Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 31 avgust

 

Aziz vatandoshlarim, yurtdoshlarim!

Muhtaram mehmonlar!

Bugun ko‘pmillatli xalqimiz mustaqil Vatanimizning 17 yillik qutlug‘ to‘yini baland ruh va katta xursandchilik bilan nishonlamoqda.

Mana shu barchamiz uchun eng ulug‘, eng aziz istiqlolimiz bayrami bilan sizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbdan tabriklash menga nasib etganidan cheksiz baxtiyorman.

Qadrli do‘stlar!

Biz bugun o‘tgan yillar mobaynida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘limizni xolisona baholar ekanmiz, eski mafkuraviy tizim va g‘oyalardan butunlay voz kechib, yangi hayot barpo etish yo‘lida qo‘lga kiritgan, dunyo ahli tan olayotgan yuksak marra va yutuqlarimiz barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlashi tabiiydir.

Mustaqillikka erishgandan keyin amalga oshirgan keng ko‘lamli ishlarimiz, biz maqsad qilib qo‘ygan demokratik davlat va fuqarolik jamiyati, erkin va obod Vatan qurishga qaratilgan, yurtimizning qiyofasi va hayotimizning ma’no-mazmunini mutlaqo o‘zgartirib yuborgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlar va hayotning o‘zi, haqiqatan ham, biz bundan 17 yil oldin qabul qilgan milliy taraqqiyot strategiyasi yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘l ekanini yaqqol tasdiqlab bermoqda.

Mana shu o‘ta og‘ir va murakkab yo‘lda qancha-qancha sinovlardan o‘tib, qiyinchilik va mashaqqatlarni boshimizdan kechirib, avvalo mehnatkash xalqimizning mustahkam irodasi, qat’iyati va fidoyiligi evaziga amalga oshirgan ishlarimizning hosilini bugun hayotimizning barcha jabha va sohalarida, har qaysi hudud va mintaqamizda ko‘rmoqdamiz.

Buning tasdig‘ini, ayniqsa, mustaqil taraqqiyot yo‘limizning keyingi besh-yetti yillik davrida qo‘lga kiritgan yuksak marralarimiz misolida kuzatish qiyin emas.

Faqatgina oxirgi besh yil davomida iqtisodiyotimizning o‘sish darajasi 48 foizni, yiliga esa o‘rtacha 8 foizdan ziyodni tashkil etgani, aholining real daromadlari ikki karra, yalpi ichki mahsulot hajmi aholi jon boshiga hisoblaganda ikki yarim marta ortgani mamlakatimiz barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini ko‘rsatadi.

2007 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 1,5 marta ko‘paydi, joriy 2008 yilda ham maoshlarimizning o‘sish sur’atlari o‘tgan yilga nisbatan kam bo‘lmaydi, inshoollo.

O‘zgalarning havasini tortadigan bunday ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimizda aniq maqsad bilan, izchil olib borilayotgan, chuqur o‘ylangan islohotlarni joriy etish va ma’naviy hayotimizni yuksaltirishga qaratilgan siyosatning amaliy ifodasi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Shu borada ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va ma’rifat, barkamol avlodni voyaga yetkazish kabi muhim sohalarga alohida e’tibor berayotganimizni qayd etish zarur.

Bugun diyorimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik va ahillik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti, yordam va ko‘makka muhtoj bo‘lgan insonlarni e’tiborsiz qoldirmaslik, muhtaram faxriylarimizning hurmat-ehtiromini joyiga qo‘yish kabi insonparvarlik ruhida olib borayotgan ezgu ishlarimiz davlat siyosatimizning uzviy bir qismiga aylanib ketganini ta’kidlash lozim.

Mamlakatimizda yoshlarimizga keng yo‘l ochib berish, shu borada 2008 yilga “Yoshlar yili” deb nom berishimiz, hayotga kirib kelayotgan navqiron avlodimizning bilim va tajriba egallashi, jamiyatda munosib o‘rin topishi, yosh oilalarning oyoqqa turishi uchun har tomonlama yordam berish – bularning barchasi, hech shubhasiz, bugun biz qurayotgan yangi hayotning ildiz va poydevorini yanada mustahkamlashga zamin yaratmoqda.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun yurtimizda amalga oshirgan ulkan ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, ayni paytda oldimizga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarimizga, hech kimdan kam bo‘lmaydigan hayot darajasiga yetish uchun hali belni mahkam bog‘lab, qattiq mehnat qilishimiz zarurligini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz va anglaymiz.

Mana shu ko‘zlagan yuksak marralarimizga yetib borish, ertangi kunga mustahkam ishonch bilan qarab yashash uchun bizda barcha asoslar bor.

Birinchidan, bizning mamlakatimiz, xalqimiz o‘tgan davr mobaynida og‘ir sinov va qiyinchiliklarda toblandi, har qanday to‘siq va g‘ovlarni yengib o‘tishda ancha tajriba orttirdi. Aytish mumkinki, kelajagimizning mustahkam poydevorini qurib oldik.

Bugungi salohiyatimiz va imkoniyatlarimiz mustaqilligimizning birinchi yillaridagi holatdan yer bilan osmoncha farq qiladi. Bugun bizning vaznimiz va salmog‘imiz ham, kuch-qudratimiz ham yanada oshib, Vatanimiz oldida yangi ufqlar va imkoniyatlar ochilmoqda.

Ikkinchidan, ertangi kunga ishonchimiz kuchayib borayotganining yana bir muhim omili shundaki, bizning o‘z oldimizga qo‘ygan marra va rejalarimiz aniq va ravshan.

Bu rejalar avvalo boy imkoniyatlarimiz va salohiyatimizga tayanib, boshlagan va amalda o‘zini oqlagan islohotlarni chuqurlashtirish va bosqichma-bosqich davom ettirish, xalqaro ilg‘or tajriba va yutuqlardan foydalanib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, iqtisodiyotimizni barqaror o‘sish sur’atlari bilan rivojlantirishdek yuksak maqsadlarimizni amalga oshirishga qaratilgan.

Uchinchidan, yorug‘ kelajagimizni ta’minlashning muhim sharti va garovi hayotimizning barcha jabhalarini – bu siyosiy yoki iqtisodiy soha bo‘ladimi, ijtimoiy hayot yoki sud-huquq tizimi bo‘ladimi – bularning barchasini yanada takomillashtirish, aholimizning siyosiy-ijtimoiy faolligini kuchaytirish, ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirish, jamiyatimizni yanada erkinlashtirish, ijtimoiy va nodavlat tashkilotlarning mavqei va ta’sirini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tishga erishishdan iboratdir. Bugungi kunda bu masala eng muhim va dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

To‘rtinchidan, oldimizda turgan ulkan marralarni egallashning eng asosiy mezoni – bu xalqimizning baquvvat iymon-e’tiqodi, tobora yuksalib borayotgan ongu tafakkuri, hayotga, mehnatga, mulkka munosabati tubdan o‘zgarayotgani, o‘z fuqarolik burchini chuqur anglab, Vatanga muhabbat va sadoqat, daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotganida namoyon bo‘lmoqda.

Ayniqsa, bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi sifatida maydonga chiqayotgan, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi asosida tarbiya olayotgan, jismoniy va ma’naviy sog‘lom, barkamol yosh avlodimiz timsolida bu haqiqat yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Ma’lumki, Sharqda azal-azaldan 17 yosh balog‘at va yetuklik ramzi hisoblanadi. Istiqlolimizning birinchi yilida tug‘ilgan farzandlarimiz bugun umrning ana shunday go‘zal va beg‘ubor fasliga qadam qo‘ymoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda o‘n yetti yoshga to‘lgan navqiron o‘g‘il-qizlarimizning soni olti yuz yetmish uch ming kishini tashkil etmoqda.

Ular va ularning qatorida oxirgi o‘n yil davomida butunlay yangitdan qurilgan maktab, litsey va kollejlarni tugatib, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, qalbi, yuragi shijoat va jo‘shqinlik bilan to‘lgan millionlab yoshlarimizning hayotga katta umid va ishonch bilan kirib kelayotgani barchamizning ko‘nglimizni tog‘dek ko‘taradi.

O‘zingiz ayting, aziz do‘stlar, birodarlar, bunday qudratli to‘lqin, bunday katta boylikka ega bo‘lgan yurtni yengib bo‘ladimi!

Beshinchidan, biz bugun barcha ezgu orzu-intilishlarimizni, hayotiy rejalarimizni amalga oshirishda jahon hamjamiyati bilan hamohang bo‘lib yashash, barcha uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish, xalqaro maydonda o‘zimizga munosib obro‘-e’tibor va ishonch qozonishni yana bir muhim omil, deb bilamiz.

Bizga yelkadosh bo‘lib, xalqimizning salohiyati va ertangi kuniga ishonch bildirgan xorijiy hamkorlarimiz bilan har tomonlama amaliy aloqalarni kengaytirish uchun harakatlarimizni davom ettiramiz.

Bu borada biz o‘zaro manfaatlarga javob beradigan, mintaqamizda va butun jahonda tinchlik va barqarorlikni saqlashga xizmat qiladigan munosabatlarni rivojlantirish, barcha mojarolarni tinch yo‘l bilan yechishga o‘z hissamizni qo‘shish, shu asnoda o‘z faolligimizni yanada oshirishni ustuvor vazifamiz, deb hisoblaymiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning elchilarini, muhtaram mehmonlarimizni, bizning quvonchimizga sherik bo‘layotgan barcha chet ellik do‘stu birodarlarimiz va hamkorlarimizni el-yurtimiz nomidan qutlab, ularga samimiy tilaklar bildirishga ijozat bergaysiz.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Biz bundan 17 yil muqaddam dunyoda hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, farovon hayot quramiz, deb azmu qaror qildik.

Shu maqsadda istiqlol yo‘lini, mustaqillik yo‘lini tanladik. Bu yo‘ldan qat’iy bormoqdamiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz!

Bugun men mana shu yuksak minbarda turib, shu buyuk maqsad sari sobit-qadamlik bilan borayotgan, barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizga bosh egib ta’zim qilaman.

Mana shu munavvar oqshomda hammangizni bag‘rimga bosib, Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor tabriklab, qalbimda bo‘lgan eng ezgu tuyg‘ularimni izhor etaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

 

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov