Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 28 avgust

 

Bugun Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o’n beshinchi yalpi majlisi ochiladi.

Kecha, 27 avgustda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo’lib o’tdi. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Kengash a’zolari Oliy Majlis Senatining Raisi o’rinbosari F.Muhitdinovaning parlament yuqori palatasining o’n beshinchi yalpi majlisiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir ishlar haqidagi axborotini tinglab, ma’lumot uchun qabul qildilar.

Qo’mitalarning raislari navbatdagi yalpi majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonunlar yuzasidan xulosalar va boshqa masalalarga oid qarorlar tayyor ekanligi haqida axborot berdilar, majlis ishini tashkil etish yuzasidan o’zaro fikr almashdilar.

Kengash majlisida ta’kidlanganidek, Senatning bo’lajak yalpi majlisida yigirmaga yaqin masala, shu jumladan, amnistiya masalasi, «Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug’urtasi to’g‘risida»gi, «Muzeylar to’g‘risida»gi, «Odam savdosiga qarshi kurashish to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o’zgartish va qo’shimcha kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari hamda xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish bilan bog’liq qator masalalar ko’rib chiqilishi mo’ljallanmoqda.

Majlisda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko’rib chiqildi.

Ko’rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan Kengash tegishli qarorlar qabul qildi.

Shu kuni Senatning oltitala qo’mitasining hammasida majlislar bo’lib o’tdi, ularda o’n beshinchi yalpi majlis kun tartibiga kiritilayotgan masalalar muhokama qilindi.

Majlislarda yuqori palataning bo’lajak anjumanida ko’rib chiqish uchun jamiyatimiz hayotidagi bunyodkorona o’zgarishlarni, xususan sud-huquq tizimi islohotlarini yanada chuqurlashtirishga va jinoyat to’g‘risidagi qonun hujjatlarini liberallashtirishga, fuqarolarni ijtimoiy sug’urtalash tizimini rivojlantirishga, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy-huquqiy muhofazasini kuchaytirishga, qimmatli qog’ozlar bozorini rivojlantirishga, korporativ boshqaruv samaradorligini oshirishga va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilishni takomillashtirishga yo’naltirilgan qonunlar kiritilayotganligi qayd etib o’tildi.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilingan dastlabki kunlardanoq ustuvor vazifa deb belgilab olingan bo’lib, ana shu yo’nalishdagi davlat siyosatini har taraflama amalga oshirishga qaratilgan «Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug’urtasi to’g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini Senatning o’n beshinchi yalpi majlisida ko’rib chiqish to’g‘risidagi masala ham senatorlar tomonidan qo’llab-quvvatlandi.

Senatorlar O’zbekiston Respublikasining muzey ishini takomillashtirishga va barcha muzey muassasalarining faoliyatini, ularning mulk shaklidan qat’i nazar, tartibga solishga, xalqimizning bebaho ma’naviy va madaniy boyliklarini yagona huquqiy tizim doirasida hisobga olish, saqlash, tiklash hamda kelajak avlodga yetkazishga qaratilgan «Muzeylar to’g‘risida»gi yangi Qonuni qabul qilinishi muhim ekanligini qayd etib o’tdilar.

Yalpi majlisda ko’rib chiqiladigan qonunlar orasida O’zbekiston Respublikasining ayrim xalqaro huquqiy hujjatlarga qo’shilishiga oid qonunlar alohida o’rin tutadi. «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o’rtasida 2002 yil 7 iyunda Sankt-Peterburg shahrida (Rossiya Federatsiyasi) imzolangan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi to’g‘risidagi Bitimga o’zgartishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2007 yil 16 avgust) ratifikatsiya qilish to’g‘risida»gi hamda «O’zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o’rtasida uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va jinoyatchilikning boshqa xavfli turlariga qarshi kurash sohasida hamkorlik to’g‘risidagi Bitimni (Abu Dabi, 2008 yil 17 mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlarining ma’qullanishi hamda mazkur xalqaro hujjatlarga qo’shilish mamlakatimizning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro terrorizmga, transmilliy jinoyatchilikka, giyohvandlik vositalarining qonunga xilof muomalotiga, Markaziy Osiyo mintaqasida va uning sarhadlaridan tashqarida tinchlik hamda barqarorlikka bo’lgan boshqa tahdidlarga qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, Vatanimiz fuqarolarining osoyishta turmush va bunyodkorona mehnat qilishga bo’lgan asosiy huquqi ishonchli himoya etilishini ta’minlash tarafdori ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi.

Majlislarda senatorlarning 2008 yilning o’tgan davridagi ish yakunlari ham ko’rib chiqildi va Senat qo’mitalari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar qabul qilindi.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmat

 

 

O'zA
(“Xalq so'zi” gazetasi 2008 yil 28 avgust )

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov