O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

 

22.08.2013

2013-yil 22-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi ochildi. Unda yalpi majlisga taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining a’zolari, vazirliklar va idoralarning rahbarlari, jamoat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o‘z ishlarini Oliy Majlisning yuqori palatasi muhokamasiga mamlakat Ekologik harakati va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida “Tojikiston “Talko” DUK korxonasining ishlab chiqarish faoliyati ekologiyaga va odamlar sog‘lig‘iga ko‘rsatayotgan halokatli ta’sirni bartaraf etish choralari to‘g‘risida”gi masalani muhokama qilishdan boshladilar.

Muhokamalar davomida qayd etilganidek, Tojikiston Respublikasining Tursunzoda shahrida 1975-yilda qurilgan, ishlab chiqarish texnologiyasi eskirib ketgan, tozalash tizimi samarasiz bo‘lgan alyuminiy korxonasi har yili atmosferaga 22-23 ming tonnaga yaqin ifloslantiruvchi moddalarni, shu jumladan, 200 tonnadan ortiq g‘oyat xavfli hamda odamlar sog‘lig‘i va atrof- muhit uchun zararli bo‘lgan ftorli vodorodni chiqarib tashlamoqda. Ushbu zararli moddalarning talay qismini havo oqimi “Talko” DUKning atrofidagi Tojikiston hududiga va O‘zbekistonning chegaraoldi hududiga, shu jumladan, Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo, Uzun va boshqa tumanlariga olib o‘tmoqda. Hozirgi vaqtda “Talko” DUK faoliyati natijasida Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlari hududida atmosfera havosidagi ftorli vodorodning miqdori yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori konsentratsiyadan o‘rta hisobda 1,8-2 baravar, yoz oylarida esa 3,4 baravar oshib ketmoqda.

Senat majlisida ko‘rsatib o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlarida va Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida vujudga kelayotgan ekologik vaziyat Tojikiston alyuminiy korxonasining halokatli ta’siri natijasida tobora og‘irlashib, mintaqaning ming yillar davomida shakllangan ekologik tizimini buzmoqda.

So‘zga chiquvchilar tomonidan ta’kidlanganidek, tarkibida zaharli gazlar – karbon, oltingugurt oksidlari, uglevodorodlar va boshqa zararli moddalar juda ko‘pligi bilan ajralib turuvchi “Talko” DUKning chiqindilari eng avvalo bu yerda zich yashayotgan bir millionga yaqin aholining sog‘lig‘iga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. Surunkali endokrin va suyak-mushak tizimi, yuqori nafas olish yo‘llari kasalliklari, tug‘ma anomaliyalar va flyuoroz, shuningdek, onkologiya kasalliklari soni o‘sib bormoqda. Bolalarning o‘lik tug‘ilishi, bolalar o‘rtasida patologik kasalliklar ko‘payib borayotganligi, ayniqsa, xavotirga solmoqda. Mazkur tumanlarda bolalarning ham, katta yoshli aholining ham patologik kasallanishining qaytalashi Surxondaryo viloyatidagi o‘rtacha darajadan 3 baravar yuqori.

Mintaqaning iqtisodiyoti, qishloq xo‘jaligiga juda katta ko‘lamda zarar yetkazilmoqda. Alyuminiy korxonasining zararli chiqindilari bilan atmosfera, tuproq, suv resurslari ifloslanmoqda. Meva-sabzavot ekinlari, uzumzorlar hosildorligi pasayib ketdi, ushbu mintaqa uchun an’anaviy bo‘lgan pillachilik deyarli barham topdi.

Shu bilan birga majlisda alohida ta’kidlab o‘tilganidek, xalqaro ekologik tashkilotlar ekspertlarining xulosalariga, davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shu jumladan, O‘zbekiston Ekologik harakatining murojaatlariga qaramay, “Talko” DUKda ishlab chiqarishning yo‘nalishini o‘zgartirish, uni modernizatsiyalash, tozalash inshootlarini o‘rnatish bo‘yicha choralar ko‘rilmayotir. Shu tariqa xalqaro huquqning umumqabul qilingan prinsiplari va normalari talablari, BMT tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qabul qilingan hujjatlarning talablari, shuningdek, ushbu masala bo‘yicha davlatlararo bitimlarning qoidalari buzilmoqda.

Ayni paytda atrof-muhitni ifloslantirib, mintaqadagi ekologik vaziyatni mushkullashtirishga chek qo‘yishga chaqirayotgan xalqaro jamoatchilikning talablari mutlaqo e’tiborga olinmayotir. Chunonchi, “Talko” DUK transchegaraviy chiqindilari atrof-muhitga va aholi sog‘lig‘iga halokatli ta’sir ko‘rsatayotganligi tufayli vujudga kelgan ekologik vaziyat munosabati bilan Belgiya parlamentining a’zolari, Latviya parlamentining deputatlari, BMT atrof-muhit bo‘yicha dasturining (YuNEP), Yevropa va Osiyodagi bir qator ekologik jamoat tashkilotlarining ekspertlari salbiy fikr bildirdilar.

Senatorlarning nutqlarida “Talko” DUK sanoat chiqindilarining halokatli ta’sirini kamaytirish maqsadida O‘zbekistonda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ham ko‘rsatib o‘tildi. So‘nggi uch yil ichida mazkur tumanlarda eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan bir qator ko‘p tarmoqli tuman poliklinikalari va davolash-profilaktika muassasalari foydalanishga topshirildi, 50 dan ziyod qishloq vrachlik punktlari tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 2013-2017-yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha harakat dasturi doirasida ko‘p miqdorda moddiy, moliyaviy mablag‘larni jalb etish va mazkur vazifalarni hal qilishga yo‘naltirish nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Talko” DUK chiqindilarining odamlar sog‘lig‘iga va tabiiy muhitga salbiy ta’sirini bartaraf etish hamda kamaytirish, mintaqada ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha shoshilinch choralarni ko‘rish, buning uchun zarur tashkiliy-huquqiy normalar va resurslarni safarbar qilishni, ushbu muammoni hal qilishga manfaatdor ekologik tashkilotlar, BMTning tegishli tuzilmalari, mamlakatlar parlamentlari va hukumatlari imkoniyatlarini jalb etishni nazarda tutadigan qarori qabul qilindi. Qarorda ko‘rsatib o‘tilganidek, transchegaraviy ifloslantirish muammolari xalqaro huquqning umumqabul qilingan prinsiplari va normalarini, xalqaro huquqiy hujjatlar, BMT tegishli qarorlarini hisobga olgan holda hal qilinishi kerak.

Senatorlar hozirgi kunda O‘zbekiston va Tojikistondagi yuz minglab aholining hayoti va sog‘lig‘i, ushbu mintaqada yashaydigan va mehnat qiladigan kelgusi avlodlarning taqdiri mazkur masalalarni tezroq hal qilishga bog‘liq, deb qat’iy ishonch bildirdilar.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 18-iyuldagi “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 14-yanvardagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining iqtisodiyotni erkinlashtirish va demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq tayyorlangan “Garov reyestri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishga kirishdilar.

Majlisda qayd etilganidek, ushbu qonun kreditlarni rasmiylashtirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, garov muomalasiga ko‘char mol-mulkni kiritish hamda tijorat banklarining mol-mulkni garovga olib kreditlab berish vaqtidagi tavakkalchiligini kamaytirish hisobiga kichik biznesning kredit vositasida moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu esa ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga, tadbirkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.

Senatorlar “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunning asosiy maqsadi odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikning tarqalishiga qarshi kurashishni, zarur profilaktikani hamda aholini OIV infeksiyasidan ishonchli tarzda himoya qilishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va sifatini oshirishga qaratilgan huquqiy normalarni yanada takomillashtirishdan iborat.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 26-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1023-sonli qarorining qoidalariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, bu sohada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’sirchan choralar ro‘yobga chiqarilishining huquqiy asoslari kengayishiga yordam beradi.

Shundan so‘ng senatorlar mahsulotni (ishlarni, xizmatlarni) sertifikatlashtirish va standartlashtirish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, mahsulotning xavfsizligi, sifati va raqobatbardoshligini ta’minlashga, shuningdek, muvofiqlikni baholash sohasidagi milliy qonun hujjatlarini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Majlisda aytib o‘tilganidek, bu sohadagi munosabatlar bugungi kunda turli sohaviy qonunlar: “Texnik tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, idoraviy hujjatlar bilan tartibga solib kelinmoqda. Ushbu sohada yagona bazaviy qonunning qabul qilinishi muvofiqlikni baholashning butun tizimini, shu jumladan, milliy akkreditatsiyani ham tashkil etishning umumiy prinsiplari, qoidalari tartibga solinishini ta’minlaydi.

Senatorlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-2012-yillarda qabul qilingan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari va davlat rahbarining boshqa farmonlari asosida tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ham ko‘rib chiqdilar.

Qonun bilan Soliq, Bojxona, Xo‘jalik-protsessual, Mehnat, Jinoyat kodekslariga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga va boshqa qator qonunlarga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga, aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirishga, uning bandligini ta’minlashga va boshqalarga yordam beradi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n ikkinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Video

Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player

 

Yangilangan sana:

O'zbekcha | Ўзбекча | Русский | English | Français | Español

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati