O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Qarori


Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 8, 10 va 11-moddalariga muvofiq, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ular maslahatchilarining vakolat muddati 2013-yil noyabr–dekabrda tugashi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:

1. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ular maslahatchilarining navbatdagi saylovini o‘tkazish muddati 2013-yil noyabr–dekabr oylari etib belgilansin.

2. Bo‘lajak saylovda 9756 nafar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va ularning 97 ming nafardan ziyod maslahatchisi saylanishi rejalashtirilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. 2013-yil noyabr–dekabrda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga doir tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2013-yilning 1-oktabrigacha bo‘lgan muddatda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalarni tuzish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat, tuman va shahar hokimlariga fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga ko‘maklashish, zarurat bo‘lganda ularni binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash;

xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga o‘z saylov okruglarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovni tayyorlash va o‘tkazishni tashkil etishda faol ishtirok etish;

ommaviy axborot vositalariga fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish jarayonini keng yoritib borish tavsiya etilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi o‘tkazilgan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi to‘g‘risidagi axborotni umumlashtirsin hamda 2014-yil 15-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga saylov yakunlari to‘g‘risida axborot bersin.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov

Toshkent shahri,
2013-yil 12-sentabr

 

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati