O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi haqida axborot

2012-yil 12 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisini shu yil 5-6-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi muhokamasiga aholi turmush darajasini yanada oshirishni va uni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirishni, iqtisodiyot yuqori va barqaror sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlashni nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasining 2013-yilgi Davlat byudjetini, shuningdek, 2013-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini kiritish rejalashtirilmoqda.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma sohalarini izchil isloh qilishga hamda liberallashtirishga qaratilgan bir qator qonunlar kiritiladi. Bular jumlasiga “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun, yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun, “Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi, “Saylov huquqi erkinligini ta’minlash va saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari yanada rivojlantirilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar hamda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan, tadbirkorlik faoliyatini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashni va rivojlantirishni, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishni, sud-huquq tizimini isloh qilishni nazarda tutadigan boshqa bir qator qonunlar kiradi.

Shu bilan birga navbatdagi yalpi majlisda senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga kiritilgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqadilar.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va Devonining o‘ninchi yalpi majlisni tayyorlash va o‘tkazish borasidagi ishini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan maxsus ishchi guruh tuzildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati

VIDEO:

Для содержимого этой страницы требуется более новая версия Adobe Flash Player.

Получить проигрыватель Adobe Flash Player

Русский | Ўзбекча | English | Arabian

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati