OLIY MAJLIS SENATI

<< YANGILIKLAR |                                                                

2010 yil 27 yanvar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi to‘g‘risida axborot

Ислом Каримов Сенат 1-мажлисида

Toshkentda 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomov majlisni ochib, Oliy Majlisning Senatini shakllantirish yakunlari to‘g‘risida axborot berdi va saylangan senatorlarni tabrikladi.

Senatorlar kun tartibini tasdiqlab, Senat birinchi majlisining muvaqqat kotibiyatini, elektron tizimdan foydalanish bo‘yicha muvaqqat nazorat guruhini sayladilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

– Avvalambor, bugun sizlar bilan mana shu muhtasham zalda uchrashib turganimdan xursand ekanimni bildirib, sizlarni xalqimizning katta ishonchiga, ya’ni Oliy Majlisimizning yuqori palatasiga a’zo bo‘lib, senator degan yuksak nomga sazovor bo‘lganingiz bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman, – dedi davlatimiz rahbari.

Bugun Senatning birinchi majlisida qatnashayotgan deputatlar – bular ilgari ham senatorlik vazifasini bajarib, tajriba topgan xalq vakillari bo‘ladimi, ilk bor ana shunday yuksak sharafga munosib bo‘lgan insonlar bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, sizlarning barchangiz qanday katta hayajon va kayfiyatda ekaningizni sezish, ko‘rish qiyin emas, deb ta’kidladi Prezidentimiz.

Har qaysi odamning hayotida uning katta-kichik lavozimga ko‘tarilishi uchun qancha ishonch bildirilmasin, inson har doim baribir o‘ziga nisbatan el-yurt tomonidan ko‘rsatilgan hurmat-e’tiborni yangitdan his qilishi, o‘zgacha hayajonda, shukronalik va minnatdorlik kayfiyatida bo‘lishi tabiiy.

Shu ma’noda, bugun mana shu zalda to‘plangan Senat a’zolarining aksariyati ochiqlik va oshkoralik, xolislik va haqqoniylik ruhida, keskin kurashlarda o‘tgan saylovlarda g‘olib chiqib, avval mahalliy kengashlarga keyin esa Oliy Majlisning yuqori palatasiga saylanib, qanday mashaqqatli tanlov va sinovdan o‘tganlarini yaxshi anglaydilar.

Ayni paytda bu holat Sizlarning zimmangizga naqadar ulkan mas’uliyat yuklashini va bu mas’uliyatni bajarish tom ma’noda faollik va fidoyilikni talab etishini ham yaxshi tasavvur qilasizlar, deb ishonaman.

Senatning yangi tarkibi ham professional, ham siyosiy, ham tayyorgarlik nuqtai nazaridan oldingi tarkibga nisbatan ancha yuqori darajada shakllandi. Bu fikrning tasdig‘i sifatida quyidagi raqamlarni keltirish o‘rinlidir.

Сенат 1-мажлиси

Senat yangi tarkibi a’zolarining 94 nafari oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 18 nafarini iqtisodchilar, 9 nafarini yuristlar, 23 nafarini muhandis-texnik xodimlar, 15 nafarini pedagoglar, 8 nafarini tibbiyot xodimlari tashkil etadi. Senatorlar orasida 13 nafar fan nomzodi, 8 ta fan doktori, 2 nafar akademik bor.

Oliy Majlisimizning yuqori palatasiga ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, madaniyat, ta’lim-tarbiya sohalari, jamoat tashkilotlarining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari a’zo etib saylangani, hech shubhasiz, Senatning salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

O‘tgan besh yil mobaynida mamlakatimizda Senat faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha katta tajriba to‘planganini hisobga olishimiz zarur.

Davlatimiz rahbari ana shunday tajribani orttirishda, Senat qo‘lga kiritgan barcha yutuqlarga munosib hissa qo‘shgan, bu borada o‘zini ayamasdan mehnat qilgan Senatning oldingi tarkibi a’zolariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistonimizni har tomonlama taraqqiy ettirish bilan bog‘liq ulug‘vor vazifalarni amalga oshirishda, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishda barchangizga chin qalbimdan katta muvaffaqiyat va yangi omadlar tilayman, dedi Prezidentimiz.

O‘tgan davr mobaynida Senat avvalo oliy vakillik organi sifatida Vatanimiz oldida turgan yuksak maqsadlarga erishish, umumdavlat va hududiy manfaatlarning mutanosibligini ta’minlash, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadigan qonunlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash, qonun hujjatlarida belgilangan qoida va talablarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirganini ta’kidlash lozim.

Mamlakatimiz rahbari Senat faoliyatida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar, e’tibordan chetda qolgan masalalar, uning oldida turgan eng muhim vazifalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

O‘z ishimizga o‘zimiz tanqidiy baho bermasdan turib, yangitdan shakllangan Senatning vazifalari, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, islohotlarimiz samarasini ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, bugun hayotning o‘zi talab qilayotgan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish mumkin emas, deb ta’kidladi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni taqdim etdi.

Senat a’zolari yashirin ovoz berish yo‘li bilan Senat Raisi lavozimiga Ilgizar Sobirovni, Rais o‘rinbosarlari etib Mavjuda Rajabova va Musa Yerniyazovni sayladilar.

Majlisga raislik qiluvchining taklifiga binoan senatorlar Senat qo‘mitalarini tashkil etdilar va ularning raislarini sayladilar. Shuningdek, Oliy Majlis Senatining Reglament va etika masalalari bo‘yicha komissiyasi ham tuzildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi nihoyasiga yetdi.

ЎзА
(“Халқ сўзи” газетаси 2010 йил 27 январь)

© 2009 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati