Олий Мажлис Сенати янгиликлари

<< Янгиликлар |                                                                

2009 yil 28 mart

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'n sakkizinchi yalpi majlisi to'g'risida axborot

Toshkent shahrida 27 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o’n sakkizinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo’ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o’z ishlarini Inqirozga qarshi choralarning 2009–2012 yillarga mo’ljallangan dasturini so’zsiz bajarish borasida mahalliy hokimiyat organlarining roli va mas’ulligi to’g‘risidagi masalani ko’rib chiqishdan boshladilar. So’zga chiqqan senatorlar ta’kidlab o’tdilarki, 2008 yilda boshlangan va amalda dunyoning barcha mamlakatlariga daxl etgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham ta’sir ko’rsatdi va hamon o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Shunga qaramay, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligi ostida o’tkazib kelinayotgan puxta o’ylangan iqtisodiy strategiya sharofati bilan, isloh etish hamda modernizatsiya qilishning O’zbekiston modeli izchillik bilan ro’yobga chiqarilayotganligi, tarkibiy tuzilishdagi tub o’zgarishlarga, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, mamlakatdagi moliya-iqtisod, bank-kredit tizimining barqaror va uzluksiz ishlashiga doir chora-tadbirlar natijasida inqirozning og’ir oqibatlaridan holi qolishga va iqtisodiyotimiz barqaror ravishda faoliyat ko’rsatishiga erishishga, uning izchil o’sish sur’atlarini, odamlarning xavfsizligi va farovonligini ta’minlashga muvaffaq bo’lindi.

Shu bilan birga jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi chuqurlashib bormoqda hamda ko’p jihatdan oqibatini oldindan aytib bo’lmaydigan tus olmoqda. Bunday sharoitda jahon inqirozining mamlakat iqtisodiyotiga va ijtimoiy sohasiga salbiy ta’sirini tamomila bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ustuvor vazifa bo’lib qoladi.

Prezident Islom Karimov O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2009 yilga mo’ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo’nalishlariga bag’ishlangan majlisidagi «Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashni izchil davom ettirish – davr talabi» nomli ma’ruzasida Inqirozga qarshi choralarning 2009–2012 yillarga mo’ljallangan dasturini amalga oshirishni 2009 yilda O’zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo’nalishi sifatida belgilab berdi. Dasturda makroiqtisodiy mutanosiblikni hamda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’min etishga, aholini ish bilan ta’minlash va uni samarali tarzda ijtimoiy muhofaza etishga qaratilgan chora-tadbirlar, kichik biznesni, fermer xo’jaliklarini qo’llab-quvvatlash choralari va boshqa tadbirlar nazarda tutilgan. Senatorlar ta’kidlab o’tganidek, Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish bugunning o’zida salmoqli, ko’zga ko’rinarli natijalar bermoqda.

Ayni bir vaqtda Inqirozga qarshi choralarning 2009–2012 yillarga mo’ljallangan dasturini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirish eng avvalo mahalliy davlat hokimiyati organlarining, markazdagi va joylardagi barcha boshqaruv, moliya, xo’jalik yurituvchi tuzilmalarning mas’ulligi hamda puxta ishlashiga bog’liqdir. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining maxsus tuzilgan komissiyasi tomonidan Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari mahalliy hokimiyat organlarining Inqirozga qarshi choralarning 2009–2012 yillarga mo’ljallangan dasturini bajarish sohasidagi faoliyatini o’rganib chiqish shuni ko’rsatdiki, Inqirozga qarshi choralar dasturi bajarilishini ta’minlash yuzasidan mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi qabul qilingan hamda ular ro’yobga chiqarilmoqda. Tarmoq va hududiy muammolarni hal etish yuzasidan tegishli dasturlar ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda. Bir qancha viloyat hokimliklari huzurida mintaqalardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat rivoji ustidan monitoring olib boruvchi maxsus ishchi guruhlar tuzilgan.

Shu bilan birga Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish borasida mahalliy hokimiyat organlarining ishida foydalanilmayotgan rezervlar ham, muayyan kamchiliklar ham bor. Bir qator viloyat vakillik hokimiyati organlarida inqirozga qarshi choralar dasturlari mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni inobatga olgan holda o’z vaqtida muhokama etilmagan. Ayrim mahalliy hokimiyat organlari ishida rasmiyatchilik hollari mavjud, tegishli qarorlarni bajarish yuzasidan ijro intizomi darajasi past. Masalani muhokama etish asnosida senatorlar shuni ta’kidlab o’tdilarki, mamlakat miqyosida qabul qilingan Inqirozga qarshi choralarning 2009–2012 yillarga mo’ljallangan dasturini so’zsiz bajarishda deputatlar korpusining, mahalliy hokimiyat organlarining roli va mas’ulligini oshirish Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari faoliyatida eng muhim ustuvor yo’nalish bo’lib qolmoqda.

So’zga chiqqan senatorlar milliy iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan Inqirozga qarshi choralarning 2009–2012 yillarga mo’ljallangan dasturini bajarish O’zbekiston jahon bozorida mamlakatimizning raqobatbardoshligini ta’minlovchi yangi marralarga chiqishiga, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari yuksalishiga, aholining turmush farovonligi sifat jihatidan o’sishiga kuchli turtki beradi.

Dasturni bajarish iqtisodiyot har bir sub’ektining, mamlakatimiz har bir fuqarosining muhim ishi bo’lib qolmog’i kerak.

Masalani muhokama qilish yakunlari bo’yicha Oliy Majlis Senati tegishli qaror qabul qildi.

Shundan so’ng senatorlar «O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar. Mazkur Qonun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 10 noyabrda qabul qilingan «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankining tadbirkorlik sub’ektlarini qo’llab-quvvatlash borasidagi faoliyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to’g‘risida»gi hamda 2008 yil 18 noyabrda qabul qilingan «Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to’g‘risida»gi farmonlari asosida ishlab chiqilganligi qayd etib o’tildi. Shu Qonun bilan «O’zbekiston Respublikasining Markaziy banki to’g‘risida»gi, «Banklar va bank faoliyati to’g‘risida»gi, «Bankrotlik to’g‘risida»gi, «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g‘risida»gi qonunlarning bir qancha moddalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi.

Ushbu Qonunning asosiy maqsadi «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankining tadbirkorlik sub’ektlarini qo’llab-quvvatlash borasidagi faoliyatini kengaytirishdan hamda bo’lajak investorni qo’shimcha ravishda jalb etish hisobiga iqtisodiyotning real sektoridagi korxonalar moliyaviy barqarorligini yanada oshirishdan iborat. Qonunni senatorlar ma’qulladilar.

Senatorlar tomonidan «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko’rib chiqildi. Qonun, ta’kidlanganidek, xodimning o’z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog’liq holda mehnatda mayib bo’lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sog’lig’ining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan hayoti va sog’lig’iga yetkazilgan zararning o’rni qoplanishiga taalluqli huquqi amalga oshirilishiga ko’maklashishga, ish beruvchining mazkur zararning o’rnini qoplash xarajatlari bilan bog’liq mulkiy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek, mehnat sharoitlarini yaxshilash va mehnat xavfsizligini oshirishdan, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish va kasb kasalligiga chalinish hollarini kamaytirishdan ish beruvchining iqtisodiy manfaatdorligini oshirishga yo’naltirilgan. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar.

So’ngra senatorlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarning O’zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi omonatlarini himoyalash kafolatlarini ta’minlashga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g‘risida»gi 2008 yil 28 noyabrda qabul qilingan Farmoni asosida ishlab chiqilgan «Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga o’zgartishlar kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar. Qonun O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining omonatlarini jahon moliyaviy inqirozining ehtimoliy salbiy oqibatlaridan himoyalashning ishonchli kafolatlarini ta’minlaydi, aholining mamlakatimiz bank tizimiga bo’lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi, aholi omonatlarini tijorat banklariga jalb qilish uchun qo’shimcha sharoitlar yaratadi, deya ta’kidlandi. Kiritilayotgan o’zgartishlarga muvofiq, xususan, fuqarolarning banklardagi omonatlari bo’yicha to’lovlar banklar tomonidan to’liq hajmda to’lanadi, ayni vaqtda banklar nochorroq bo’lib qolgan hollarda omonatlar bo’yicha to’lovlarga doir ayrim cheklovlarni belgilovchi norma chiqarib tashlanmoqda. Senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.

Senatorlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 1 maydagi «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bag’ishlangan tadbirlar dasturi to’g‘risida»gi Farmonini ijro etish yuzasidan ishlab chiqilgan «O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar va ma’qulladilar. Ushbu Qonun O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili to’g‘risidagi qonun normalarini ijro etish yuzasidan milliy qonunchilik bazasini va huquqni qo’llanish amaliyotini takomillashtirishga, shuningdek, inson huquqlariga rioya etish sohasida ombudsman bilan ijro etuvchi hokimiyat organlari, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o’rtasida o’zaro hamjihatlik hamda hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Shundan so’ng senatorlar «Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga qo’shimcha kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar va ma’qulladilar. Qonundan ko’zlangan maqsad O’zbekiston Respublikasiga insonparvarlik yordamini hamda texnik ko’maklashish vositalarini jalb etish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirishni takomillashtirish, ularning yagona hisobga olish tizimini, ulardan o’z o’rnida hamda samarali foydalanilishi qattiq nazorat qilib borilishini ta’minlashdan iborat bo’lib, bu vazifalar O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G’aznachiligi zimmasiga yuklatilishi ham belgilab qo’yilmoqda.

So’ngra senatorlar «Texnik jihatdan tartibga solish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar. Qonun texnik jihatdan tartibga solish sohasida amal qilayotgan davlat standartlashtirish tizimini xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda yanada takomillashtirishga, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi xalqaro standartlar bilan uyg’unlashtirishga qaratilgan. Unda, xususan, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari huzurida texnik jihatdan tartibga solish sohasida ekspert komissiyalari va ekspert kengashlari, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish davlat tizimi tuzilmasining uzviy qismi sifatida axborot markazini tashkil etish nazarda tutilgan. Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi O’zbekistonning jahon iqtisodiy hamjamiyatiga izchil integratsiyalashuviga yordam beradi. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar.

Shundan keyin senatorlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va ko’rsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning mas’uliyatini oshirish to’g‘risida»gi 2008 yil 24 aprelda qabul qilingan Qarori asosida ishlab chiqilgan hamda qabul qilingan «Baholash faoliyati to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar. Qonunda mustaqil baholash tizimini yanada rivojlantirish, baholash xizmatlarining professional darajasi va sifatini oshirish, baholovchi tashkilotlar faoliyatini boshqarishning samarali usullarini joriy etish, amalga oshirilayotgan baholash ishlarining natijalari va xolisligi uchun ularning mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, baholash xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlari samarali himoya qilinishini ta’minlash nazarda tutilgan. Qonunni senatorlar ma’qulladilar.

So’ngra ular «O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 66/1-moddasiga o’zgartish kiritish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar. Qonun jinoyat ishlarini tezkorlik bilan, samarali tarzda hal qilish uchun yarashuv institutini takomillashtirishga, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotining mantiqiy davomi sifatida jinoyat ishlari bo’yicha sud tartibida ish yuritishni yanada liberallashtirishga qaratilgan.

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining «Yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish» deb nomlangan amaldagi 66/1-moddasi Jinoyat kodeksining ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan 42 ta jinoyat tarkibini o’z ichiga olgan o’ttiz bitta moddasi bo’yicha javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutadi. Ko’rib chiqilayotgan mazkur Qonun sodir etilish xususiyati hamda ijtimoiy xavflilik darajasiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 66/1-moddasiga kiritilgan jinoyatlarga o’xshash yana o’n bitta jinoyat tarkibi bo’yicha yarashuv qo’llanilishi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish mumkinligini nazarda tutmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senat majlisida «Standartlashtirish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartishlar kiritish haqida»gi, «Pochta aloqasi to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo’yicha tadqiqot markazi tashkil etish to’g‘risida»gi 2008 yil 23 iyunda qabul qilingan Qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan «Sud xodimlarining mansab darajalari to’g‘risidagi nizomga o’zgartishlar kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko’rib chiqildi va ma’qullandi.

Shu bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o’n sakkizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

ЎзА
(“Халқ сўзи” газетаси 2009 йил 28 март )
© 2009 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati