O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

Saylovga puxta hozirlik ko‘rilmoqda

 

13.09.2013 19:41

MahallaO‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi S.Ortiqova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mahalla institutini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng qo‘lamli islohotlar kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovining amaldagi qonunlar doirasida xolis, ochiq-oshkora o‘tishini ta’minlash bunda muhim ahamiyatga ega.

Oliy Majlis Senati Kengashining joriy yil 12-sentabrda qabul qilingan «Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga binoan fuqarolar yig‘inlari raislari va maslahatchilari saylovini o‘tkazish muddati 2013-yil noyabr-dekabr oylari etib belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq mamlakatimizda mazkur saylovni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bo‘lajak saylovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 9756 nafar fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 97 mingdan ortiq maslahatchisi saylanadi. Bu mas’uliyatli lavozimlarga har tomonlama munosib nomzodlarni tanlash muhim ahamiyatga ega. Bu davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhasini demokratlashtirish va liberallashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarini chuqurlashtirish, sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati