O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2011 yil 27 avgustda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini O‘zbekiston Respublikasining bir qator xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqish va ma’qullashdan boshladilar.

Xususan, «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qatar Davlati o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish to‘g‘risidagi Bitimni (Doha, 2010 yil 24 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma’qullandi. Ushbu hujjatni qabul qilishdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2010 yil 24 noyabrda Qatar Davlatiga tashrifi doirasida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qatar Davlati o‘rtasidagi Bitimni ratifikatsiya qilishdan iborat.

Mazkur Bitim qoidalariga muvofiq tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda teng huquqli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan ikki tomonlama sherikchilikning aniq yo‘nalishlarini belgiladilar. Jumladan, tomonlar madaniyat, san’at, ta’lim, ommaviy axborot vositalari, sport va turizm, shuningdek, fundamental va amaliy fanlar, ilg‘or texnika va texnologiyalarni rivojlantirish hamda joriy qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va birgalikdagi ilmiy-tadqiqot dasturlari hamda loyihalarni amalga oshirish, olimlar, mutaxassislar almashinuvi va boshqa sohalardagi har tomonlama hamkorlikni rag‘batlantirish hamda kengaytirib borishni maqsad qilib olganlar.

«Umumjahon pochta ittifoqining Ustaviga Sakkizinchi qo‘shimcha bayonnomani (Jeneva, 2008 yil 12 avgust) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqish asnosida ushbu hujjatni qabul qilishdan maqsad Umumjahon pochta ittifoqining 2008 yil 12 avgustda Jenevada bo‘lib o‘tgan XXIV Kongressida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan mazkur hujjatni ratifikatsiya qilishdan iborat ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi 1994 yilda Umumjahon pochta ittifoqiga kirgan vaqtida uning Ustavi va Yakuniy bayonnomasiga (Vena, 1964 yil 10 iyul), so‘ngra esa Umumjahon pochta ittifoqi Ustavining avval qabul qilingan barcha yettita qo‘shimcha bayonnomasiga qo‘shilgan edi. Ushbu bayonnomalar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ratifikatsiya qilingan.

Umumjahon pochta ittifoqiga kiruvchi mamlakatlar pochta jo‘natmalarini o‘zaro almashish uchun yagona pochta hududini tashkil etishiga asoslanib, tashkilotning maqsadi pochta aloqalari tashkil etilishi va takomillashtirilishini ta’minlash hamda bu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishdan iborat qilib belgilangan edi.

Mazkur Bayonnomaning ratifikatsiya qilinishi, senatorlarning fikricha, O‘zbekistonga sifatli, samarali pochta aloqasi xizmatlarini barqaror rivojlantirishni davom ettirish, Umumjahon pochta ittifoqiga a’zo barcha mamlakatlar hududida xalqaro pochtani qabul qilish, uni ishlash va yetkazib berishning yagona texnologiyasidan foydalanish, ular bilan hamkorlikni va o‘zaro aloqani rivojlantirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda o‘z manfaatlarini himoya qilish va yoqlash imkonini beradi.

Shundan keyin senatorlar «Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazini tashkil etish to‘g‘risida Ozarboyjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi Bitimni (Ostona, 2006 yil 24 iyul) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Ushbu Bitimning maqsadi a’zo davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining giyohvandlik vositalarining qonunga xilof ravishda tarqatilishiga qarshi kurash sohasidagi mintaqaviy hamkorligini kengaytirishdan iborat.

Kun tartibi doirasida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2010 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi F.Mullajonovning hisobotini tinglab va muhokama qilib, Markaziy bank 2010 yilda o‘z faoliyatini «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq amalga oshirganligini hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida qo‘yilgan ustuvor vazifalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2010 yil 8 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2009 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida»gi Qarori hamda 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturi ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaganligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Yalpi majlisda qayd etilganidek, qat’iy pul-kredit siyosatini yuritish natijasida hisobot davrida makroiqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishi hamda inflatsiya darajasining ko‘zlangan maqsad parametrlari doirasida saqlanib turishi ta’minlandi. 2010 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etdi, tijorat banklarining umumiy kapitali 1,4 barobar o‘sdi. Bundan tashqari, banklarning kapitallashuvini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilganligi mamlakat bank tizimi kapitalining yetarlilik ko‘rsatkichi umumiy qabul qilingan jahon standartlaridan 3 barobar ortiq bo‘lishini ta’minlash imkonini berdi, natijada banklarning aktivlari 32,1 foizga ko‘paydi.

Hisobotni muhokama qilish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki moliya-bank faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, tijorat banklarining bundan buyon ham kapitallashuvi hisobiga banklarning moliyaviy barqarorligi va likvidligini oshirish, bu sohaga xususiy kapitalni jalb etish, tijorat banklarining investitsiyaviy faolligini kuchaytirish hamda ularning iqtisodiyot real sektorining investitsiya loyihalarini moliyalashdagi ishtirokini kengaytirish, kichik biznes, fermerlikni va xususiy tadbirkorlikni kreditlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda soddalashtirish va hajmlarini oshirish zarurligi qayd etildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2010 yil 12 noyabrda o‘tkazilgan qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» nomli hamda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 21 yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisidagi ma’ruzalarida bayon etilgan bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirishning g‘oyat muhim omili va sharti sifatida bank-moliya tizimining barqarorligini ta’minlash, shuningdek, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish sohasidagi asosiy qoidalar hamda xulosalar ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Ushbu hisobotni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senati tegishli qaror qabul qildi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Senatning ikki kunlik majlisi davomida 21 ta masala, shu jumladan demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil chuqurlashtirishga hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan 15 ta qonun ko‘rib chiqildi. Ularning ro‘yobga chiqarilishi aholining turmush darajasini, mamlakatimizda barqarorlik va farovonlikni yanada oshirishning qudratli omili bo‘ladi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati

UzA, 27.08.2011

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati