O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

Parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasida Buyuk Britaniya Parlamentining “Britaniya-O‘zbekiston” umumpartiyaviy guruhi raisi, lord Jon Veyverli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi aloqalar ko‘plab jabhalarda, jumladan, parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani, bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash uchun ikki tomonda ham qiziqish katta ekani alohida ta’kidlandi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida imzolangan daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilishga, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilishga, iqtisodiyot, ta’lim, fan va madaniyat hamda havo transporti aloqasi, shuningdek, sayyohlik sohalaridagi hamkorlikka oid bitimlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni izchil rivojlantirish hamda ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya kengashi majlislari muntazam o‘tkazib kelinayotir. 2011-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177,5 million AQSH dollarini tashkil qildi. O‘zbekistonda britaniyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tuzilgan 437 korxona, Buyuk Britaniyaning 86 firma va kompaniyasi vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar ham izchil ravnaq topmoqda. Xususan, 2002-yili o‘z faoliyatini boshlagan Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikka yorqin misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida bo‘lgan uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

– Parlamentlararo aloqalarimiz izchil rivojlanayotganidan g‘oyat mamnunmiz, – dedi Jon Veyverli. – 2010-yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Buyuk Britaniya Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha guruhi hamda Buyuk Britaniya Parlamentining “Britaniya-O‘zbekiston” umumpartiyaviy guruhi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi mamlakatlarimiz o‘rtasida parlamentarizm sohasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni jadal taraqqiy ettirishga katta hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik aloqalarini yanada taraqqiy ettirish tarafdorimiz.

Shu kuni Jon Veyverli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga tashrif buyurdi. Buyuk Britaniya Parlamenti faoliyatiga bag‘ishlangan “Ochiq Parlament” hujjatli filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Buyuk Britaniya Parlamentining “Britaniya-O‘zbekiston” umumpartiyaviy guruhi raisi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ham muzokara o‘tkazdi.

Mehmon Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyati bilan tanishdi.

UzA

Video:

Для содержимого этой страницы требуется более новая версия Adobe Flash Player.

Получить проигрыватель Adobe Flash Player

Русский :: English

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati