O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

<< YANGILIKLAR |                                                       

2010 yil 28 avgust
Oliy Majlis Senatida

28 avgust kuni Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi ochiladi.

Kecha Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo’lib o’tdi. Unda bo’lajak yalpi majlisni o’tkazishga tayyorgarlik ko’rish to’g’risidagi axborot tinglandi.

Qo’mitalarning raislari navbatdagi yalpi majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonunlar yuzasidan xulosalar va boshqa masalalar bo’yicha qarorlar tayyorligi haqida axborot berdilar, majlis ishini tashkil etish yuzasidan o’zaro fikr almashdilar.

Yalpi majlisda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, jumladan, davlat qurilishi va boshqaruvi sohasini, sud-huquq islohotini takomillashtirishga, huquq-tartibotni va mamlakat xavfsizligini ta’minlashga, ijtimoiy muammolarni hal qilish samaradorligini oshirishga yo’naltirilgan yigirmaga yaqin qonunni ko’rib chiqish nazarda tutilmoqda.

Senatorlar bu borada «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi asosida qabul qilingan, voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish masalalarini tartibga solishga hamda bolalarni himoya qilishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga, voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalarning, ota-onalarning, vasiylik va homiylik organlarining yosh avlod uchun mas’uliyatini oshirishga qaratilgan «Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining muhimligini ta’kidladilar.

Baholash faoliyati to’g’risidagi amaldagi qonun hujjatlarini, garov bilan bog’liq huquqiy munosabatlarda kreditorlarning manfaatlari muhofaza qilinishini nazarda tutadigan huquqiy normalarni, pensiya ta’minoti va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga yo’naltirilgan boshqa qonunlar ham ko’rsatib o’tildi.

Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat sanitariya nazorati va davlat statistikasi organlari rahbarlarini tayinlashni tartibga solish, soliq organlari tizimini modernizatsiya qilish, soliq ma’murchiligining zamonaviy usullari va mexanizmlarini joriy etish, monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish tizimi va raqobat muhitini rivojlantirish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog’lomlashtirish ishlarini faollashtirish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan notariat instituti faoliyatini takomillashtirish masalalari bilan bog’liq bir qator qonunlarni muhokama qilish belgilandi.

Senatorlar jinoyat ishlari yuzasidan o’zaro huquqiy yordam ko’rsatish bo’yicha O’zbekiston va xorijiy davlatlar vakolatli organlari o’rtasida xalqaro-huquqiy hamkorlikning amaldagi tizimida tergov-sud amaliyotini shakllantirishning, insofsiz va yashirin reklamani amalga oshirish hollariga chek qo’yishning, reklama materiallarini tarqatishda umume’tirof etilgan odob-axloq normalariga rioya qilinishini ta’minlashning, shuningdek, reklamani joylashtirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishning, pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish, pirotexnika vositalarining qonunga xilof ravishdagi muomalasi va ulardan foydalanish sohasida samarali davlat nazoratini o’rnatishning huquqiy bazasini yaratuvchi qonunlarni ham ko’rib chiqadilar.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati

O'zA
Xalq so'zi gazetasi

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati