta elektrolizer ishini to‘xtatish, “ekologik noxushlik o‘chog‘ini zararsiz ishlab chiqarishga aylantirishi hamda ikkala respublika aholisini, Surxon va Hisor vohalarida istiqomat qilayotgan millatlar vakillarini ekologik halokatdan asrab qolishi” kerak bo‘lgan boshqa tadbirlarni ro‘yobga chiqarish nazarda tutilgan edi.

1994-yil 17-noyabrdagi “Tojikiston alyuminiy zavodining salbiy ta’sir zonasidagi ekologik vaziyatni yaxshilashda hamkorlik qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo Bitimi ham bajarilmay qolib ketdi.

Mustaqil ekspertlar, xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkilotlarining xulosasiga ko‘ra, mintaqada ekologik vaziyat yomonlashib borayotganligi jiddiy tashvish tug‘dirmoqda.

Ayni paytda atrof-muhitni ifloslantirib, mintaqadagi ekologik vaziyatni mushkullashtirishga chek qo‘yishga doir zarur choralar qabul qilishga chaqirayotgan xalqaro jamoatchilik, xalqaro ekologik tashkilotlarning talablari butunlay e’tiborga olinmayotir. Chunonchi, “Talko” DUK transchegaraviy chiqindilari Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlari atrof-muhitiga va aholisi sog‘lig‘iga halokatli ta’sir ko‘rsatayotganligi tufayli vujudga kelgan ekologik vaziyat munosabati bilan ushbu masalani o‘z majlisida ko‘rib chiqqan Belgiya parlamentining a’zolari, Latviya parlamentining deputatlari, BMT atrof-muhit bo‘yicha dasturining (YuNEP), Yevropa va Osiyodagi bir qator ekologik jamoat tashkilotlarining ekspertlari salbiy fikr bildirdilar.

2012-yilda Jahon banki shafeligida o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvlarining materiallari “Talko” DUK asosiy ishlab chiqarish texnikasining resurslari tugaganligidan, uskunalarning tabiiy ravishda jismonan eskirishi yuz berganligidan, asosiy ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish tugallanmaganligidan, shu tariqa uning xavfsizligi va ekologik jihatdan tozaligi ta’minlanmaganligidan dalolat beradi.

Xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning mintaqada ekologik vaziyat yomonlashib borayotganligi haqidagi ko‘p sonli xulosalariga qaramay, Tojikiston tomonidan turli darajalarda taqdim etilayotgan materiallarda, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining murojaatiga Tojikiston parlamenti quyi palatasi – Majlisi namoyandagon Majlisi Oli rahbariyatining 2013-yil 10-iyundagi javobida ekologiya sohasida vujudga kelayotgan vaziyat hamda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha og‘irlashib borayotgan ahvol inkor etiladi. Ayni vaqtda mustaqil ekspertlarning materiallarida qayd etilayotgan amaldagi holat, shuningdek, Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining epidemiologiya va gigiyena ilmiy-tadqiqot instituti hamda profilaktik tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti kabi Tojikistonning nufuzli institutlari tomonidan olib borilgan izlanishlar “Talko” DUK chiqindilarining ta’sir zonasida vaziyat og‘irlashib borayotganligidan dalolat beradi. Xususan, Tojikistonning Tursunzoda tumani, Hisor vodiysidagi tekshiruvdan o‘tgan katta yoshli aholining umumiy kasallanishi, shuningdek, bolalarda flyuoroz tarqalishi, aholi punkti “Talko” DUKdan qay darajada uzoqdaligiga qarab 2001-yil holatiga ko‘ra, 46 foizdan 16,1 foizgacha o‘zgaradi. Tojikistonning Tursunzoda tumanida bolalardagi tug‘ma anomaliyalar boshqa hududlardagiga qaraganda uch baravar ko‘p uchraydi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, tobora og‘irlashib borayotgan, Tojikistonning ham, O‘zbekistonning ham ekologiyasi va aholisi sog‘lig‘iga katta zarar yetkazayotgan shunday keng ko‘lamli muammoga bunday munosabatni normal deb hisoblash mumkin emas.

“Talko” DUK sanoat chiqindilarining halokatli ta’sirini kamaytirish maqsadida O‘zbekistonda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2010-2012-yillar davrida Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo, Uzun va Oltinsoy tumanlarida eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan bir qator ko‘p tarmoqli tuman poliklinikalari va davolash-profilaktika muassasalari foydalanishga topshirildi, 54 ta qishloq vrachlik punkti (QVP) tashkil etildi. Ushbu masalalarni hal qilishda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 2013-2017-yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha harakat dasturi katta ahamiyatga ega.

“Talko” DUK ishlab chiqarish faoliyati tufayli og‘ir surunkali va patologik kasalliklardan, ekologik muhitning o‘nglab bo‘lmas darajada o‘zgarishlaridan jafo chekayotgan odamlarning sog‘lig‘iga va aholi genofondiga yetkazilayotgan juda katta zararning ko‘lami tobora kengayib borayotganligidan qattiq tashvish bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari quyidagilarni kechiktirib bo‘lmaydi, deb hisoblaydilar:

Birinchidan, O‘zbekiston hududi doirasida “Talko” DUK chiqindilarining odamlar sog‘lig‘iga va tabiiy muhitga salbiy ta’sirini bartaraf etish hamda kamaytirish, mintaqada ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha o‘zimizga bog‘liq bo‘lgan hamma choralarni ko‘rish, buning uchun zarur tashkiliy-huquqiy normalar, resurslar va imkoniyatlarni safarbar qilish.

Ikkinchidan, barcha manfaatdor xalqaro ekologik tashkilotlar, BMT tuzilmalari, parlamentlar, hukumatlar va xalqaro jamoatchilikning e’tiborini “Talko” DUKning faoliyat zonasidagi tobora og‘irlashib borayotgan ekologik halokatni bartaraf etishga, ushbu zararli hamda odamlar sog‘lig‘i va atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan korxonaning faoliyat sohasini o‘zgartirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga qaratish.

Uchinchidan, biz ishonamizki, vujudga kelgan ahvoldan qutilish yo‘li bo‘lishi kerak va u albatta topiladi. Transchegaraviy ifloslantirish muammolari xalqaro huquqning umumqabul qilingan prinsiplari va normalarini, xalqaro huquqiy hujjatlar, BMT tegishli qarorlarining inson salomatligini, uning toza atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini himoya qilishga yo‘naltirilgan qoidalarini hisobga olgan holda hal qilinishi mumkin va kerak.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Tojikistondagi yuz minglab aholining hayoti va sog‘lig‘i, ushbu mintaqada yashaydigan va mehnat qiladigan kelgusi avlodlarning taqdiri mazkur masalalarning tezroq hal qilinishiga bog‘liq.

Ushbu qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov

Toshkent shahri,
2013-yil 22-avgust

Yangilangan sana:

O'zbekcha | Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati