Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 30 dekabr

Kuchli fuqarolik jamiyati sari

Hozirgi vaqtda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonida muhim rol o‘ynamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasida «Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi», deb yozib qo‘yilgan. Ular faoliyat ko‘rsatishi uchun tegishli konstitutsiyaviy baza yaratilgan.

Oliy Majlis Senatida Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil qilinib, «Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari: fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish» mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Davra suhbatida mustaqillik yillarida O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari batamom shakllanganligi qayd etildi. Hozirgi vaqtda fuqarolik jamiyatining tayanch demokratik bo‘g‘ini bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini hamda vakolatlarini kuchaytirish mamlakatimizni rivojlantirishda ustuvor masalalar bo‘lib hisoblanadi. «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi va «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mamlakatimizda uchinchi marta fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi o‘tkazilmoqda. Saylovni muvaffaqiyatli tashkil etish va o‘tkazish uchun har bir fuqarolar yig‘inida ishchi guruhlar tashkil etildi. Bu guruhlar asosiy e’tiborni fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) va uning maslahatchilari saylovini amaldagi qonun hujjatlariga, ochiqlik va oshkoralik kabi demokratik prinsiplarga to‘la amal qilgan holda o‘tkazishga, saylov jarayonining shaffofligini ta’minlash hamda uni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, davra suhbatlari, seminarlar va saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etishga qaratdilar. Ko‘pchilik fuqarolar yig‘inlarida rais (oqsoqol) va uning maslahatchilari saylovi bu lavozimlarga aholi tomonidan ko‘rsatilgan barcha muqobil nomzodlar ishtirokida hamda hovlilar, uylar, ko‘chalar, mahallalar, kvartallar, mikrorayonlar vakillarining fikrlarini va tavsiyalarini hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda. Fuqarolar yig‘inlarining raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, tuman va shahar tegishli komissiyalarining a’zolari ishchi guruhlarga doimo tashkiliy hamda uslubiy yordam ko‘rsatib kelmoqdalar. «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarida «Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari» rukni ostida saylov to‘g‘risidagi amaldagi qonun hujjatlarining qoidalarini tushuntirib beruvchi materiallar e’lon qilib borilmoqda. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida saylovga bag‘ishlangan turkum eshittirishlar va videoroliklar namoyishi tashkil qilinmoqda.

Hozirgi vaqtda mamlakatda o‘n mingdan ortiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ish olib bormoqda, ular ishida yuz mingdan ortiq kishi faol qatnashmoqda. Ular o‘z vakolatlaridan kelib chiqqan holda aholini ijtimoiy-siyosiy hayotga keng jalb etish, ma’naviy-ma’rifiy ishni kuchaytirish, oilalarda osoyishtalik va farovonlikni saqlash, kam ta’minlangan oilalarga hamda nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatish, hududlarni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqdalar, shuningdek, fuqarolik institutiga xos bo‘lgan bir qator boshqa tadbirlarni tashkil etmoqdalar.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini hamda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini o‘rganish ushbu fuqarolik jamiyati institutini shakllantirishga qaratilgan murakkab jarayon izchil va uzluksiz davom etayotganligidan yana bir bor dalolat bermoqda.

Muhokama jarayonida davra suhbati ishtirokchilari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini va «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish mexanizmini yanada takomillashtirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, adliya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari, «Mahalla» jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan o‘zaro hamkorligining samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator takliflar bildirildi. Shuningdek, ishtirokchilar fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini o‘tkazish jarayonida ochiqlik va oshkoralik kabi demokratik prinsiplarni ta’minlash sohasida to‘plangan tajribani umumlashtirish va keng yoyish, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonunning mohiyati va mazmunini keng ko‘lamda tushuntirish, bu ishga olimlar va mutaxassislarni jalb etish, ommaviy axborot vositalarida tegishli materiallarni muntazam ravishda e’lon qilib borish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonunchilik bazasini takomillashtirish yuzasidan aniq maqsadli ish olib borish zarurligiga ham e’tiborni qaratdilar.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Tadbirda senatorlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tegishli qo‘mitasining hamda Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlari doimiy komissiyalarining raislari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Adliya vazirligi, «Mahalla» va «Nuroniy» jamg‘armalari, Fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati
Xalq so`zi gazetasi, 2008 yil 30 dekabr

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov