O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 8-yalpi majlisi

       

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida
AXBOROT

Senat 8-yalpi majlis2012-yil 23-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi ochildi. Unda yalpi majlisga taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining a’zolari, vazirliklar va idoralarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar “Davlat hokimiyati vakillik organlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini ko‘rib chiqib, ma’qulladilar.

Konstitutsiyaviy Qonunni muhokama qilish jarayonida uning qabul qilinishi Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining navbatdagi saylovlarini tayyorlash va o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining prinsiplari va talablariga, saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shuningdek, xalqaro huquqning umumqabul qilingan prinsiplari va normalariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashi ko‘rsatib o‘tildi.

Konstitutsiyaviy Qonunning qabul qilinishi saylovlarni tayyorlash va o‘tkazish jarayonida davlat hokimiyati tizimining mustahkamligi, barqarorligi kafolatlarini ta’minlash va kuchaytirishga, mamlakatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yordam berishi ta’kidlandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2010-yil 12-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida bayon etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida tayyorlangan qonunlarni ham ko‘rib chiqib, ma’qulladilar.

Bular orasida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish uchun mumkin qadar qulay sharoit yaratish, tadbirkorlik sub’ektlariga zarur imtiyoz va kafolatlarni berish, shu jumladan bunda mazkur sub’ektlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida tayyorlangan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bor. Xususan, Qonunning asosiy yangiliklaridan biri tadbirkorlik sub’ekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi belgilab qo‘yilayotganligidan iborat bo‘lib, bu prinsipga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda qonun hujjatlarida yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati sub’ektining foydasiga talqin etilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Senat 8-yalpi majlisiShundan keyin senatorlar Konsepsiyaga muvofiq ishlab chiqilgan “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar. Ular ushbu Qonun Mustahkam oila yilida qabul qilinayotganligi alohida ahamiyatga egaligini qayd etib, uning qoidalari kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning g‘oyat muhim shakli sifatida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun normativ-huquqiy baza yaratishini, oilaviy korxonalar uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirishini, iqtisodiyotning turli sohalarida oilaviy biznesni keng rivojlantirish hamda mamlakatda yangi ish o‘rinlari ochish uchun zarur huquqiy sharoitlarni ta’minlashini ta’kidladilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi “2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarorini bajarish yuzasidan tayyorlangan “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu Qonun sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, shu jumladan sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining faoliyatini sug‘urta sohasidagi jahon amaliyotini hisobga olgan holda tartibga solish hamda amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 477-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, shuningdek, ba’zi qonun hujjatlarining qoidalarini “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga moslashtirishga qaratilgan “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun odob-axloqqa qarshi jinoyatlar va qonunbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish vositasida jinoyat va ma’muriy qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, zo‘ravonlikni, shafqatsizlik va pornografiyani targ‘ib qiluvchi xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan.

Senatorlar “Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha Hadli konvensiyasiga (Jeneva, 2003-yil 21-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini har tomonlama muhokama qilganlaridan keyin ma’qulladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 5-iyuldagi “Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qoidalarini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish yuzasidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi bilan xorijiy rasmiy hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlash tartibi ancha osonlashishini ko‘rsatib o‘tdilar. Legallashtirish tartib-taomili o‘rnini bir davlatda yaratilib, boshqa davlatga topshirilishi kerak bo‘lgan rasmiy hujjatlarga qo‘yiladigan maxsus shtamp – apostil oladi.

Shu bilan birga senatorlar “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini rad etish hamda qayta ishlashga yuborish haqida qaror qabul qildilar. Xususan, ular ushbu Qonunni davlatimiz rahbari tomonidan 2011-yilning asosiy yakunlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida Hukumat oldiga qo‘yilgan investitsiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni hisobga olgan holda qo‘shimcha ravishda va chuqur ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatib o‘tdilar.

So‘ngra senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2011-yildagi faoliyati to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqdilar. Muhokama yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senati tegishli Qaror qabul qildi.

Shundan keyin senatorlar konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq bir qator muassasalar, vazirliklar va idoralarning 2011-yildagi faoliyatiga doir axborot va hisobotlarni eshitishga kirishdilar.

Chunonchi, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) 2011-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tinglab, tasdiqladilar. Inson huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan parlament palatalarining qo‘mitalari hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorlikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan parlament nazoratini ta’minlash mexanizmini takomillashtirish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan katta ish olib borilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hisobot yilida Inson huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan 30 dan ortiq qonun loyihasi milliy qonun hujjatlariga, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqligi jihatidan huquqiy ekspertiza qilindi. Davlat organlariga inson huquqlariga rioya etish masalalari bo‘yicha 850 dan ortiq so‘rov yuborildi.

Ombudsmanning vakillari 2011-yilda amnistiya aktini qo‘llanish tartibi ustidan jamoat nazoratini amalga oshirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘n to‘qqiz yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha hududiy komissiyalar va ishchi guruhlarning ishida faol qatnashdilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2011-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ham tinglab, muhokama qildilar. Majlisda ko‘rsatib o‘tilganidek, hisobot yilida Hisob palatasining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2011-yil 21-yanvarda Vazirlar Mahkamasining 2010-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2011-yil iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan g‘oyat muhim vazifalar asosida amalga oshirildi.

“Byudjet tizimi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq o‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi auditdan o‘tkazildi va baholandi, soliq va byudjet siyosatining hamda 2012-yilgi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari ekspertiza qilindi. Hisob palatasi tomonidan Davlat byudjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan nazorat tashkil etildi, byudjet mablag‘laridan foydalanishning qonuniyligi, maqsadga muvofiqligi va samaradorligi tekshirildi.

Hisobot yilida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan 42 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha 116 ta ob’ektda nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarning natijalari tekshirib chiqilgan vazirlik va idoralarning vakillari bilan o‘tkazilgan qo‘shma majlislarda har tomonlama muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senatining tavsiyalari bo‘yicha hisobot davri mobaynida kasb-hunar kollejlari qurish, ularni rekonstruksiya qilish, joriy ta’mirlash va jihozlashga, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga, shuningdek, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishga, eksportga mo‘ljallangan hamda import o‘rnini bosadigan tovarlar ishlab chiqarishga, Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi tekshirildi.

Muhokama qilingan masala yuzasidan senatorlar Hisob palatasining nazorat tadbirlarini kuchaytirishga va ularning samaradorligini oshirishga, moliyaviy qonunbuzarliklarni qisqartirish hamda kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati sakkizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

UzA, 23.03.2012

Tilni o'zgartirmoq: Русский | English | Français | Arabian

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati