Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2009 yil 17 noyabr

17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi I.Sobirov olib bordi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yalpi majlis shu yil 4-5 dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga O‘zbekiston Respublikasining 2010 yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi, shuningdek 2010 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi to‘g‘risidagi masalalar kiritildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan qonunlarni, shu jumladan «Qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi iqtisodiy islohotlarning chuqurlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i to‘g‘risidagi nizomni va O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i tavsifini tasdiqlash haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.

Senatning yalpi majlisida shuningdek, davlat qurilishi va boshqaruvi, sud-huquq tizimini isloh qilish, tashqi siyosat sohasidagi qonunlar, jumladan «Voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga doir qonunlarning takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 329-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek «Inqirozga qarshi choralarning 2009–2012 yillarga mo‘ljallangan dasturini so‘zsiz bajarish borasida mahalliy hokimiyat organlarining roli va mas’ulligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori bajarilishining borishi haqidagi masalani muhokama qilish ham nazarda tutilmoqda.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va Devonining yigirmanchi yalpi majlisni tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan maxsus ishchi guruh tuzildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati
O'zA

(“Xalq so'zi” gazetasi 2009 yil 17 noyabr)

© 2009 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati