O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida

 

22.08.2013

Atrof-muhitning transchegaraviy ifloslanish muammolari va ularni hal etish yo‘llari

Toshkentda 20-21-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Tojikiston “Talko” davlat unitar korxonasining ishlab chiqarish faoliyati ekologiyaga va odamlar sog‘lig‘iga ko‘rsatayotgan halokatli ta’sirni bartaraf etish choralari” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik harakati Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Yevropa, Amerika va Osiyo davlatlaridan parlament a’zolari, jumladan, Tojikiston parlamenti deputatlari, tadqiqotchilar, ekspertlar, BMT Taraqqiyot dasturi va YeXHT kabi xalqaro tashkilotlar, mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi I.Sobirov seminarni ochar ekan, mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kuchli ijtimoiy siyosat amalga oshirilayotgani, inson huquq va manfaatlari, jumladan, sog‘lom hamda qulay atrof-muhitda yashash huquqini ta’minlash ushbu siyosatning ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash uchun izchil institutsional va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan hamda tegishli xalqaro normalarga mos huquqiy baza yaratilgan. Mamlakatimiz BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror taraqqiyot sohasidagi eng muhim konvensiyalari hamda boshqa xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilib, zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarib kelmoqda. Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilikni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilgan, maqsadli davlat dasturlari, milliy harakat rejalari hayotga tatbiq etilayotir. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim qismi bo‘lgan ushbu xayrli ishlarda jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.

Amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli va izchil chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda istiqlol yillarida atmosferaga zararli moddalarni chiqarish 2 barobar, ifloslangan oqova suvlarni oqizish 2,2 barobar kamaytirildi. So‘nggi bir necha yilda qishloq xo‘jaligida pestitsidlardan foydalanish 5 barobar qisqartirildi, sanoat korxonalarida ekologik xavfsiz texnologiyalar keng joriy etilayotir, ishlab chiqarish chiqindilari chuqur qayta ishlanib, tozalash qurilmalari modernizatsiya qilinmoqda. Bu esa nafaqat ekologik, balki katta iqtisodiy samaralar berayotir.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov o‘z ma’ruzasida ta’kidlaganidek, O‘rta Osiyoda, jumladan, mamlakatimizda qator jiddiy transchegaraviy ekologik muammolar mavjud.

Tojikistondagi “Talko” DUK alyuminiy korxonasining zaharli ishlab chiqarish chiqindilarining O‘zbekiston va Tojikistonning mazkur korxona yaqinida joylashgan tumanlari aholisi salomatligi hamda ekologiyasiga halokatli ta’sir ko‘rsatayotgani ham shunday keskin muammolar sirasiga kiradi. Ekologik me’yorlarga rioya etilmasdan, qoloq texnologiyalar asosida qurilgan mazkur zavod faoliyati mintaqada ming yillar davomida shakllangan ekotizim buzilishiga, aholi genofondi, o‘simlik va hayvonot olami uchun katta xavf tug‘ilishiga sabab bo‘layotir.

Muammoning mohiyati shundaki, “Talko” DUKning ftor aralashmasi, zaharli gazlar – uglerod, oltingugurt, uglevodorodlar oksidlari va boshqa zararli moddalarning ko‘pligi bilan ajralib turadigan tashlanmalari hudud aholisiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ular, birinchi navbatda, surunkali endokrin va suyak-mushak tizimi, yuqori nafas olish yo‘llari, tug‘ma anomaliya va flyuoroz, shuningdek, onkologiya kasalliklaridan aziyat chekmoqda.

Seminar qatnashchilari tadbir arafasida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Denov, Uzun va boshqa tumanlarida bo‘lib, “Talko” DUK faoliyati tabiiy muhit va odamlar salomatligiga qanchalik katta zarar yetkazayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ishonch hosil qildilar.

Atrof-muhitni o‘rganish instituti direktori Maykl Edelshteyn (AQSh) shunday dedi: “Bizda “Talko” DUKning butun faoliyati davomida atrof-muhitga yetkazgan zararini o‘rganish natijalari bor. Surxondaryo viloyatining eng ko‘p zarar ko‘rgan tumanlari aholisi ana shunday og‘ir mashaqqatni boshidan kechirmoqda, ular mazkur ekologik vaziyatning qurbonlari va mahkumlariga aylangan. Korxona quvurlaridan chiqayotgan zaharli tutun O‘zbekiston tomon esayotganini ko‘rdik, odamlarga, tabiat va iqtisodiyotga qanday zarar yetkazayotganiga ishonch hosil qildik. Mazkur hududdan uzoqda yashab, bu yerda aholi qanday kun kechirayotgani va nimalarni boshidan o‘tkazayotganini tasavvur qilish qiyin. Ular nafas olayotgan havo, ichayotgan suv, shu yerda yetishtirilgan va iste’mol qilinayotgan non zaharli moddalar bilan zararlangan. Biroq, mazkur korxona faoliyatidan foyda ko‘rayotganlar bularning barchasini hamon inkor etib kelmoqda. Biz vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishimiz va buning uchun zarur choralarni ko‘rishimiz shart”.

“Bugun Yer yuzida sodir bo‘layotgan ko‘plab falokat va tabiat injiqliklari inson faoliyati bilan bog‘liq, – deydi Vageningen universiteti professori, iqlim o‘zgarishi sohasidagi tadqiqotlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Rik Limans (Gollandiya). – Barqaror rivojlanish masalalari g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun yaqin yillar ichida atmosferaga chiqarilayotgan tashlanmalar miqdorini 90 foizga kamaytirishimiz darkor. “Talko”ning odamlar salomatligi, hayvonlar va o‘simliklar, jumladan, qishloq xo‘jaligi ekinlari mahsuldorligi, demak, mintaqa taraqqiyotiga o‘ta xavfli ta’sir ko‘rsatayotgan gazsimon chiqindilari ham jiddiy muammolardandir. Samarasiz va eskirgan tozalash uskunalariga ega “Talko” DUK har yili atmosferaga qariyb 22-23 ming tonna zaharli moddalar, jumladan, odamlar salomatligi hamda atrof-muhit uchun o‘ta xavfli 200 tonnadan ziyod ftorli vodorod chiqarmoqda. Shu bois biz barcha manfaatdor tomonlar, mustaqil ekspertlar, olimlar ishtirokida mahalliy va mintaqaviy tadqiqotlarni o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, bu borada samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish kerak. Toshkentda o‘tgan mazkur xalqaro seminar bunga yaxshi misol bo‘la oladi. Shundagina muammoning maqbul yechimini topish mumkin”.

Xalqaro seminar qatnashchilari Tojikistondagi “Talko” DUK korxonasining ishlab chiqarish faoliyati natijasida atrof-muhitning transchegaraviy ifloslanish muammosini har tomonlama muhokama etib, O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi shimoliy tumanlar va Tojikistonning Tursunzoda tumanida mazkur korxonaning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga halokatli ta’siri tufayli yuzaga kelgan vaziyat tobora murakkablashib, keskin tus olayotganini alohida ta’kidladi. Atmosfera ifloslanishiga sabab bo‘layotgan ushbu muammoni bartaraf qilishga doir qat’iy choralar ko‘rilmasa, bu yerda yashayotgan bir milliondan ortiq aholining hayoti uchun o‘nglab bo‘lmas oqibatlar kelib chiqishi mumkinligi qayd etildi.

Seminar qatnashchilari atmosfera, suv resurslari, tuproqda ftorli vodorod hamda “Talko” DUK chiqarayotgan boshqa zaharli moddalar miqdori oshib ketayotgani oqibatida turli kasalliklar ko‘payib borayotgani, ayniqsa, chaqaloqlar o‘lik tug‘ilayotgani alohida tashvish tug‘dirayotganini qayd etdi. Ushbu zaharli moddalarning transchegaraviy ta’sirida qolgan tumanlarda bolalar va katta yoshli aholining patologik buzilishlar takrorlanishi bo‘yicha kasallanish darajasi Surxondaryo viloyatidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3 barobar yuqoridir.

“Alyuminiy ishlab chiqarish zararli texnologiyalar sirasiga kiradi, – dedi “Shindong resorsez” kompaniyasi prezidenti Kim Yong Gu (Koreya Respublikasi). – “Talko” katta miqdorda energiya iste’mol qilib, atrof-muhitni o‘ta xavfli moddalar bilan zaharlamoqda. O‘tgan asrning 50-60-yillarida Koreya Respublikasi ham shunday muammoga duch kelgan edi. Muammoni hal etish uchun barcha choralarni ko‘rdik, ya’ni samarali tozalash inshootlari qurildi, tegishli uskunalar o‘rnatildi, ekologik nuqtai nazardan xavfsiz texnologiyalarga o‘tildi. Menimcha, Tojikiston alyuminiy korxonasi bilan bog‘liq mazkur vaziyatda ham shunday yo‘l tutish lozim. Zero, inson hayoti va salomatligini hech qanday foyda bilan taqqoslab bo‘lmaydi”.

Hudud iqtisodiyotiga, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohasiga ham katta zarar yetkazilmoqda. Qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligi pasaymoqda. O‘simliklar, ozuqa ekinlarida ftor miqdori ko‘pligi sababli hayvonlar organizmida ham o‘nglab bo‘lmas fiziologik o‘zgarishlar ro‘y berayotir. Chorva mollari soni, sut sog‘ish hajmi kamayib bormoqda, go‘sht va sut mahsulotlari sifati yomonlashmoqda. Olib borilgan tadqiqotlarda sutda ftor miqdorining normasi 9-13 barobar ko‘pligi aniqlangan. Bularning barchasi odamlar hayoti va salomatligiga jiddiy xavf solmoqda.

Ekspertlarning fikricha, “Talko” DUK tomonidan yetkazilgan iqtisodiy zarar yuz millionlab AQSh dollarini tashkil qiladi. Seminar qatnashchilari o‘z chiqishlarida korxona tabiat va odamlar salomatligiga yetkazgan katta zararni baholab bo‘lmasligini qayd etdi.

Chet ellik mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, korxonada asosiy ishlab chiqarish texnikasi resurslari tugagan va ishlab chiqarishning ekologik xavfsizligi ta’minlanmayotir. Ekologik vaziyat tobora yomonlashib borayotganiga qaramay, “Talko” DUK ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishning oldini oladigan zamonaviy tozalash qurilmalari bilan jihozlash uchun zarur tashkiliy-texnik va tabiatni muhofaza qilish choralarini ko‘rmayapti.

“Uch yil avval Surxondaryo viloyatiga borganimizda “Talko” chiqarayotgan zararli moddalar ta’sirida bog‘lar, uzumzorlar nobud bo‘layotgani, bolalar kasallikka chalinayotganining guvohi bo‘lgan edik, – dedi Yevropa tarixiy mintaqalari ittifoqi raisi Vittorio Jorji (Italiya). – Yetkazilayotgan zarar miqdori yildan-yilga ortib bormoqda. Ilgari iqtisodiyotning rivojlanishi natijasida ekologiya ifloslanishidan odamlar, atrof-muhit zararlanganini ko‘rmaganman. Bu haqda Italiya va boshqa mamlakatlar matbuotida chop etilgan maqolamda hikoya qilingan. Xalqaro huquq iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishni ta’minlash vositalarini va shu bilan birga, bugungi hamda ertangi avlodga qulay muhitda yashash imkoniyatini beradi. Xalqaro hamjamiyat umumqabul qilingan normalarni buzganlar o‘z qilmishi uchun javob berishini ta’minlash borasida muayyan resurslarga ega. “Talko”ning atrof-muhitni zaharlayotganini ko‘ra-bila turib, buni tan olmaslik mumkinmi!? Ko‘p yillar mobaynida yetkazilgan zarar o‘rnini kim qoplaydi? Muammo odamlar manfaatlari inobatga olingan holda hal etilishi kerak. Menimcha, mustaqil ekspertlardan iborat xalqaro komissiya tuzish va olingan natijalar bilan xalqaro sudga murojaat qilish muammoni hal etish yo‘llaridan biridir”.

Seminarda qatnashgan chet ellik ekspertlar “Talko” DUK ishlab chiqarish chiqindilarining salbiy ta’sirini kamaytirishga doir tegishli choralar ko‘rilmayotgani, ko‘plab xalqaro huquqiy hujjatlar, xususan, 1992-yil Rio-de-Janeyroda qabul qilingan Atrof-muhit va rivojlanish deklaratsiyasi hamda 1982-yilda qabul qilingan Butunjahon tabiat xartiyasi normalari buzilayotganini alohida ta’kidladi. 1994-yil 17-noyabrda imzolangan Tojikiston alyuminiy zavodining salbiy ta’siri zonasida ekologik ahvolni yaxshilash bo‘yicha hamkorlikka oid O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo bitimi ham amalda bajarilmayotir.

Bundan tashqari, xalqaro ekologiya tashkilotlari, O‘zbekistonning davlat va jamoat tuzilmalari, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Ekologik harakatining xulosa va murojaatlari, Surxondaryo viloyati aholisining murojaatlariga qaramay, Tojikiston tomonidan taqdim etilayotgan materiallarda alyuminiy korxonasi ishlab chiqarish faoliyatining mintaqadagi ekologik vaziyat va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, atrof-muhitga zarar yetkazishga barham berish choralarini ko‘rish zarurligi inkor etilmoqda.

Texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Brandenburg instituti prezidenti Edgar Klozening (Germaniya) fikricha, “shuncha odamning bitta korxona faoliyati tufayli aziyat chekishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Korxonaning zararli ta’sir ko‘rsatayotgani va ushbu dolzarb muammoni hal etish zarurligini ikkinchi tomon tan olishi shart. Faqat shundagina mintaqada, birinchi galda, O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati tumanlarida yuzaga kelgan keskin ekologik ahvolni yumshatish uchun emas, balki uni butkul yaxshi tomonga to‘liq o‘zgartirish bo‘yicha samarali choralarni ko‘rish mumkin. Zero, hatto bir bola, bir odamning jabr ko‘rishi ham katta fojiadir. Ushbu tumanlarda esa yuz minglab odamlar yashaydi. Shu sababli mazkur korxonaning ekologiya va aholi salomatligiga yetkazayotgan halokatli ta’siriga zudlik bilan barham berish choralarini ko‘rish zarur, deb hisoblayman”.

Uch kun davom etgan xalqaro seminarda bildirilgan fikrlarni umumlashtirish va kelingan xulosalar asosida tadbir ishtirokchilari tegishli tavsiyalarni qabul qildi. Ularda “Talko” DUKda ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, uning atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaydigan tabiatni muhofaza qilishga oid boshqa chora-tadbirlarni zudlik bilan o‘tkazishning muhimligi alohida qayd etilgan. Seminar qatnashchilarining xalqaro ekologiya tashkilotlari, BMT tuzilmalari, jumladan, YuNEP, YuNISEF va boshqa tashkilotlar, mamlakatlar parlamentlari va hukumatlari, xalqaro jamoatchilik mintaqada ekologik barqarorlikni mustahkamlashga ko‘maklashish, “Talko” DUKning halokatli ta’siri zonasida yashayotgan aholi salomatligini saqlash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishi uchun ushbu muammoga ularning e’tiborini jalb qilish zarur, degan fikri ta’kidlangan.

Shuningdek, xalqaro huquqning umumqabul qilingan prinsip va normalari, xalqaro huquqqa oid hujjatlar, BMTning inson salomatligi, uning xavfsiz atrof-muhitda yashash huquqini himoya qilishga qaratilgan muhim hujjatlari e’tiborga olingan holda, mazkur korxona chiqarayotgan zaharli moddalarning salbiy transchegaraviy ta’sirini bartaraf etish yo‘llarini topish uchun xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston jamoatchiligining sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonda “Talko” chiqarayotgan zaharli moddalarning mintaqa tabiiy muhiti va aholi salomatligiga halokatli ta’sirini kamaytirish maqsadida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. 2010-2012-yillarda Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo, Uzun va Oltinsoy tumanlarida ko‘plab ko‘p tarmoqli tuman poliklinikalari va davolash-profilaktika muassasalari, ellikdan ortiq qishloq vrachlik punkti barpo etildi. Ularning hammasi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Mamlakatimiz hukumati tomonidan qabul qilingan 2013-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi atrof-muhitini muhofaza qilish bo‘yicha harakat dasturining amalga oshirilishi ham salmoqli natijalar bermoqda.

Xalqaro seminar qatnashchilari BMT muassasalari, mamlakatlar hukumatlari va xalqaro ekologik tashkilotlarni O‘zbekiston Respublikasining, xususan, parlamenti, Ekologik harakati, keng jamoatchilikning “Talko” DUK ishlab chiqarish faoliyatining ekologiya hamda odamlar salomatligiga halokatli ta’sirini bartaraf etishga doir sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga da’vat etdi.

O‘zA, Anna Ivanova

Video

Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player

***

So‘z – xalqaro forum ishtirokchilariga

Eva Viyetsma, Vageningen universitetining suv va iqlim muammolari bo‘yicha xalqaro markazi loyiha rahbari, professor (Gollandiya):

– Bundan uch yil avval Tojikiston alyuminiy zavodining O‘zbekistonning Sariosiyo va Uzun tumanlariga yetkazayotgan zarariga bevosita guvoh bo‘lgan va juda achingan edim. Bu gal ham mazkur hudud sharoiti bilan tanishib, ushbu zavodning O‘zbekistonning ayrim tumanlariga yetkazayotgan zararini ko‘rib, butun vujudimni titroq bosdi. Zavod chiqarayotgan zaharli chiqindilar odamlarning umrini xazon qilmoqda, o‘simlik va hayvonot nobud bo‘layotir. So‘nggi besh yilda birgina Sariosiyo tumanida o‘lik tug‘ilgan chaqaloqlar soni 7,7 barobar ko‘paygan. Bunday vaziyatga endi aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu kabi muammolarni zudlik bilan hal etish zarur. Biz korxonani qayta ixtisoslashtirish, eskirgan uskunalarni modernizatsiya qilish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga erishmog‘imiz lozim. Buning uchun allaqachon eskirgan texnologiyalarni ekologik toza texnologiyalar bilan yangilash zarur. Bu nafaqat bir mamlakat, balki butun Markaziy Osiyoning muammosidir. Shu bois mintaqadagi barcha mamlakatlar va xalqaro hamjamiyat o‘zaro hamkorlikda bu murakkab vaziyatdan chiqish yo‘lini topmog‘i darkor.

Aleksandr Sakovskis, Latviya parlamenti deputati, “Kelishuv markazi” fraksiyasi va Yevropa Parlament Assambleyasi kengashidagi Latviya delegatsiyasining a’zosi (Latviya):

– Bunday ayanchli fojiaga ilk bor guvoh bo‘lib turibman. “Talko” alyuminiy zavodining O‘zbekistondagi ayrim hududlar aholisiga, ayniqsa, bolalar salomatligiga jiddiy zarar yetkazayotgani juda achinarli. Zavoddan chiqayotgan zaharli gazlar ta’sirida bolalarning nogiron bo‘lib dunyoga kelishi, xotirasining zaiflashishi, shuningdek, aholining kamqonlik, saraton va jigar serrozi kabi dardlarga chalinishi, o‘lim ko‘rsatkichining oshishi g‘oyat tashvishli holdir. "Talko" DUKda alyuminiy ishlab chiqarishda foydalanilayotgan eski texnologiyalar Yevropadagi shunday ishlab chiqarish texnologiyalariga mutlaqo mos kelmaydi. Alyuminiy ishlab chiqarishdan olingan daromadni inson hayoti bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Biz mazkur muammoni hal etishda yordam berishimiz va buning uchun barcha xalqaro huquq mexanizmlarini ishga solish, jahon, xususan, Yevropa hamjamiyatiga murojaat qilish zarur. Tojikiston alyuminiy zavodining ko‘rsatayotgan zararli ta’sirini bartaraf etish nafaqat O‘zbekistonning, balki butun mintaqa, hatto dunyoning dolzarb muammosidir. Jahon hamjamiyati bir yoqadan bosh chiqarib, izchil tashabbus ko‘rsatgan holda zudlik bilan bu muammolarning samarali yechimini topishi kerak. Mazkur xalqaro seminar bu borada o‘zining ijobiy natijasini beradi, degan umiddaman.

Takexisa Matsukava, “Juntedo” universitetining epidemiologiya va atrof-muhit fakulteti professori (Yaponiya):

– Ekologik muammolar chegara bilmaydi, mamlakat tanlamaydi. Tojikiston alyuminiy zavodidan chiqayotgan zaharli moddalar O‘zbekistonning ayrim tumanlarida ekologik muvozanatni izdan chiqarayotganiga guvoh bo‘ldik. Bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ekologik muammolarning oldini olish va atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishda o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikda ish yuritish taqozo etiladi.

Sariosiyo tumanidagi ekologik vaziyatni ko‘zdan kechirar ekanmiz, Tojikiston alyuminiy zavodi quvurlaridan chiqayotgan zaharli tutun O‘zbekiston tomonga kelayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Ushbu zaharli moddalar ta’siridan aziyat chekayotgan tumanlarning bir millionga yaqin aholisi salomatligiga muntazam va jiddiy ziyon yetayotir. Shuningdek, uning qishloq xo‘jaligi taraqqiyotiga, xususan, chorvachilik va bog‘dorchilikka katta zarar yetkazgani ham ayanchlidir. Bu mazkur hududni iqtisodiy tanazzulga olib kelishi mumkin. Bularning barchasiga ushbu zavoddagi texnologiyalarning juda eskirib ketgani sabab bo‘lmoqda. Alyuminiy korxonasining ishlab chiqarish texnologiyalari zudlik bilan modernizatsiya qilinishi zarur. Bu atrof-muhitga yetkazilayotgan halokatli zararni muayyan miqdorda kamaytirish imkonini beradi. Yaponiya bu borada katta tajribaga ega va O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda Tojikiston alyuminiy korxonasi chiqindilarining salbiy ta’siriga duchor bo‘lgan odamlarga antropogen ta’sirni kamaytirishga qaratilgan loyihani ishlab chiqish hamda amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqish, buning uchun universitetimizning yetakchi mutaxassislarini, Yaponiyaning yirik jamg‘armalari mablag‘larini jalb etishga tayyormiz. Xalqaro hamjamiyat o‘z e’tiborini ushbu mintaqada yuzaga kelgan ekologik muammoni hal etish yo‘llarini topishga qaratishi darkor.

Jon Veyverli, Buyuk Britaniya parlamentining lordlar palatasi a’zosi, “Britaniya-O‘zbekiston” umumpartiya parlament guruhi raisi (Buyuk Britaniya):

– Mazkur xalqaro seminar doirasida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va boshqa tumanlarida yuzaga kelgan ekologik vaziyatni bevosita o‘zimiz kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ushbu tumanlar aholisi "Talko" DUK faoliyati oqibatida jiddiy aziyat chekmoqda. O‘zbekiston tomon esayotgan havo oqimi o‘ta zaharli kimyoviy moddalarni olib kelmoqda. Bu esa ekologik muvozanat buzilishi, havoning ifloslanishi, ekinlar hosildorligining kamayishi va chorvachilik unumdorligining pasayishiga sabab bo‘layotir.

Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ushbu tumanlar aholisining turmush sharoitini yaxshilash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga amin bo‘ldik. Biroq bu vaziyatni batamom barqarorlashtirish, ko‘p yillardan buyon mahalliy aholini qiynab kelayotgan mazkur jiddiy muammoni to‘la-to‘kis hal etish faqat O‘zbekistonning o‘zigagina bog‘liq emas. Ushbu holatga befarq qarab bo‘lmaydi. Mazkur muammoni allaqachon hamjihatlikda hal etish zarur edi. Shu bois O‘zbekistonning ushbu masalani ijobiy hal qilish, uning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida jahon hamjamiyati diqqat-e’tiborini mazkur masala yechimiga qaratish borasidagi sa’y-harakatlari eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Dide Shade, Yevropa bo‘yicha prognoz va xavfsizlik masalalari tahlil instituti tadqiqotchisi (Fransiya):

– Tojikiston alyuminiy zavodi ta’sirida O‘zbekistonning Sariosiyo va boshqa tumanlarida vujudga kelgan ayanchli holat bilan tanishib, juda achindim. Bunday muammoga bee’tibor va befarq qarab bo‘lmaydi. Mamlakatingiz rahbariyati ahvolni yaxshilash uchun ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirayotganining guvohi bo‘ldik. Biroq uzoq yillik bu muammoni bartaraf etish birgina O‘zbekistonga bog‘liq emas. Shu bois jahon hamjamiyati birlashgan holda, ushbu muammoning maqbul yechimini topishi lozim. Hech bir mamlakat o‘z foydasi va manfaatini ko‘zlab, boshqa bir mamlakat taraqqiyotining izdan chiqishiga sababchi bo‘lishga haqqi yo‘q.

Denov, Sariosiyo, Uzun va boshqa tumanlar ekologiyasini yaxshilash, atrof-muhitga yetkazilayotgan ziyonni kamaytirish, aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston amalga oshirayotgan islohotlar, ilgari surayotgan tashabbuslar hamda xalqaro hamjamiyatni jalb etish borasidagi ishlar yuksak e’tirof va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga munosibdir.

O‘zA, Iroda Umarova, Nodira Manzurova, Xolmo‘min Mamatrayimov

Yangilangan sana:

O'zbekcha | Ўзбекча | Русский | English | Français | Español

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati