O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senatida

30 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi ochiladi.

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ishchi guruh rahbarining bo‘lajak yalpi majlisni o‘tkazishga tayyorgarlik to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.

Senat qo‘mitalarining raislari qo‘mitalar majlislarining o‘tkazilganligi to‘g‘risida va to‘qqizinchi yalpi majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonunlar yuzasidan xulosalar, boshqa masalalar yuzasidan qarorlar loyihalari tayyorligi haqida axborot berdilar, majlis ishini tashkil etish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Kengash majlisida ta’kidlanganidek, Senatning bo‘lajak yalpi majlisida yigirma to‘rtta masala ko‘rib chiqilishi mo‘ljallanmoqda, ularning 9 tasi qonunlardir.

Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan, davlat tashqi siyosatining fundamental prinsiplarini va strategik ustuvor yo‘nalishlarini, xalqaro maydondagi maqsad hamda vazifalarini, O‘zbekistonning o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan manfaatlarini ilgari surish mexanizmlarini belgilab beradigan qarashlarning yaxlit tizimini nazarda tutadigan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.

Kengash a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bo‘lajak yalpi majlisida muhokama qilinadigan, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilish hamda liberallashtirishga, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini, shuningdek, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturini amalga oshirishga qaratilgan qonunlarning muhimligini ta’kidlab o‘tdilar. “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Mardlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi, shuningdek, boshqa bir qator qonunlar shular jumlasidandir.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati