Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 30 avgust

 

29 avgustda Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o’n beshinchi yalpi majlisi o’z ishini davom ettirdi.

Parlament yuqori palatasining a’zolari yalpi majlisning ikkinchi kunini «Odam savdosiga qarshi kurashish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o’zgartish va qo’shimcha kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqishdan boshladilar. Mazkur Qonunning qabul qilinishi jinoyatning ana shu turiga qarshi kurashning samarali qonunchilik bazasini yaratish yuzasidan O’zbekistonda olib borilayotgan ishlar izchillik asosida davom ettirilayotganligidan dalolat deya ta’kidlandi. Bu yil O’zbekistonda «Odam savdosiga qarshi kurashish to’g‘risida»gi, «Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini (Nyu-York, 2000 yil 15 noyabr) to’ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo’yish va uning uchun jazolash haqidagi Protokolni ratifikatsiya qilish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilindi. Ana shu hujjatlarning qabul qilinganligi boshqa qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritilishini taqozo etadi. Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi 135-moddasi amaldagisidan farqli ravishda sodir etilganligi uchun jazo tayinlanishini nazarda tutuvchi qilmishlar tarkibini kengaytirmoqda. Bunday qilmishlar jumlasiga o’g‘irlash, zo’rlik ishlatish yoki zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo’llash yo’li bilan sodir etilgan, ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan sodir etilgan, shuningdek, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo’lgan shaxsga nisbatan yoki aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo’lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan hamda boshqacha tarzda amalga oshirilgan odam savdosi jinoyatlari kiradi.

«O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga o’zgartish kiritish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqish chog’ida senatorlar Kodeksning mazkur moddasiga kiritilayotgan o’zgartishlarga muvofiq sud tomonidan jinoyat quroli deb topilgan har qanday ashyolar, ular gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoki jinoyatni sodir qilishda ishtirok etmagan boshqa shaxsga qarashliligidan qat’i nazar, majburiy ravishda musodara qilinishi joiz va ular tegishli muassasalarga topshirilishi yoki yo’q qilib yuborilishi kerak. Mazkur qo’shimcha o’z mol-mulkini boshqalarga berib turayotgan, shu jumladan foyda olish maqsadida berib turayotgan shaxslarning fuqarolik javobgarligini oshirishga yordam beradi, deb ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlarni ko’rib chiqdilar va ma’qulladilar. «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o’rtasida 2002 yil 7 iyunda Sankt-Peterburg shahrida (Rossiya Federatsiyasi) imzolangan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi to’g‘risidagi Bitimga o’zgartishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2007 yil 16 avgust) ratifikatsiya qilish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqish chog’ida senatorlar ushbu Qonun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan kiritilganligini qayd etib o’tdilar. Mazkur huquqiy hujjatning zamirida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 2007 yil 16 avgustda Bishkek shahrida bo’lib o’tgan yig’ilishida imzolangan, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o’rtasidagi Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi to’g‘risidagi Bitimga o’zgartishlar kiritish haqidagi Bayonnomaga qo’shilish maqsadi mujassam.

Bayonnoma Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikka bo’lgan transmilliy tahdidlarga qarshi kurashda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning ko’p tomonlama hamda keng hamkorligini ta’minlashi kerak bo’lgan tuzilma – Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyat mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan bir qator choralarni nazarda tutadi.

«O’zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o’rtasida uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va jinoyatchilikning boshqa xavfli turlariga qarshi kurash sohasida hamkorlik to’g‘risidagi Bitimni (Abu Dabi, 2008 yil 17 mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni ham senatorlar tomonidan ma’qullandi. Ushbu Bitimda Taraflarning hamkorlik shakllari, axborot almashish, so’rovlar yuborish va ularni ko’rib chiqish tartibi, shuningdek, bu muhim sohadagi hamkorlikning boshqa shakllari nazarda tutilmoqda. Mazkur Bitim eng xavfli turdagi jinoyatlarga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, fuqarolar, jamiyat va davlat jinoiy tajovuzlardan ishonchli tarzda himoya etilishini ta’minlash maqsadida imzolanganligi aytib o’tildi.

Senatorlar O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O’zbekiston Respublikasi Oliy xo’jalik sudi tarkibiga o’zgartishlar kiritish haqidagi, O’zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi vazifasiga tayinlash to’g‘risidagi masalalarni ko’rib chiqdilar. Yalpi majlisda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga taalluqli boshqa dolzarb masalalar ham ko’rib chiqildi.

Shu bilan Oliy Majlis Senatining o’n beshinchi yalpi majlisi o’z ishini tamomladi.

Senatning mamlakatimiz mustaqilligining o’n yetti yilligi arafasida bo’lib o’tgan ikki kunlik majlisida hammasi bo’lib 20 ta masala ko’rib chiqildi.

Parlament yuqori palatasi tomonidan ana shu majlisda ma’qullangan qonunlar hamda qabul qilingan qarorlar, senatorlarning fikricha, mamlakatimizning sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotida sodir bo’layotgan demokratik o’zgarishlarga yanada teranlik baxsh etadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimi asosida Senat tomonidan «O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganligining o’n yetti yilligi munosabati bilan amnistiya to’g‘risida» Qaror qabul qilinganligi sud-huquq tizimini liberallashtirish, jamiyat va davlat qurilishini demokratlashtirish borasidagi izchil islohotlarning yorqin ifodasi, yuksak insonparvarlik harakatining amaliy mujassamidir.

«Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug’urtasi to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni hamda bir qancha hujjatlarning qabul qilinganligi insonning sotsial va iqtisodiy huquqlari himoya etilishini, aholi ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlanishini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizning qimmatli qog’ozlar bozorini yanada rivojlantirishga qaratilgan «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni, shuningdek, Senat tomonidan qabul qilingan boshqa qator qarorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga yordam beradi.

Senat tomonidan ma’qullangan «O’zbekiston Respublikasining Xo’jalik protsessual kodeksiga o’zgartish va qo’shimcha kiritish to’g‘risida»gi, «O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 49-moddasiga o’zgartish kiritish to’g‘risida»gi, «O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g‘risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimcha kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari sud-huquq tizimini takomillashtirishning, qonuniylikni, huquq-tartibotni mustahkamlashning, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada kengroq ta’min etilishining muhim omili bo’lib qoladi.

Senatning o’n beshinchi yalpi majlisi ishchanlik va amaliy vaziyatda o’tdi. Uning ishtirokchilari ko’rib chiqilgan masalalarning mamlakatimizda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik yo’nalishidagi islohotlarni ro’yobga chiqarishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Yangi qonunlarni targ’ib qilish va tushuntirish sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirish, huquqni qo’llanish amaliyotining mexanizmini takomillashtirish zarur, degan fikr ham bildirildi. Bunday yondashuv, qayd etilganidek, mamlakatimizning demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish yo’lidan izchil ilgarilab borishiga, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada to’laroq ta’minlanishiga yordam beradi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati

 

O'zA
(“Xalq so'zi” gazetasi 2008 yil 30 avgust )

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov