O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

Senat yangiliklari       

Ukraina delegatsiyasi O‘zbekistonda

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Ukraina tashqi ishlar vaziri Konstantin Grishchenko 6-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Ilgizar Sobirov bilan uchrashdi.

Muzokarada mehmonga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

– Ukraina O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirish tarafdori, – dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri K.Grishchenko. – Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotir. Tashrifimiz doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va erishilgan kelishuvlar kelgusida o‘zining yuksak samaralarini berishiga ishonaman. O‘zbekistonda turli sohalarni rivojlantirish borasida o‘rnak olsa arzigulik jihatlar ko‘p. Mamlakatingizda parlamentarizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, o‘zgarishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarga katta qiziqish bilan qaraymiz.

Shu kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Poytaxtimizda davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga yuksak baho berdi.

K.Grishchenko Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib, Sohibqiron va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi eksponatlar bilan tanishdi. Poytaxtimizda buyuk ukrain shoiri Taras Shevchenko sharafiga o‘rnatilgan haykalni ziyorat qildi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston va Ukraina ishbilarmonlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

UzA, Халқ сўзи газетаси, 07.02.2012

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati