O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot

2013-yil 5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisini shu yil 28-29-mart kunlari Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senat yalpi majlisining kun tartibiga siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma sohalarini izchil isloh qilish va liberallashtirishga qaratilgan bir qator O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kiritilmoqda. “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonunlar hamda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirishni, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirishni nazarda tutadigan boshqa qonunlar shular jumlasidandir.

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida fuqarolik va xo‘jalik ishlari bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Seul, 2012-yil 20-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunni ham muhokama qiladilar.

Shu bilan bir qatorda Senatning navbatdagi yalpi majlisida senatorlar konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) faoliyati to‘g‘risidagi, Hisob palatasining faoliyati to‘g‘risidagi, Bosh prokurorning “Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash borasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan prokuror nazoratining holati va uni yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini muhokama qiladilar. Senatorlar yalpi majlisda adliya vazirining 2012-yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati to‘g‘risidagi axborotini ko‘rib chiqadilar.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati

Chop etilgan sana: 05.03.2013 19:50:11
Yangilangan sana:

Ўзбекча | Русский | English

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati