O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot        

 

2011 yil 6 dekabrda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini 2012 yilgi soliq siyosati konsepsiyasiga muvofiq tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik, Uy-joy, Soliq kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu o‘zgartish va qo‘shimchalar ko‘chmas mulkni ijaraga beruvchilar va ijaraga oluvchilarning huquqlarini himoya qilishga, soliqlarni to‘lash tartibini hamda soliq ma’muriyatchiligi tartib-taomillarini soddalashtirishga, shuningdek, soliq to‘lovchilar va soliq organlarining chiqimlarini kamaytirishga yordam beradi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasining bir qator xalqaro shartnomalarini ko‘rib chiqib, ma’qulladilar.

«Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining 2006 yilgi (Antaliya) va 2010 yilgi (Gvadalaxara) Vakolatli konferensiyalari tomonidan Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining Ustavi va Konvensiyasiga doir qabul qilingan Tuzatish hujjatlarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni shular jumlasidandir. Ushbu hujjatni qabul qilishdan maqsad Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining 2006 va 2010 yilgi Vakolatli konferensiyalari yakunlari bo‘yicha imzolangan va Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining (XEAI) Ustavi va Konvensiyasiga Tuzatish hujjatlarini o‘z ichiga oladigan Yakunlovchi hujjatlarini ratifikatsiya qilishdan iborat.

Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarning ratifikatsiya qilinishi aloqa va axborotlashtirish sohasidagi standartlashtirish bo‘yicha xalqaro faoliyatda O‘zbekiston Respublikasining faol qatnashishini ta’minlaydi, mamlakatimizning ma’lumotlar uzatish sohasidagi eng yangi axborot-kommunikatsiya ishlanmalaridan bahramand bo‘lish imkonini kengaytiradi, shuningdek, tarmoq mutaxassislarining professional saviyasini oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro tajribani o‘zaro foydali almashishni amalga oshirishga imkon beradi.

«Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi Bitimni (Moskva, 2011 yil 16 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni har tomonlama muhokama qilingach, ma’qullandi. Bitim Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi (YEOG)ning asosiy maqsadlari hamda vazifalarini belgilab beradi, uning ustav organlarini hamda YEOGga a’zo bo‘lish shartlarini aniqlashtiradi, shuningdek, tashkilot faoliyatini moliyalash mexanizmlarini konkretlashtiradi.

Senatorlar ushbu hujjatni muhokama qilish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining YEOG faoliyatida ishtirok etishi jinoiy daromadlarni legallashtirishga (tozalab olishga) va terrorizmni moliyalashga qarshi kurashish sohasida Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda moliyaviy choralarni ishlab chiquvchi guruh (FATF), Xalqaro valuta fondi (XVF), Jahon banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari bilan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga yordam berishini ko‘rsatib o‘tdilar.

Senatorlar «Shanxay hamkorlik tashkilotining Terrorizmga qarshi konvensiyasini (Yekaterinburg, 2009 yil 16 iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqib, ma’qulladilar.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Oqdaryo va Samarqand tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklif ko‘rib chiqildi. Samarqand viloyatining ma’muriy-hududiy bo‘linishini takomillashtirishga qaratilgan ushbu tashabbusning ma’qullanishi mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirishga, aholi turmush sharoitlarini yaxshilashga, shaharsozlik va rejalashtirish ishlari samaradorligini oshirishga, kommunikatsiya tizimlarini, gaz va suv ta’minoti tarmoqlarini, energiya bilan ta’minlashni rivojlantirishga, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini markazlashtirishga, mazkur hududiy birliklarni boshqarish samaradorligini oshirishga yordam berishi ko‘rsatib o‘tildi.

Konstitutsiya normalariga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2010 yil 12 noyabrdagi qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida bayon etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga doir qoidalarni amalga oshirish doirasida, shuningdek, huquq ijodkorligi faoliyatini va huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish maqsadida Oliy Majlis Senatining majlisida bir qator vazirlik va idoralar rahbarlarining tegishli tarmoqlarda qonun hujjatlari talablarini bajarishning borishi to‘g‘risidagi Oliy Majlis yuqori palatasi so‘rovlarini ijro etish yuzasidan tayyorlangan axboroti tinglandi.

Chunonchi, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Farg‘ona viloyati soliq organlari tomonidan bajarilishi haqidagi axborotini tingladilar va muhokama qildilar.

Muhokama jarayonida senatorlar soliq organlarining ishini, jumladan, Farg‘ona viloyatida yanada takomillashtirish, «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishini ta’minlash, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish hollariga yo‘l qo‘ymaslik, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini kuchaytirish, tekshiruvlar o‘tkazish samaradorligini oshirish, shuningdek, budjetga soliq tushumlarini ta’minlash choralarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalarni bildirdilar.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati olib borilishini ta’minlash borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborotini ham tingladilar va muhokama qildilar.

Senatorlar o‘z chiqishlarida huquqiy targ‘ibot va jamiyatda huquqiy ta’lim sohasidagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish borasida, davlat organlarining bu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirishda, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti va norma ijodkorligi faoliyatida qonuniylikka rioya etilishini ta’minlashda, tayyorlanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ro‘yobga chiqarishda adliya organlari olib borayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan qator takliflarni bayon etdilar.

Parlament so‘rovlarini muhokama qilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tegishli qarorlar qabul qildi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisini saylash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisini tayinlash masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Senatning ikki kun davom etgan majlisida 26 ta masala, shu jumladan ro‘yobga chiqarilishi mamlakatda demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirishning, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning, bandlikni ta’minlashning va aholi turmush darajasini oshirishning, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishda O‘zbekiston Respublikasining o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorligini rivojlantirishning muhim omili bo‘ladigan 15 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shu bilan Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini tamomladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati.

O'zA, Xalq so'zi gazetasi, 07.12.2011

Ўзбек кирилл графикасида очиш >>

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati