O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 8-yalpi majlisi

       

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida
AXBOROT

2012 yil 24 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2011 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini muhokama qilishdan boshladilar. Majlisda hisobot davrida prokuratura organlari tomonidan qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda profilaktika qilish yuzasidan katta ish amalga oshirilganligi qayd etildi.

Prokuratura organlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish yuzasidan qonunlarning ijro etilishi bo‘yicha 26773 ta tekshiruv o‘tkazildi, tekshirishlarning natijalari bo‘yicha deyarli 320 mingta prokuror nazorati hujjati qo‘llanildi, 55 ming nafardan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari qayta tiklandi.

Prokuratura organlari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida qonunni buzish hollarini bartaraf etish bo‘yicha 5 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjati qo‘llanildi. Prokuror nazorati hujjatlari bilan 1639 ta tadbirkorlik subyektining buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan tasdiqlangan 2011 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tarmoqlarda va mintaqalar bo‘yicha ijro etish yuzasidan prokuror nazorati tadbirlari muntazam o‘tkazib borildi.

Hisobotni muhokama qilish vaqtida senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni ta’minlash borasidagi faoliyatini, shuningdek, fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, kichik biznesni va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash haqidagi qonun hujjatlarini ijro etish ustidan prokuror nazoratini yanada takomillashtirish yuzasidan bir qator tavsiya va takliflar bayon etildi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2011 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tinglab, muhokama qildilar. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining o‘tgan davr mobaynidagi faoliyatini ko‘rib chiqar ekanlar, senatorlar atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini ta’minlashga, mamlakatda ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan tadbirlarning muhimligini ko‘rsatib o‘tdilar. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha 2008-2012 yillarga mo‘ljallangan harakat dasturi tadbirlari bajarilishining borishi ustidan nazoratni amalga oshirishga alohida e’tibor berildi.

Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tabiatni muhofaza qilish tadbirlari bajarilishi natijasida ifloslantiruvchi moddalarni atmosferaga chiqarish 5,2 ming tonnadan ko‘proq miqdorda qisqartirildi, 61,18 mingta avtomobil gaz yoqilg‘isiga o‘tkazildi, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida kon ishlarini olib borish natijasida buzilgan 273,73 gektar rekultivatsiya qilingan yerlar foydalanishga qaytarildi. Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlaridagi ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlarda energiyaning qayta tiklanadigan manbalarini joriy etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.

Ayni vaqtda 2012 yilda va kelgusida ekologik xavfsizlikni ta’minlash uchun kompleks tadbirlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini talab qiladigan ayrim kamchilik va nuqsonlar ham qayd etildi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011 yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati to‘g‘risidagi axborotini tingladilar. Muhokama jarayonida qayd etilganidek, o‘tgan yilda Adliya vazirligi tomonidan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi tomonidan 2011 yilda 23 ta davlat organi tizimida 39 ta o‘rganish o‘tkazilgan bo‘lib, ularning natijalari bo‘yicha ushbu organlar ishida qonun hujjatlari so‘zsiz ijro etilishiga, norma ijodkorligi faoliyatining samaradorligini, davlat organlari xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ko‘rildi.

Muhokama jarayonida senatorlar davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalarining huquqni qo‘llash amaliyotida qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tizimli nazoratni, shuningdek, davlat organlarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish va unga uslubiy rahbarlikni ta’minlashga qaratilgan ishning samaradorligini yanada oshirishga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Konstitutsiya normalariga muvofiq hamda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish yuzasidan belgilangan qoidalarni ro‘yobga chiqarish doirasida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan tasdiqlangan 2011 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining mamlakat mintaqalarida ijro etilishi to‘g‘risidagi masala yuzasidan parlament eshituvini ham o‘tkazdilar. Majlisda vazirlik tomonidan boshqa manfaatdor idoralar, tarmoqlarning xo‘jalik boshqaruvi organlari, barcha darajalardagi hokimliklar bilan birgalikda 2011 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining hamma yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli ish amalga oshirilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Natijada Dastur 101,5 foizga bajarildi. 970,9 mingta yoki nazarda tutilganidan 14,6 mingtaga ko‘p yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Chunonchi, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturini hamda yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish jarayonida 113,1 mingta yangi ish o‘rni (101,1 foiz) tashkil etildi. Chorvachilikka, parrandachilikka, baliqchilikka, bog‘dorchilikka, meva-sabzavot mahsulotini qayta ishlash va saqlashga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarini kengaytirish, shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish 126,6 mingta (103,4 foiz) ish o‘rni tashkil etilishiga olib keldi. Kollejlarning 430,3 ming nafar bitiruvchisi bandligini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi, ko‘rilgan choralar natijasida 2011 yil oxiriga kelib 402,4 ming bitiruvchi yoki ularning 93,6 foizi ishga joylashtirildi.

Muhokama jarayonida senatorlar 2012 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini mintaqalarda so‘zsiz bajarish, shuningdek, ushbu mas’uliyatli vazifani hal qilishda davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qator tavsiyalarni bayon etdilar.

Barcha tinglangan hisobotlar va taqdim etilgan axborot yuzasidan Oliy Majlis Senati tegishli qarorlar qabul qildi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Senatning ikki kunlik majlisida siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilish va liberallashtirishga qaratilgan, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni, aholining bandligi va turmush darajasini oshirish, mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashni nazarda tutadigan 21 ta masala, shu jumladan 10 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Uza, 26.03.2012

Last update: . Tilni o'zgartirmoq: Русский | English | Français | Arabian

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati