O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot

 

12.09.2013 19:41

Fuqarolar yig‘inlari raislari va ular maslahatchilarining vakolatlari muddati shu yil noyabr–dekabrda tugashi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi hamda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 8, 10 va 11-moddalariga muvofiq mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga navbatdagi saylovni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu yil 9756 nafar fuqarolar yig‘ini raisini va ularning 97 ming nafardan ortiq maslahatchisini saylash rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining shu yil 12-sentabrda bo‘lib o‘tgan majlisida fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida o‘tkazib kelingan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi fuqarolarning huquqiy ongini va siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish, mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qilishda talabchanlikni kuchaytirish maktabiga aylandi.

2013-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining qoidalari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2013-yil 14-iyundagi qarori bilan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini o‘tkazish masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishini tashkil etishni nazarda tutuvchi tegishli tadbirlar rejasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga tavsiyalar tasdiqlanib, ularga muvofiq ushbu qonunlarning mohiyati va mazmunini aholiga keng miqyosda yetkazishga qaratilgan tizimli ish olib borildi.

2013-yilda bo‘lajak fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi yuqoridagi qonunlar normalarining talablariga muvofiq, davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarini demokratlashtirish va liberallashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlari chuqurlashib borayotgan, sifat jihatidan yangi ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy sharoitda bo‘lib o‘tadi.

Muhokama jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining a’zolari tomonidan ta’kidlab o‘tilganidek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasidagi eng muhim talablar hamda maqsadli vazifalar fuqarolar yig‘inlarining organlarini shakllantirishda keng ishtirok etish borasidagi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlarni ta’minlashdan, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovi jarayonining barcha ishtirokchilari tomonidan amaldagi qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz va og‘ishmay rioya etilishidan, fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari lavozimlariga nomzodlar bilan, ularning ishchanlik va axloqiy fazilatlari bilan fuqarolarni tanishtirishdan iborat. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovni demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning g‘oyat muhim omili bo‘lgan oshkoralik, muqobillik va teng saylov huquqi prinsiplari asosida tayyorlash va o‘tkazishning borishini keng yoritish bo‘yicha samarali axborot-tahlil ishini olib borish, shuningdek, saylov jarayoniga yoshlar va xotin-qizlarni faol jalb etish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini va huquqiy madaniyatini oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish talab qilinadi.

Masalani muhokama qilish yakunlari bo‘yicha oldingi saylovlarning tajribasini va qonun hujjatlarining talablarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida” qaror qabul qilib, unda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini o‘tkazish muddati qilib 2013-yil noyabr–dekabr oylarini belgiladi, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga doir tadbirlar rejasini tasdiqladi.

Shuningdek, Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasini tuzdi, uning tarkibiga parlament ikkala palatasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, boshqa vazirlik va idoralarning vakillari kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati