O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to'qqizinchi yalpi majlisi to'g'risida axborot

9-plenary

2012-yil 30 avgustda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi ochildi. Unda yalpi majlisga taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining a’zolari, vazirliklar va idoralarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o‘z ishlarini davlat rahbarining qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Muhokama davomida senatorlar ta’kidlab o‘tganlaridek, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi davlat tashqi siyosatining fundamental prinsiplari va strategik ustuvor yo‘nalishlarini, xalqaro maydondagi maqsad hamda vazifalarini, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ilgari surish mexanizmlarini belgilab beradigan qarashlarning yaxlit tizimidir.

Senatorlarning fikriga ko‘ra, ushbu qonunning qabul qilinishi davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga, mamlakatning xalqaro munosabatlarning to‘laqonli sub’ekti sifatidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirishga, rivojlangan demokratik davlatlar safidan o‘rin olishiga, O‘zbekiston tevaragida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik hududini yaratishga yordam beradi. Batafsil muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2010-yil 12 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida bayon etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida tayyorlangan qonunlarni ham ko‘rib chiqib, ma’qulladilar.

9-plenary

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni shular jumlasidan bo‘lib, u xususiy mulkni himoya qilishni kuchaytirishga, uning daxlsizligining ishonchli kafolatlari tizimini yaratishga, mulkdorlar huquqlari kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi iqtisodiyotda xususiy mulk samarali amal qilishi uchun qulay shart-sharoit yaratish imkonini beradi, tadbirkorlik tashabbusi rag‘batlantirilishini, shuningdek, mulkdorning o‘z farovonligini oshirishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini ta’minlaydi, bu esa mamlakatda bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

So‘ngra senatorlar Konsepsiyaga muvofiq ishlab chiqilgan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Muhokama davomida ushbu qonun ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini sud tartibida qo‘llashni, jinoyat ishini qo‘zg‘atish huquqini sudning vakolatlaridan chiqarib tashlashni, ishni sudda ko‘rish vaqtida jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini o‘qib eshittirish majburiyatini prokurorga yuklashni nazarda tutishi ko‘rsatib o‘tildi.

Senatorlarning fikricha, ushbu qoidalarning qo‘llanilishi surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda sud nazoratini kuchaytirish, jinoyat protsessida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasini kengaytirish, sudning sud muhokamasini adolatli olib borishdan iborat asosiy vazifasi bajarilishini ta’minlash, shuningdek, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari amalga oshirilishiga imkon beradi.

Shundan so‘ng senatorlar “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqib, ma’qulladilar. Qonun davlat organlarining tadbirkorlik sub’ektlarining xo‘jalik faoliyatiga asossiz aralashuviga yo‘l qo‘ymaslikka, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarini yaratishga qaratilgan.

Senatorlar “Mardlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Muhokama vaqtida ta’kidlanganidek, “Mardlik” ordeni to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ushbu orden bilan o‘zlarini Vatanni himoya qilishga va ona yurt xizmatiga bag‘ishlagan, bunda mardlik hamda jasorat ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar va boshqa fuqarolar mukofotlanadi. Alohida hollarda «Mardlik» ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi hamda “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Majlisda ta’kidlab o‘tilganidek, ushbu qonunning asosiy maqsadi amaldagi qonun hujjatlari normalarini birxillashtirib, barcha tashkilotlarda mehnat haqini mehnatga haq to‘lashning Yagona tarif setkasi bo‘yicha birinchi razryaddan kam bo‘lmagan miqdorda belgilashdan, shuningdek, soliq qonunchiligini yanada takomillashtirishdan iborat.

Senatorlar, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Havo kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar. Qonun aviatsiya tarmog‘ining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga, O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalar normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga, shuningdek, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti komissiyasining (IKAO) tavsiyalarini bajarishga qaratilgan.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahri va Farg‘ona tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklif ko‘rib chiqildi. Mamlakat hukumatining ushbu taklifini ma’qullash Farg‘ona viloyatining ma’muriy-hududiy bo‘linishini takomillashtirishga, hududlarning yaxlitligini va ushbu hududiy birliklarni boshqarish samaradorligini oshirishga, mahalliy aholi uchun sharoitlarni yanada yaxshilashga yordam berishi qayd etildi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2011-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.

Majlisda qayd etilganidek, Markaziy bankning 2011-yildagi faoliyati “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ijro etishga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 21 yanvardagi 2010-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2011-yilning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan vazifalarni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2011-yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2010-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi Qarorini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2011-yil 15 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyevning “Demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish borasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar dasturi, shuningdek, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi ijrosining borishi to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi qo‘shma qarorini so‘zsiz bajarishga qaratildi.

2011-yilda mamlakat bank tizimi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari islohotlarni yanada chuqurlashtirishdan, mamlakat bank tizimining samaradorligini, barqarorligini va likvidligini oshirishdan, yetakchi xalqaro reyting kompaniyalarining yuqori reyting ko‘rsatkichlarini qo‘lga kiritishdan iborat bo‘ldi. Makroiqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishi va inflyatsiya darajasi maqsadli parametrlar doirasida saqlanishi ta’minlandi. 2011-yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 7,6 foizni tashkil etdi, tijorat banklarining umumiy kapitali 30,1 foizga o‘sdi. Bundan tashqari, banklarning barqarorligini va likvidligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilganligi banklarning aktivlarini 32,4 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.

“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi doirasida katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilishi natijasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan kreditlar hajmi 2010-yildagiga nisbatan 1,5 baravar ko‘paydi va 4,1 trillion so‘mni tashkil etdi, shu jumladan mikrokreditlar hajmi 752 milliard so‘mdan oshdi va bu ko‘rsatkich 1,5 baravar ko‘paydi. Ushbu sohaga ajratilgan kreditlar va mikrokreditlar mamlakat mintaqalarida 291 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etilishiga yordam berdi.

Aholining va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bo‘sh pul mablag‘larini kredit tashkilotlarining depozitlariga jalb etishni rag‘batlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar omonatlar va depozitlar hajmini 2010-yildagiga nisbatan 36,3 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.

Shu bilan birga, senatorlar hisobot yuzasidan o‘z chiqishlarida bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish hamda iqtisodiyotni liberallashtirishning g‘oyat muhim omili va sharti sifatida mamlakat bank-moliya tizimining barqarorligi hamda samaradorligini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining roli va ahamiyati muhimligiga e’tiborni qaratdilar. Mamlakatimiz mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi eng muhim ustuvor vazifalarni hal qilishda bank-moliya tizimi sub’ektlari mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan yaqindan o‘zaro hamkorlik qilishining roli va ahamiyati alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘qqizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati


VIDEO

Для содержимого этой страницы требуется более новая версия Adobe Flash Player.

Получить проигрыватель Adobe Flash Player

Ўзбекча кирилл

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati