Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 29 avgust

 

28 avgustda Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o’n beshinchi yalpi majlisi ochildi.

Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, faoliyati o’tkazilayotgan tadbir kun tartibiga kiritilgan masalalarga daxldor davlat organlarining rahbarlari hozir bo’ldilar.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o’z ishlarini parlamentning yuqori palatasiga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilgan «O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganligining o’n yetti yilligi munosabati bilan amnistiya to’g‘risida»gi masalani ko’rib chiqishdan boshladilar. Pirovardida tegishli qaror qabul qilingan mazkur masala muhokamasida qabul qilinayotgan amnistiya to’g‘risidagi hujjat mamlakatimizning sud-huquq tizimida, davlat va ijtimoiy qurilishida insonparvarlikning yana bir yorqin ifodasi ekanligi qayd etib o’tildi.

Amnistiya to’g‘risidagi hujjat birinchi marta jinoyat sodir etgan mahkumlarni – ayollarni, 18 yoshga to’lmagan shaxslarni, 60 yoshdan oshgan erkaklarni, shuningdek, chet el fuqarolarini jazodan ozod qilishga qaratilgan. Birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, sil kasalligiga chalingan shaxslar, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek, birinchi marta hukm qilingan shaxslar, agar ular ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan yoki uncha og’ir bo’lmagan jinoyat sodir etgan bo’lsalar, amnistiya akti asosida jazodan ozod qilinadilar.

Senat o’zining qarori bilan amnistiya to’g‘risidagi qarorni qo’llanish tartibini ham belgilab berdi, unda amnistiya bo’yicha jazodan ozod etilishi joiz bo’lgan shaxslarga taalluqli ishlar va materiallarni sudda ko’rib chiqish tartib-taomillari belgilanmoqda. Shu bilan birga amnistiya to’g‘risidagi hujjatni qo’llanish hamda oshkoralikni ta’minlash ustidan jamoat nazoratini amalga oshirishda senatorlarning, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining hamda Oliy Majlis Inson huquqlari bo’yicha vakili mintaqaviy vakillarining faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Amnistiya to’g‘risidagi hujjatda jazodan ozod qilingan shaxslarning ijtimoiy ko’nikmasi va himoyasiga qaratilgan kompleks tadbirlarni amalga oshirish, xususan ularning to’liq hisobga olinishi va ishga joylashtirilishini ta’minlash, yordamga muhtoj, yolg’iz shaxslarni nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirish, voyaga yetmaganlarni ota-onalarining, vasiylik va homiylik organlarining nazoratiga topshirish, zarur hollarda ularni tegishli ta’lim muassasalariga yo’llash nazarda tutilmoqda.

Shundan keyin parlament yuqori palatasi a’zolari O’zbekiston Respublikasining jamiyatni yanada demokratlashtirish hamda yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalashga qaratilgan vazifalarni izchillik bilan hal qilishda muhim rol o’ynashi kerak bo’lgan bir qator qonunlarini ko’rib chiqdilar.

Ular orasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 23 yanvardagi Qarori bilan tasdiqlangan «Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturiga muvofiq qabul qilingan «Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug’urtasi to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni bor. Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur Qonun fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini amalga oshirishga, xodimning hayoti va sog’lig’iga zarar yetkazilganligi munosabati bilan sug’urta tovoni to’lanishini ta’minlashga, mehnatni muhofaza qilish holatini va mehnat sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek, ijtimoiy sug’urta tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu huquqiy hujjat ishlovchi fuqarolarga davlat tomonidan qonunchilik yo’li bilan kafolatlar ta’minlanishining ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklaridan jabrlanganlar moddiy hamda ijtimoiy qo’llab-quvvatlanishining mustahkam huquqiy asosini yaratishi ham aytib o’tildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qimmatli qog’ozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g‘risida»gi 2006 yil 27 sentyabrda qabul qilingan Qarori bilan tasdiqlangan 2006–2007 yillarda qimmatli qog’ozlar bozorini rivojlantirish dasturini bajarish yuzasidan qabul qilingan «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni ko’rib chiqilar ekan, u aksiyadorlarning huquqlari himoya etilishini mustahkamlashga, mamlakatning butun fond bozorini kuchaytirish va rivojlantirishga qaratilganligiga alohida urg’u berildi.

Qonunda yopiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondining eng kam miqdorini ko’paytirish, korporativ boshqaruv prinsipining kuzatuv kengashining aksiyadorlar umumiy yig’ilishiga hisobdorligini kuchaytirishga doir qismini takomillashtirish hamda aksiyadorlarning o’z jamiyatlarini boshqarishdagi faolligi va javobgarligini oshirish nazarda tutilmoqda.

Sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga yo’naltirilgan «O’zbekiston Respublikasining Xo’jalik protsessual kodeksiga o’zgartish va qo’shimcha kiritish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqib, senatorlar shuni ta’kidladilarki, uning normalari ishda ishtirok etuvchi shaxsning ish yuzasidan chiqarilgan sud hujjatlariga rozi bo’lmagan taqdirda nazorat tartibida protest keltirish haqida sudga ariza bilan murojaat qilishga bo’lgan huquqini ro’yobga chiqarish sohasida amaldagi qonun hujjatlaridagi mavjud kemtiklikni to’ldirmoqda. Kodeks shu yo’nalishda ariza bilan murojaat qilish tartibini, ushbu hujjatning shakli va mazmuniga qo’yiladigan talablarni, bunday arizani berish mumkin bo’lgan, sudning qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran hisoblab chiqariladigan oxirgi muddatni, shuningdek, arizani ko’rib chiqish muddatini belgilaydigan 1921-modda bilan to’ldirilmoqda.

«O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 49-moddasiga o’zgartish kiritish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqish asnosida senatorlar mazkur Kodeksning 49-moddasiga kiritilayotgan o’zgartishlar fuqarolar malakali yuridik yordamdan bahramand bo’lishlarining konstitusiyaviy kafolatlarini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratib berishini alohida qayd etib o’tdilar. Amaldagi jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga muvofiq gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining himoyachisi sifatida advokat bilan bir qatorda har qanday shaxs, shu jumladan, tegishli yuridik ma’lumoti va yuridik xizmat ko’rsatishga doir litsenziyasi bo’lmagan shaxs ham ishtirok etishi mumkin edi. Ushbu norma fuqarolarning malakali yuridik yordam olishga bo’lgan huquqlari amalga oshirilishini ta’min eta olmasdi. Kiritilgan o’zgartishlar mavjud kemtiklikni jinoyat ishida himoyachi sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo’lgan shaxslarning ro’yxatini aniq belgilab qo’yish orqali bartaraf etmoqda. Xususan jinoyat ishida himoyachi sifatida faqat advokatlar, ya’ni zarur yuridik bilimi va bu sohada ish tajribasi bor shaxslar ishtirok etishi mumkin. Amaldagi qonun hujjatlarida belgilanganidan farqli ravishda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillari faqat advokat bilan bir qatorda ishda himoyachi sifatida ishtirok etishga qo’yilishi mumkin.

Senatorlar tomonidan «O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g‘risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimcha kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko’rib chiqildi. Qonun O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g‘risidagi kodeksini litsenziya olinishi shart bo’lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnomasiz, ya’ni litsenziyasiz shug’ullanganlik uchun javobgarlik belgilaydigan 165-modda bilan to’ldirishni nazarda tutadi. Amaldagi qonun hujjatlariga ko’ra bunday qilmishlar jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi, ammo bunday javobgarlik shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyingina yuzaga keladi. Amaldagi qonun hujjatlarida esa litsenziya olinishi shart bo’lgan yetmishdan ortiq faoliyat turidan faqat uch turdagi faoliyat uchun (radiouzatish uzelini o’rnatganlik va ishlatganlik, kino va videomahsulotni prokat qilganlik, avtomobil transportida yo’lovchi tashiganlik uchun) ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan, xolos.

Ayni bir vaqtda muayyan faoliyat bilan litsenziyasiz shug’ullanganlik uchun ma’muriy javobgarlikni tartibga soluvchi umumiy normaning yo’qligi bunday huquqbuzarliklarga qarshi kurashda jinoyat-huquqiy vositalardan talab darajasida foydalanish imkonini bermayotir. Kodeksga kiritilayotgan qo’shimchalar, majlisda qayd etib o’tilganidek, ishlab chiqarish va savdo-iqtisodiy faoliyat samarali rivoj topishini, iste’molchilarning huquqlari ishonchli tarzda himoya etilishini ta’minlovchi huquqiy mexanizmlarni mustahkamlashga yordam beradi.

Shundan keyin senatorlar «O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar. Ushbu Qonunda O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini huquqni muhofaza qilish organlarining xizmat vazifasiga jinoyatlar to’g‘risidagi arizalar, xabarlar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish, ro’yxatdan o’tkazish yoki ko’rib chiqish kiradigan mansabdor shaxsi jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilaydigan 2411-modda bilan to’ldirish nazarda tutilayotganligi aytib o’tildi. Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan boshqa o’zgartishlarga ko’ra Jinoyat kodeksining ellikta moddasida nazarda tutilgan, ilgari tergovi prokuratura organlariga tegishli bo’lgan jinoyatlar bo’yicha tergov olib borish ishi ichki ishlar organlariga o’tkazilmoqda. Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, bu qonunchilik chorasi jinoyat ishlarini tergov qilishda tezkorlikni ta’minlashga, sifatni oshirishga yordam beradi, prokuratura organlariga e’tiborni zimmalaridagi muhim vazifani, ya’ni inson huquqlari va erkinliklari himoya etilishi, qonunlar aniq, og’ishmay va qat’iy ijro etilishi ustidan nazorat olib borish vazifasini bajarishga ko’proq qaratish imkonini beradi.

Jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga kiritilgan boshqa bir qancha o’zgartishlar prokurorning, tergov organlarining jinoyat ishlarini tergov qilishdagi vakolatlarini yanada puxtaroq tartibga solinishini ta’minlashga qaratilgan bo’lib, inson, jinoyat protsessi ishtirokchilari huquqlari ishonchli tarzda himoya etilishiga yordam beradi.

«Muzeylar to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqish chog’ida senatorlar mazkur Qonun muzey muassasalarining faoliyatini, ularning mulk shaklidan qat’i nazar, tartibga solishga, Milliy muzey fondini himoya etish va boyitishga qaratilganligini alohida qayd etdilar.

Ushbu Qonun xalqimizning tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini saqlash, o’rganish va targ’ib qilishda, fuqarolarni, ayniqsa yosh avlodni vatanparvarlik, Vatanga va milliy an’analarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim rol o’ynashi lozim.

«O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g‘risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqib, senatorlar shuni ta’kidladilarki, mazkur Qonun bilan kiritilayotgan o’zgartish va qo’shimchalar jinoiy jazolarni yanada liberallashtirish bilan uzviy bog’liqdir.

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 1861-moddasining birinchi qismiga kiritilayotgan o’zgartishlar etil spirti, alkogolli mahsulot yoki tamaki mahsuloti qonunga xilof ravishda ancha miqdorda ishlab chiqarilgan yoki muomalaga kiritilgan taqdirda yoxud shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilgan taqdirda, aybdor shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanishini nazarda tutmoqda.

Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g‘risidagi kodeksiga tegishli o’zgartish va qo’shimcha kiritildi. Kodeks xususan huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish tarzidagi javobgarlikni belgilaydigan «Etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish» deb nomlangan 1861-modda bilan to’ldirilmoqda.

Jinoiy jazolarni liberallashtirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining «Ozodlikdan mahrum qilish» deb nomlangan 85-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlaridan uncha og’ir bo’lmagan jinoyatni sodir etgan o’n uch yoshdan o’n olti yoshgacha bo’lgan shaxslar uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish tarzida jazo belgilashni va uncha og’ir bo’lmagan jinoyat sodir etgan o’n olti yoshdan o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan shaxslar uchun to’rt yilgacha ozodlikdan mahrum etish tarzida jazo belgilashni nazarda tutuvchi bandlar chiqarib tashlanmoqda.

Ko’rib chiqilgan huquqiy hujjatlarning hammasi senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o’n beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati

 

O'zA
(“Xalq so'zi” gazetasi 2008 yil 29 avgust )

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov