OLIY MAJLIS SENATI

<< YANGILIKLAR |                                                                

2010 yil 28 yanvar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi to‘g‘risida axborot

Ислом Каримов

Toshkentda 27 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.

Majlislar zalida Vazirlar Mahkamasi a’zolari, respublika tashkilotlari rahbarlari, xorijiy davlatlar elchilari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlarning vakillari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari muxbirlari ishtirok etdi.

Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri D.Toshmuhamedova boshqardi.

Kun tartibi tasdiqlanganidan keyin, deputatlar va senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi to‘g‘risidagi murojaatini ko‘rib chiqib, uni qondirdi, hukumatga uning yangi tarkibi shakllantirilgunga qadar o‘z vazifasini bajarishni davom ettirib turish topshirildi.

Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov «Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir» mavzuida ma’ruza qildi.

Majlisda davlatimiz rahbari ma’ruzasida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari B.Yoqubov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi M.Xo‘jamberdiyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari U.Vafoyev, Xorazm viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, senator SH.Xo‘janiyozova, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari U.Muhammadiyev, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, senator N.Aimbetov, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari I.Saifnazarov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktorining o‘rinbosari, senator YE.Borisova, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi rahbari B.Alixonov so‘zga chiqdi. So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruzasidagi qoidalar va xulosalarni qo‘llab-quvvatladilar.

Davlatimiz rahbarining ma’ruzasi bo‘yicha Oliy Majlis palatalarining ma’ruzada qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish to‘g‘risidagi qo‘shma qarori qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Oliy Majlis ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga SH.Mirziyoyev nomzodini taqdim etdi.

Parlament a’zolari ko‘rsatilgan nomzodni ma’qulladi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri etib SH.Mirziyoyevni tasdiqladi. Ushbu masala bo‘yicha Oliy Majlis palatalari tegishli qarorlar qabul qildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi o‘z ishini yakunladi.

ЎзА

© 2009 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati