O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to'qqizinchi yalpi majlisi to'g'risida axborot

2012-yil 31 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Yalpi majlisning ikkinchi kunida senatorlar Konstitutsiya normalariga muvofiq va Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish yuzasidan belgilab berilgan qoidalarni ro‘yobga chiqarish doirasida mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi parlament eshituvini o‘tkazdilar.

Majlisda ko‘rsatib o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti to‘g‘risidagi axborotni keng yoyish maqsadida muntazam ravishda xalqaro ko‘rgazmalar, yarmarkalar, anjumanlar va konferensiyalar o‘tkazilmoqda. 2011-yilda 50 dan ortiq, 2012-yilning birinchi yarmida esa 32 ta chet el delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilib, biznes-anjumanlar o‘tkazildi. Iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2011-yilda Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belgiya Qirolligi, AQSh, Polshada, shuningdek, Ispaniyaning Madrid va Barselona shaharlarida 7 ta biznes-anjuman va davra suhbati o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar yakunlari bo‘yicha hamkorlik hamda xorijiy investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risida 52 ta hujjat imzolandi.

Mamlakatimiz mintaqalarining istiqbolli tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmini ko‘paytirish, shuningdek, investitsiyaviy loyihalar ro‘yobga chiqarilishi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda har yili mintaqaviy investitsiya dasturlari ishlab chiqilmoqda. Umuman, mazkur dasturlar doirasida 2011-yilda 1226 ta loyiha bo‘yicha jami 841,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etilgan bo‘lib, bu hisobot davrining prognoziga nisbatan 110,2 foizni va 2010-yil ko‘rsatkichiga nisbatan 118,5 foizni tashkil etdi.

Parlament eshituvida savol-javob tarzida keng fikr almashuv bo‘lib o‘tdi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat, investitsiyalar va savdo vazirligining xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda mintaqalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, joylarda investitsiya infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish masalalarida, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning barqaror ishlashi masalalarini hal qilishda mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tarkiblariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasining bir qator chet davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash haqidagi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatlariga daxldor boshqa masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Ko‘rib chiqilgan hamma masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tegishli qarorlar qabul qildi.

Senatning ikki kunlik majlisida 24 ta masala, shu jumladan demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil chuqurlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan, amalga oshirilishi aholi turmush darajasini, mamlakatda barqarorlik va farovonlikni yanada oshirishning qudratli omili bo‘ladigan 9 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shu bilan Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
matbuot xizmati


VIDEO

Для содержимого этой страницы требуется более новая версия Adobe Flash Player.

Получить проигрыватель Adobe Flash Player

Ўзбекча кирилл

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati