O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'ninchi yalpi majlisi to'g'risida

2012-yil 6-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini O‘zbekiston Respublikasining 2013 yilgi Davlat byudjetini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Mamlakatning bosh moliyaviy hujjati makroiqtisodiy muvozanatni hamda mamlakat iqtisodiyoti yuqori sur’atlarda o‘sishini ta’minlashga, diversifikatsiya qilingan va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga, mamlakat aholisining farovonligini va turmush darajasini yanada oshirishga qaratilganligi qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasining 2013-yilgi Davlat byudjeti Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida qo‘yilgan vazifalarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan mamlakat hukumatining 2012 yil 19 yanvardagi majlisida belgilab berilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining asosiy ustuvor yo‘nalishlari amalga oshirilishini hisobga olib ishlab chiqilgan.

Senatorlar o‘tgan yillardagi kabi, 2013-yilda ham soliq siyosati xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga va aholi daromadlariga tushadigan soliq yukini yanada kamaytirishga, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligi choralarini kuchaytirish, soliq solish ob’ektlarini kamaytirib ko‘rsatish va yashirish hollariga chek qo‘yish yo‘li bilan mamlakat iqtisodiyotini yanada modernizatsiyalash va yangilash uchun qulay sharoitlar yaratishga yo‘naltirilishini ko‘rsatib o‘tdilar.

Aholining real daromadlarini ko‘paytirish maqsadida kelgusi yilda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining eng kam stavkasi bir foiz bandiga kamaytiriladi, bu esa soliq to‘lovchilarning har qaysi guruhidan olinadigan soliqning qisqarishini ta’minlaydi. Natijada jismoniy shaxslar ixtiyorida qo‘shimcha ravishda 186 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ qoladi.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslarga tushadigan soliq yukini kamaytirish uchun yil boshidagi eng kam ish haqidan (eng kam ish haqi yil davomida o‘zgarishidan qat’i nazar) kelib chiqqan holda eng kam ish haqining karrali miqdorlarida hisoblanadigan qat’iy soliq stavkasi belgilanmoqda.

2013-yilda byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini bosqichma-bosqich oshirish choralarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi, bu esa o‘z navbatida aholi turmushining sifati va daromadlari oshishi uchun sharoitlar yaratadi. Umuman olganda, 2013-yilda ijtimoiy sohani moliyalashga byudjet xarajatlarining 59,2 foizini ajratish mo‘ljallanmoqda. Kelgusi yilda sog‘liqni saqlash ehtiyojlariga barcha byudjet mablag‘larining 14,5 foizi ajratilmoqda. Shu bilan bir qatorda, Byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kelgusi yilda jami 204 milliard so‘mga 217 ta umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish hamda 164 ta umumta’lim maktabini mukammal ta’mirlash nazarda tutilmoqda, 159 ta akademik litseyni va kasb-hunar kollejini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga 2013-yilda 129 milliard so‘m ajratiladi.

Sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash dasturini amalga oshirishga, shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalarini eng yangi laboratoriya, diagnostika va davolash uskunalari, kompyuter texnikasi va boshqa tibbiyot apparatlari, ixtisoslashtirilgan mebel va inventar bilan ta’minlash hamda doimiy ravishda tizimli qayta jihozlashga 2013-yilda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 312 milliard so‘m ajratish taklif qilinmoqda. Xususan, kelgusi yilda ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 7 600 o‘ringa ega bo‘lgan hamda 5 800 nafar bemorni qabul qilishga mo‘ljallangan 54 ta tuman tibbiyot birlashmasini, 1500 o‘ringa ega bo‘lgan hamda 300 nafar bemorni qabul qilishga mo‘ljallangan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini, 400 o‘ringa ega bo‘lgan 5 ta sil kasalligiga qarshi dispanserni, 2 000 nafar bemorni qabul qilishga mo‘ljallangan 32 ta qishloq vrachlik punktini qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmoqda.

Byudjet siyosatida byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish, aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamning manzilliligini kuchaytirish, shuningdek, byudjetlararo munosabatlar tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlarining mustaqilligini hamda daromadlar bazasini kengaytirishdan va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishdan manfaatdorligini kuchaytirishga qaratilgan choralar nazarda tutilgan.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2013-yilgi byudjet va soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, Davlat byudjetining parametrlari, umuman olganda, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga, jamiyat hayotining hamma sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xalq farovonligini izchil oshirib borishning strategik dasturiga mosligini alohida ta’kidladilar. Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2013-yilgi Davlat byudjetini tasdiqladilar va tegishli qaror qabul qildilar.

Senatorlar “Coliq va byudjet siyosatining 2013-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi, shuningdek, soliq hisobotini taqdim etish davriyligi qisqartirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ham ko‘rib chiqdilar. Qonun 2013-yilga mo‘ljallangan soliq siyosatining konsepsiyasiga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 16-iyuldagi “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2012-yil 18-iyuldagi “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarini ijro etish yuzasidan tayyorlangan.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati uchun, jumladan, hisobotlarni qisqartirish hamda hisobot va uni taqdim etish tartibini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tushadigan soliq yukini yanada kamaytirish yo‘li bilan, g‘oyat qulay sharoitlar yaratadi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasining qator xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tegishli qarorlar qabul qildi.

Senatning ikki kunlik majlisi davomida 20 ta masala, shu jumladan demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil chuqurlashtirishga hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan 8 ta qonun ko‘rib chiqildi. Ularning ro‘yobga chiqarilishi aholining turmush darajasini, mamlakatimizda barqarorlik va farovonlikni yanada oshirishning qudratli omili bo‘ladi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati

 

Для содержимого этой страницы требуется более новая версия Adobe Flash Player.

Получить проигрыватель Adobe Flash Player


Chop etilgan sana: 06.12.2012 20:14:11
Yangilangan sana:


Ўзбекча | Русский | English | Arabian

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati