O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

<< YANGILIKLAR |                                                       

2010 йил 4 декабрь

 

Oliy Majlis Senatining to'rtinchi yalpi majlisi to'g'risida axborot

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

3 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrda o‘tkazilgan qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» mavzuidagi ma’ruzasi hamda mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini kuchaytirish borasidagi 2010 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan vazifalar to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Davlatimiz rahbarining ushbu ma’ruzasi mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotida g‘oyat muhim voqea bo‘lganligi qayd etildi. Unda mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy o‘zgartirishlar jarayoni chuqur tahlil qilindi, O‘zbekistonning demokratik va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi asosiy yutuqlari haqida har tomonlama fikr yuritildi, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lgan ochiq demokratik davlat qurishning, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrda o‘tkazilgan qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» mavzuidagi ma’ruzasi jahon jamoatchiligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va hozir ham ommaviy axborot vositalarida taniqli davlat, siyosat va jamoat arboblari, xorijiy mamlakatlarning olim va ekspertlari tomonidan keng sharhlanmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan va ilgari surilgan Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining qoida va xulosalari asosiy strategik maqsadga erishishga – iqtisodiyoti barqaror rivojlanib borayotgan va butun dunyoda hurmat-e’tibor qozongan, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari so‘zda emas, balki amalda oliy qadriyat hisoblanuvchi kuchli fuqarolik jamiyatiga ega bo‘lgan demokratik huquqiy davlatni barpo etishga qaratilgan. Konsepsiya ichki islohotlar va umumjahon demokratik jarayonlarining borishini teran fikrlash natijasi bo‘ldi. U mamlakatning siyosiy tizimini modernizatsiya qilishda dasturiy hujjat, O‘zbekistonni isloh qilish va demokratlashtirishda yangi bosqich bo‘ldi.

Senatorlar o‘z chiqishlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Konsepsiyaning qoidalari va xulosalarini butunlay va to‘la-to‘kis ma’qullab, mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridan, har bir senatordan va barcha darajalardagi deputatlardan yuksak tashabbuskorlikni, qonun ijodkorligi faoliyatining samaradorligini hamda parlament nazoratining ta’sirchanligini oshirishni, o‘z ishlarida umumdavlat va mintaqalar manfaatlari uyg‘un qo‘shib olib borilishini ta’minlashni talab qiladi. Senat Kengashi, qo‘mitalari va komissiyalarining, mahalliy hokimiyat vakillik organlarining eng muhim vazifasi Konsepsiyaning mazmun va mohiyatini keng jamoatchilik, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi e’tiboriga yetkazishdan iborat.

Senatorlar masalani har tomonlama muhokama qilganlaridan keyin davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, sud-huquq tizimini isloh qilish, axborot sohasini rivojlantirish hamda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, saylov qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirish, bozor islohotlarini chuqurlashtirish hamda iqtisodiyotni liberallashtirishning Konsepsiyada belgilab berilgan asosiy yo‘nalishlarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrda o‘tkazilgan qo‘shma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzuidagi ma’ruzasining asosiy qoidalari va xulosalarini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2010 yilga va keyingi yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturini ma’qulladilar. Har tomonlama muhokamadan so‘ng ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2011 yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishga kirishdilar. Senatorlar mamlakatning asosiy moliyaviy hujjati makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashni, Inqirozga qarshi choralarning 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan dasturi va kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishni hisobga olgan holda ishlab chiqilganligini hamda yalpi ichki mahsulotning yuqori sur’atlar bilan o‘sishiga erishishga, diversifikatsiya qilingan va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga, aholi farovonligi va turmush darajasini yanada oshirishga qaratilganligini qayd etdilar.

Muhokama asnosida senatorlar dunyoning aksariyat mamlakatlarida jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi natijasida iqtisodiyotning o‘sishi ancha pasayib ketgan, ishlab chiqarishda turg‘unlik jarayonlari yuz bergan, davlatning tashqi qarzi ko‘payishi davom etayotgan bir vaqtda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlarining oldini olish va ularni bartaraf etish yuzasidan O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Inqirozga qarshi choralarning 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan dasturi amalga oshirilayotganligi sababli ishlab chiqarish darajasi saqlab qolinishidan tashqari iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlanganligini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti profitsit bilan ijro etilishi ta’minlanayotganligini ta’kidladilar.

Majlisda qayd etilganidek, mamlakatimizning 2011 yilga mo‘ljallangan soliq siyosati xo‘jalik yurituvchi subyektlar zimmasiga tushayotgan soliq yukini yanada kamaytirishga, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag‘batlantirishga, fuqarolarning daromadlarini va ularning xarid qobiliyatini oshirishga, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishga, shuningdek, mahalliy budjetlarning daromadlar qismini mustahkamlashga qaratiladi. Xususan, aholining real daromadlarini ko‘paytirish maqsadida kelgusi yilda jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan soliq stavkasi soliqqa tortishning birinchi va o‘rta shkalasi bo‘yicha bir foiz bandiga pasaytiriladi. Shuningdek, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkalarini 7 foizdan 6 foizgacha pasaytirish nazarda tutilmoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda, bu chora 2011 yilda 50 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ni xo‘jalik yurituvchi subyektlar ixtiyorida qoldirish imkonini beradi, ularga ishlab chiqarishni kengaytirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashni amalga oshirishni jadallashtirish uchun sharoit yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2011 yilgi Davlat budjeti ijtimoiy sohaga va aholini sotsial qo‘llab-quvvatlashga qilinadigan xarajatlar ulushini 2010 yildagi 58,9 foizdan 2011 yilda 59,5 foizgacha ko‘paytirishni nazarda tutayotganligi, bu YAIMga nisbatan 13,1 foizni tashkil qilishi alohida ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, mamlakatning asosiy moliyaviy hujjati ish haqi, stipendiyalar, ijtimoiy nafaqalar hamda pensiyalar miqdorlarini inflatsiya sur’atlaridan yuqori darajada oshirish yo‘li bilan aholi daromadlari va turmush darajasi yanada izchil oshishini ta’minlashni, budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishni, moliyalashning budjetdan tashqari manbalarini kengaytirishni, budjet muassasalari tuzilmasi va tarmog‘ini maqbullashtirishni, aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamning manzilliligini kuchaytirishni, Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlashning budjetdan tashqari jamg‘armasini tashkil etish yo‘li bilan umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini kapital rekonstruksiya qilish va ta’mirlashni, mebel, zamonaviy kompyuter texnikasi va o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlashni moliyalashning ishonchli va doimiy manbalarini yaratishni nazarda tutadi. Har tomonlama muhokamadan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining O‘zbekiston Respublikasining 2011 yilgi Davlat budjetini ma’qullash haqidagi qarorini qabul qildilar.

Senatorlar «Soliq va budjet siyosatining 2011 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi, uning asosiy maqsadi – kodeksning ayrim moddalari, normalari o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etishdan hamda aniqlashtiruvchi normalarni kiritishdan, shuningdek, soliq to‘lovchilar bilan davlat soliq xizmati organlari o‘rtasida vujudga keladigan nizoli vaziyatlarni bartaraf etishdan iborat.

Shuningdek, qonun vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha hamda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni to‘lashdan bosh tortganlik uchun mansabdor shaxslarning, shuningdek, xodimlar sonini yashirganlik uchun va qonunga xilof ravishda xodim yollaganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 27-moddasi bilan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq belgilanishi munosabati bilan “Boj tarifi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga import va eksport bojxona bojlari stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanishi haqida o‘zgartish kiritilmoqda. “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 12-moddasi ikkinchi qismiga nazorat qiluvchi organlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Hukumatining qarorlaridan kelib chiqadigan tekshiruvlarni o‘tkazish zarur bo‘lgan hollarda rejadan tashqari tekshiruvlarni amalga oshirish huquqini beradigan o‘zgartishlar kiritildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga soliqni va boshqa majburiy to‘lovni hisoblab chiqarishga, soliq solinadigan bazani aniqlashga, paxta tolasini respublikaning ichki iste’molchilariga realizatsiya qilish bo‘yicha oborotlarga soliq solish masalalarini tartibga solishga qaratilgan bir qator qo‘shimcha va tuzatishlar ham kiritilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 208-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlar davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha xizmatlarni shuningdek, sanatoriylar, shifoxonalar, profilaktoriylar, kurortlar, pansionatlar, dam olish uylari va zonalari, bolalar dam olish oromgohlari hamda boshqa dam olish tashkilotlari tomonidan ularning asosiy faoliyati doirasida ko‘rsatiladigan xizmatlar, ular yuridik shaxslar yoki yuridik shaxslarning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatilishidan qat’i nazar, qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilinishini nazarda tutadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan bandlik, aholi daromadlari, turmush darajasi va sifati oshishini ta’minlash, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining mehnat salohiyatidan samarali foydalanish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarining ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligi masalalarini hal qilish uchun javobgarligini kuchaytirish maqsadlarida ishlab chiqilgan 2011 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Senatorlar dastur mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini, 2010 yilda ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha ishlarning kutilayotgan yakunlarini, shuningdek, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini va mamlakat hududlarini rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha 2011 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini tahlil qilish va baholash natijalariga asoslanganligini, shu jumladan, Inqirozga qarshi choralarning 2009–2012 yillarga mo‘ljallangan dasturiga muvofiq ishlab chiqilganligini qayd etdilar.

2011 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining asosiy yo‘nalishlari va prognoz parametrlari vaqtincha ishlamayotgan fuqarolar (ishsizlar)ni, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlarni, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar natijasida bo‘shab qolayotgan xodimlarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojni, shuningdek, yangi ish o‘rinlari tashkil etishning barcha mavjud imkoniyatlari va zaxiralarini hisobga olgan holda belgilangan.

Dasturda 2011 yilda Investitsiya dasturini, mahalliylashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash tarmoq dasturlarini amalga oshirish, kichik korxonalar va mikrofirmalar tashkil etish, xususiy tadbirkorlikni, kasanachilikni rivojlantirish, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarini tashkil qilish va kengaytirish, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish, avtomobil va temir yo‘llar qurish va ta’mirlash hamda boshqalar hisobiga 956,2 mingta ish o‘rni tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Dasturda 2011 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash prognoz parametrlarining bajarilishi bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Xususan, ish o‘rinlari tashkil etish dasturlari viloyatlar, tumanlar, shaharlar, tarmoqlar, muayyan obyektlar bo‘yicha bajarilishining borishini har oyda monitoring qilish joriy etiladi, monitoring natijalari bo‘yicha ish o‘rinlari tashkil etish yuzasidan tasdiqlangan topshiriqlarni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.

Shundan keyin parlament yuqori palatasining a’zolari «O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun davlat ramzlaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan va «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutadi.

Qonun O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari to‘g‘risidagi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga davlat bayrog‘ini binolar, majlislar zallari, xizmat xonalarida, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy tuzilmalarida ko‘tarish, shuningdek, Davlat bayrog‘ining tasvirini havo kemalariga, avtomototransport vositalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilariga va boshqalarga tushirish hollarini tartibga soladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi qayd etildi. Qonun Davlat gerbi tasvirini binolarning old tomoniga, majlislar zallariga, xizmat xonalariga, normativ-huquqiy hujjatlar blankalariga, davlat organlarining rasmiy nashrlariga, O‘zbekiston Respublikasi pul birliklariga va boshqalarga tushirish hollarini aniqlashtirmoqda.

Bundan tashqari, yuqoridagi qonunlarda bayroq va gerb tasviridan tovarlarni ilgarilatish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish, shuningdek, ularning unsurlarini nodavlat tashkilotlar hujjatlarining rekvizitlariga yoki reklama materiallariga kiritishni taqiqlash belgilanmoqda.

Senatorlar «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 mayda qabul qilingan «Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi 222–II-sonli qarorining 1-ilovasiga qo‘shimcha kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Ushbu qonunlarning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda rieltorlik faoliyatini huquqiy tartibga solishning ko‘chmas mulk bozori qatnashchilari va davlatning manfaatlari muvozanatini ta’minlaydigan tizimini yaratish, uni bosqichma-bosqich rivojlantirishdan, shuningdek, professional rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun qulay sharoitlar tug‘dirishdan iborat ekanligi ta’kidlab o‘tildi. «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida rieltorlik faoliyati, rieltorlik tashkilotlari va rieltorlar, ularning huquqiy maqomi to‘g‘risida tushunchalar berilmoqda, rieltorlik faoliyatini amalga oshirishning asosiy shartlari belgilab qo‘yilmoqda.

Qonunlar rieltorlik faoliyatini majburiy litsenziyalashni va rieltorlarga malaka talablarini o‘rnatishga, rieltorlik xizmatlari sifatini yaxshilashga, rieltorlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni joriy etishga, rieltorlik xizmatlaridan foydalanuvchilarning qonuniy huquqlari va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan.

Yuqorida aytib o‘tilgan qonunlarning ma’qullanishi ko‘chmas mulk bozorini tartibga soluvchi qonunchilikni ancha kengaytirishi, rieltorlik xizmatlaridan foydalanuvchilarning qonuniy huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi, rieltorlik tashkilotlari (rieltorlar) o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini tegishlicha bajarishlari mexanizmini yaratish imkonini berishi, ko‘chmas mulkning birlamchi va ikkilamchi bozorlari barqaror rivojlanishini ta’minlashi, ushbu bozorning barcha ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni maqbullashtirishi ta’kidlandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 19 noyabrdagi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonunning asosiy maqsadi – pensiyalar miqdori fuqarolarning Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishga qo‘shadigan hissasiga bog‘liqligini kuchaytirishdan, uning daromadlari va xarajatlari muvozanatliligini ta’minlashdan iborat ekanligi qayd etildi.

Qonun pensiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga mehnat stajini hisoblab chiqarish, imtiyozli pensiya olish huquqini berish, pensiyalarni tayinlash, qayta hisoblash va to‘lash shartlari hamda tartibi masalalari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan fuqarolar pensiya ta’minotining amaldagi tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Xususan, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar 2011 yilning 1 yanvaridan III guruh nogironlariga yangi pensiyalar tayinlashni bekor qilishni nazarda tutadi, bunda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ishga joylashtirish, ish o‘rinlarining birinchi navbatda yaratib berilishi va saqlanishi, texnik yoki boshqa vositalar (protez-ortopedik buyumlar, o‘rindiqli aravalar, eshitish moslamalari, qo‘ltiqtayoqlar va boshqalar) berish, maishiy va transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha imtiyozlar saqlanib qoladi. Qonun bilan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘da pensiya tayinlash huquqini olish uchun zarur ish stajining eng kam muddati belgilab qo‘yilmoqda, ayrim toifadagi xodimlarga muddatidan ilgari pensiyaga chiqish bo‘yicha imtiyozlar berish masalalari, shuningdek, korxona va tashkilotning aybi bilan mehnatda mayiblanganligi yoki kasb kasalligiga uchraganligi oqibatida vafot etgan (halok bo‘lgan) boquvchisini yo‘qotganlik uchun tayinlangan pensiyalarni to‘lash xarajatlari o‘rni korxona va tashkilotlar mablag‘lari hisobidan qoplanishi masalalari tartibga solinmoqda.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ish beruvchiga xodim pensiya yoshiga yetishi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish huquqini berishni nazarda tutadi, ish beruvchi zimmasiga xodim pensiya yoshiga yetganda u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish niyati to‘g‘risida kamida ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirish majburiyatini yuklaydi, shuningdek, xodim pensiya yoshiga yetishi munosabati bilan muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka to‘lanishini nazarda tutadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 28 iyuldagi «Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 15 maydagi «Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini bajarish yuzasidan ishlab chiqilgan «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ushbu qonunning asosiy maqsadi ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishdan hamda tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishdan iborat ekanligi qayd etildi.

Ushbu qonun bilan «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5-moddasiga tegishli o‘zgartish kiritilmoqda. Unga ko‘ra, mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan mamlakatdagi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalarini bitiruvchilar bilan mehnat shartnomalari tuzilganida band xodimlarning o‘rtacha yillik soni qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan cheklangan normativdan ko‘pi bilan 20 foiz oshirilgan hollarda mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar ularda saqlanib qoladi. Bunda ishlovchilar sonining oshib ketishiga bitiruvchilar O‘zbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy ta’lim muassasalarini tamomlaganlaridan keyin o‘tgan muddat uch yildan oshmasligi sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi mikrofirmalar va kichik korxonalarni yanada rag‘batlantirish hamda rivojlantirish, ularning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, ular tomonidan yangi ish o‘rinlarini yaratish, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kafolatlashga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqish chog‘ida senatorlar ushbu qonun ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan majburiyatni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik masalalarini tartibga solishga qaratilganligini ta’kidladilar.

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 49-2-modda bilan to‘ldirilmoqda. Bu modda xodim o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan uning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha ish beruvchining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish majburiyatini buzganligi uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutmoqda.

Qonun ish beruvchi o‘zining qonun bilan belgilab qo‘yilgan fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish majburiyatini ijro etishi ustidan nazoratni ta’minlash uchun normativ-huquqiy asos yaratib beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 15- hamda 18-moddalariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishdan iborat. Qayd etib o‘tilganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatning sug‘urta bozorida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq. Qonun O‘zbekiston Respublikasining sug‘urtani tartibga soladigan qonun hujjatlariga, shuningdek, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashga asoslangan.

Qonun bilan “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 15- va 18-moddalariga kiritilayotgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan holatlarga barham berishni, shuningdek, sug‘urtachilar va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash borasida qaror topgan amaliyotni mustahkamlashni nazarda tutadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 4-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Uning asosiy maqsadi – tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasini aniqlashtirish, shuningdek, temir yo‘l transporti tizimini yanada modernizatsiya qilish, temir yo‘l infratuzilmasini kiritgan holda temir yo‘llarda tashish sohasiga davlat tomonidan tartibga solishning zamonaviy usullari va mexanizmlarini joriy etishdan iborat.

Temir yo‘llarda tashish sohasida bozor mexanizmining kuchayishi va raqobatning rivojlanishi sharoitida temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanishni davlat tomonidan tartibga solishni xorijiy davlatlarning tajribasini hisobga olgan holda takomillashtirish zarurligi, temir yo‘l transporti infratuzilmasi ichki tizim xizmatlari tariflarining cheklangan darajalarini belgilash mana shu o‘zgartishlarning kiritilishiga sabab bo‘ldi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlaridagi qonunchilik normalarini bir xil qo‘llashni ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan qarama-qarshiliklar va nomuvofiqliklarni bartaraf etishga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan 2005 yil 17 yanvardan amal qilib kelayotgan «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunidagi «alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar» tushunchasi o‘rniga xalqaro standartlarga muvofiq «muhofaza etiladigan tabiiy hududlar» tushunchasidan foydalanildi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tashabbusi bilan kiritilgan «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar va qabul qildilar. Ushbu qonun dafn etish va dafn ishining huquqiy asoslarini shakllantirishga, dafn etishni amalga oshirish kafolatlarini belgilashga hamda dafn etish joylarini tashkil etishga, shuningdek, bu sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilganligi ta’kidlab o‘tildi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi dafn etish va dafn ishi to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Parlament yuqori palatasi a’zolari «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Uning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslarining amalda pushaymon bo‘lish tufayli jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etish instituti bilan bog‘liq normalarini takomillashtirishdan iborat.

Qonun amalda pushaymon bo‘lish tufayli jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etish instituti normalarining amaliyotda to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash uchun huquqiy baza yaratadi, o‘ta xavfli latent jinoyatlarning vaqtida fosh etilishi va oqibatlarining bartaraf qilinishi maqsadida shaxslarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikka undashga, shuningdek, ushbu toifa shaxslarning jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilinishini kafolatlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

 

Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси Сенати Матбуот хизмати

ЎзА, Халқ сўзи газетаси

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati