O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'ninchi yalpi majlisi to'g'risida axborot

2012-yil 5 dekabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'ninchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo'ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan parlament yuqori palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Masalani ko‘rib chiqish vaqtida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi arafasida amnistiya to‘g‘risidagi hujjatning qabul qilinishi inson huquqlari va uning manfaatlari oliy qadriyat bo‘lgan, olib borilayotgan demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini tashkil etgan davlatimiz insonparvarligining yana bir yorqin ko‘rinishi ekanligini qayd etdilar.
Oliy Majlis Senatining Qarorida jazoga hukm qilingan ayollarni, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, 60 yoshdan oshgan erkaklarni, chet davlatlarning fuqarolarini jazodan ozod qilish (nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda) nazarda tutilgan. Shuning bilan bir qatorda Senat Qarorida yana bir necha toifadagi shaxslarni jazodan ozod qilish nazarda tutilgan, shuningdek, amnistiya to‘g‘risidagi qarorning amal qilishi ta’sir etmaydigan shaxslar doirasi belgilangan.
Senat o‘zining qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qo‘llanish tartibini belgilagan bo‘lib, unda amnistiya bo‘yicha jazodan ozod qilinishi kerak bo‘lgan shaxslarga doir ishlar va materiallarni sud tomonidan ko‘rib chiqish tartib-taomili belgilangan. Shu bilan birga senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakillari amnistiya to‘g‘risidagi hujjatning qo‘llanilishi, shuningdek, uni qo‘llanish tartib-taomillarining ochiq-oydinligi ta’minlanishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, jazodan ozod qilinayotgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi va himoyasiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, ular to‘liq hisobga olinishi va ishga joylashtirilishini ta’minlashga, yolg‘iz, yordamga muhtoj shaxslarni nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirishga, voyaga yetmaganlarni ota-onalar, homiylik va vasiylik organlari nazoratiga topshirish, zarur hollarda ularni tegishli ta’lim muassasalariga yuborishga qaratilgan kompleks tadbirlarni amalga oshirish ham nazarda tutilmoqda.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatini ishga solish, nufus omillarini hamda iqtisodiyotdagi tuzilmaviy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, ish bilan bandlikning samarali shakllarini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish yo‘li bilan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks va o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan 2013-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ko‘rib chiqdilar hamda ma’qulladilar.
Dastur Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini, 2009-2012-yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturini, mehnat bozorining joriy hamda istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Dasturning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, u ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ishga joylashtirish, ularni kasbga qayta tayyorlash va ijtimoiy himoya qilish borasida faol va aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga doir tarmoq dasturlarini hisobga olgan holda viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo‘yicha alohida-alohida ishlab chiqilgan.
Dasturda 2013-yilda 972,7 mingta ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Bu ish o‘rinlari yangi yirik sanoat ob’ektlarini ishga tushirish, ishlab turgan korxonalarni rekonstruksiya qilish va kengaytirish, kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikni, xizmat ko‘rsatish hamda servis sohalarini rivojlantirishni bundan buyon ham rag‘batlantirish, kasanachilik mehnatini kuchaytirish hisobiga tashkil etiladi. Kasanachilik sohasida ish o‘rinlarining katta qismi milliy hunarmandchilikning an’anaviy markazlari – Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro viloyatlarida tashkil etiladi.

Dasturda olisda joylashgan, shuningdek, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha yetarli darajada rivojlanmagan, ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan tog‘li, chegaraga yaqin 28 ta hududda ish o‘rinlari tashkil etishga alohida e’tibor beriladi. 2013-yilda bu hududlarda kamida 126 mingta yoki 2012-yildagidan besh foiz ko‘p ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Dasturning yana bir ustuvor jihati fuqarolarning ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan toifalarini ishga joylashtirishdan iborat. Nogironlar hamda mehnat bozorida qiyinchilikka duch kelayotgan boshqa shaxslar uchun kamida 100 mingta ish o‘rnini zaxiralash (kvotalash) belgilangan.

Dasturda ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga muhim o‘rin ajratilgan. Bo‘sh va zaxiralanadigan ish o‘rinlari hisobiga kasb-hunar kollejlarining 500 mingdan ziyod bitiruvchisini ishga joylashtirish mo‘ljallangan. Shu maqsadda “kollej – korxona” tizimi bo‘yicha kasb-hunar kollejlariga iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi 90 mingdan ziyod korxona va tashkilot biriktirib qo‘yiladi, bitiruvchilarning ish qidirishga sarflaydigan vaqtini qisqartirish uchun esa barcha yirik shaharlar va tumanlarda kamida 900 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkaziladi. Bundan tashqari, tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchilariga o‘z tadbirkorlik ishini tashkil etishi hamda yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli mikrokreditlar ajratishni davom ettirish nazarda tutilmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini kredit bilan salmoqli ravishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 5,1 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bu kredit mablag‘lari, asosan, olis qishloq tumanlarida va mehnat bozorida vaziyat keskin bo‘lgan hududlarda ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Senatorlarning fikricha, ko‘rib chiqilayotgan Dastur fuqarolarning ishbilarmonlik faolligini bundan buyon ham rag‘batlantirishni, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hamda saqlashga, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarini, shuningdek, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va kengaytirishni hamda boshqalarni nazarda tutadi.
Shundan so‘ng senatorlar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida tayyorlangan bir qator qonunlarni ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.
Shu jumladan, ruxsat berish tizimining yagona normativ-huquqiy bazasini yaratish, vakolatli davlat organlarida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish shartlari va tartibini birxillashtirish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirishdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boshqaruv harakatlarining batamom ochiq-oydinligini ta’minlash maqsadida tayyorlangan “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi. Xususan, ushbu Qonunning asosiy yangiliklaridan biri ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarning “bir darcha” orqali berilishi prinsipini joriy etishdan iborat ekanligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu prinsipga muvofiq vakolatli organ tadbirkorlik sub’ektiga ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatni berishi uchun boshqa vakolatli organlar tomonidan beriladigan ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishi talab qilingan hollarda hujjatlarni berish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi, bunda vakolatli organ hujjatlarni tadbirkorlik sub’ektining ishtirokisiz mustaqil ravishda oladi.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunda ruxsat berish tartib-taomillarini o‘tishning asosiy unsurlarini belgilab qo‘yish tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimini ancha takomillashtirishga, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, shuningdek, ruxsat berish tartib-taomillari bilan bog‘liq masalalarni huquqiy tartibga solishning izchilligini va yaxlitligini ta’minlashga imkon beradi.
Shundan keyin senatorlar yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqdilar. Ushbu hujjat qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirish, xalqaro va milliy qonun ijodkorligi amaliyotini hisobga olgan holda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishning yanada samarali mexanizmlarini yaratish hamda sifatini oshirish maqsadida tayyorlangan. Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Qonun oldingi tahrirdagi Qonundan hajm jihatidan ham, mazmun jihatidan ham ancha farq qiladi. Qonun yangi moddalarni o‘z ichiga olibgina qolmasdan, shu bilan birga hozirgi kunning real voqeliklarini hisobga olgan holda uning ko‘plab amaldagi qoidalari mazmuniga jiddiy tuzatishlar kiritadi.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning sifatini, ularning loyihalarini tayyorlashda qatnashadigan organlarning mas’uliyatini oshirishga, qabul qilingan qonun hujjatlari ijro etilishini samarali tashkil etishga yordam beradi.
Senatorlar xususiy mulkchilikka asoslangan xususiy bank va moliya institutlarini tashkil qilishning qonunchilik asoslarini shakllantirishga, bank va boshqa moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatni kengaytirishga hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga, zamonaviy bozor infratuzilmasi rivojlanishi uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan “Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi xususiy bank va moliya institutlari uchun teng sharoitlar yaratishga, ular faoliyatining davlat kafolatlari tizimini kuchaytirishga, xalqaro normalar va standartlarga muvofiq moliya-bank tizimi faoliyatining barqarorligini va samaradorligini ta’minlashga, shuningdek, bu sohada raqobatni rivojlantirishga yordam beradi.
So‘ngra senatorlar “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Muhokama jarayonida qayd etilganidek, Qonunning asosiy maqsadi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor-qidiruv faoliyatining qonunchilik va huquqiy asoslarini, shuningdek, tezkor-qidiruv xususiyatiga ega bo‘lgan tadbirlarni amalga oshirish vaqtida qonuniylikka rioya etilishi, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari ta’minlanishining real huquqiy kafolatlarini yaratishdan iborat.
Senatorlar ko‘rsatib o‘tganlaridek, ushbu Qonun tezkor-qidiruv faoliyatini tartibga soladigan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan amaldagi normalarni muntazam holga keltirish, surishtiruv va dastlabki tergov sifatini, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga o‘z vaqtida chek qo‘yish choralarining samaradorligini oshirish imkonini beradi, shuningdek, sud-huquq tiziminin yanada demokratlashtirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini liberallashtirishga yordam beradi.
“Saylov erkinligi yanada ta’minlanishi va saylov qonunchiligi yanada rivojlantirilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilish jarayonida senatorlar kiritilayotgan normalar saylov kampaniyasini o‘tkazish vaqtida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga teng sharoitlarni ta’minlash mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilganligini ko‘rsatib o‘tdilar.
Parlament yuqori palatasining a’zolari ushbu Qonunning ro‘yobga chiqarilishi saylov erkinligi prinsipini yanada to‘la amalga oshirishga, mamlakat saylov tizimini yanada demokratlashtirishga, shuningdek, saylovni tayyorlash va o‘tkazish jarayonida oshkoralik va ochiq-oydinlik prinsiplari mustahkamlanishiga yordam beradi, degan fikrni bildirdilar.
Shundan keyin senatorlar ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek, sud-huquq tizimini isloh qilish maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik, Soliq va Bojxona kodekslariga, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi, “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi, “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar taklif qilinayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari himoya qilinishining huquqiy kafolatlarini, ularning faoliyatini nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlarni yanada yaxshilashga, mikromoliyalash bozori sifat jihatidan rivojlanishini, soliq solish tizimini birxillashtirishni, jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlari liberallashtirilishini, yo‘l harakati xavfsizligi takomillashtirilishini ta’minlashga qaratilgan bir qator yangiliklarni nazarda tutadi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘ninchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati

 

Для содержимого этой страницы требуется более новая версия Adobe Flash Player.

Получить проигрыватель Adobe Flash Player


Chop etilgan sana: 05.12.2012 20:01:11
Yangilangan sana:


Ўзбекча | Русский | English | Français | Español | Arabian

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati