Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 27 iyun

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 14-yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

27 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 14-yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, o‘tkazilayotgan tadbir kun tartibiga kiritilgan masalalarga faoliyati daxldor davlat organlarining rahbarlari hozir bo‘ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar ishni “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) O’zbekiston Respublikasining qo’shilishi to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqishdan boshladilar. Ta’kidlab o’tilganidek, mazkur Qonun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan.

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ham milliy, ham xalqaro darajada korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashga yo’naltirilgan universal xalqaro-huquqiy hujjatdir. Konvensiyaning maqsadi yanada samaraliroq hamda amaliyroq tarzda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilinishi va mustahkamlanishiga ko’maklashish, shuningdek, bu sohadagi xalqaro hamkorlikni va texnik yordamni rag’batlantirish hamda qo’llab-quvvatlashdan iborat. Konvensiya qoidalari korrupsion jinoiy qilmishlarning oldini olish, ularni tekshirish, tergov qilish va bunday qilmish uchun jinoiy ta’qib etish, shuningdek, qamoqqa olish, musodara qilish va bu jinoiy sohada topilgan daromadlar qaytarilishini ta’minlash bilan bog’liq faoliyatga nisbatan qo’llaniladi. Konvensiya shuningdek, o’zaro huquqiy yordam ko’rsatish va korrupsiya jinoyatlarini sodir etgan shaxslarni tutib topshirish tartibini ham rasamadga soladi.

O’zbekistonda davlat boshqaruvi tizimidagi, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash yuzasidan ko’lami jihatidan salmoqli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatning bu sohadagi qonun hujjatlari va huquqni qo’llanish amaliyoti umume’tirof etilgan qoidalar hamda standartlarga javob beradi. Mazkur Konvensiyaga qo’shilish O’zbekistonning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda inson huquqlarini puxta himoya etish yo’liga qat’iy tarafdor ekanligining ifodasi bo’lib, senatorlar tomonidan ma’qullangan mazkur Qonun sud-huquq tizimini, davlat xizmatini yanada takomillashtirishga yordam beradi, chet el investitsiyalari uchun mamlakatimiz iqtisodiyotining jalb qiluvchanlik darajasini oshiradi.

Shundan keyin senatorlar “O’zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar va ma’qulladilar. Qonun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 23 yanvardagi Qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturining 4.1-bandiga muvofiq ishlab chiqilganligi va qabul qilinganligi hamda nogironlarning ijtimoiy, mulkiy va boshqa xil manfaatlarini himoya etish yuzasidan mamlakatda qabul qilinayotgan izchil, kompleks chora-tadbirlarning davomi ekanligi parlament yuqori palatasi a’zolari tomonidan alohida qayd etib o’tildi. “O’zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga kiritilayogan o’zgartish va qo’shimchalardan ko’zlangan asosiy maqsad nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sharoitlarini yanada mukammallashtirishdan, ularni ish bilan, zamonaviy uy-joy, maishiy va tibbiy sharoitlar bilan ta’minlashda huquqlari hamda kafolatlarini kengaytirishdan, shuningdek, Qonunning normalari va huquqiy mexanizmlarini O’zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarning talablariga muvofiq ravishda rivojlantirishdan iboratdir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 27 sentyabrdagi “Qimmatli qog’ozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g‘risida”gi Qarori asosida ishlab chiqilgan va qabul qilingan “Qimmatli qog’ozlar bozori to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni ham senatorlar tomonidan ko’rib chiqildi. Senatorlar ushbu Qonunning asosiy maqsadi qimmatli qog’ozlar bozorining imkoniyatlari hamda afzalliklarini ro’yobga chiqarishga yangi va ilg’or moliyaviy vositalarni keng joriy etish sohasida bozor munosabatlarini boshqarib va tartibga solib borishdan iborat ekanligiga alohida urg’u berdilar. Moliya bozorini yanada erkinlashtirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalashning zamonaviy talablari, shartlari va eng muhim ustuvor yo’nalishlariga mos keladigan mazkur Qonunning ma’qullanishi investorlar qimmatli qog’ozlar bozorida ishonchli tarzda va erkin faoliyat olib borishi uchun ularning huquqlari kafolatlari rag’batlantirilishi va mustahkamlanishiga, mamlakatning investitsiya imkoniyatlari keng safarbar etilishiga, xususiy mulkchilikni rivojlantirish hamda uning iqtisodiyotdagi ulushini ko’paytirishga, shuningdek, qimmatli qog’ozlar bozorida sog’lom raqobat muhitini shakllantirishga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasiga o’zgartish kiritish haqida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar va ma’qulladilar. Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, Qonunning asosiy maqsadi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning O’zbekiston Respublikasida bo’lish qoidalarini buzish hollarining oldini olishdan iborat. Xususan, Jinoyat kodeksining 224-moddasida chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning O’zbekistonda yashash huquqini beradigan hujjatlarsiz yoki haqiqiy bo’lmagan hujjatlar bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiska, ko’chish yoki turarjoy tanlash yuzasidan belgilangan tartibga rioya etmasligi, bo’lish muddati tugagach chiqib ketishdan bo’yin tovlashi, xuddi shuningdek, O’zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzda o’tish tartibiga rioya qilmasligi uchun javobgarligi kuchaytirilgan. Senatorlarning fikricha, Qonun g’ayriqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini hamda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning O’zbekiston Respublikasida bo’lish qoidalariga oid qonun hujjatlariga rioya qilishi yuzasidan javobgarligini oshirishga imkon beradi.

“O’zbekiston Respublikasining Havo kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqish asnosida senatorlar shuni ta’kidladilarki, ushbu Qonundan ko’zlangan asosiy maqsad O’zbekiston Respublikasi Havo kodeksining ayrim normalarini Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan belgilangan standartlar talablariga muvofiqlashtirish, barcha vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar aviatsiyasi, O’zbekiston Respublikasining samoviy hududida uchishlarni amalga oshiruvchi chet ellik foydalanuvchilar aviatsiyasi parvozlarining asosiy qoidalarini tartibga solish, qog’ozda yoki elektron ifodada rasmiylashtiriladigan, tashishga oid hujjatlar ro’yxatini kengaytirishdan iborat. Senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.

Parlament yuqori palatasi a’zolari “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko’rib chiqdilar. Senatorlar mazkur Qonunning asosiy maqsadi kichik biznes rivoj topishi uchun maqbul sharoit yaratish, iqtisodiyotni rivojlantirishni rag’batlantirish hamda ishlab chiquvchilarning o’z ishlanmalariga huquqiy muhofaza olish uchun qiladigan dastlabki xarajatlarini ixtiroga patent berish haqidagi talabnomalarning kechiktirilgan ekspertizasi tizimini joriy etish orqali qisqartirishdan iborat ekanligiga e’tiborni tortdilar. Kiritilayotgan o’zgartish va qo’shimchalar ixtiro sifatida huquqiy muhofaza berilishi mumkin bo’lgan ob’ektlar ro’yxatidagi cheklovlarni yo’qotadi, ixtironing texnikaviy xususiyatini ta’kidlaydigan mezonlarni joriy etadi, shuningdek, patentning amal qilishi vaqtincha to’xtatilgan davrda sanoat mulki ob’ektidan halol va vijdonan foydalanuvchi uchinchi shaxslarning huquqlarini himoya etishga qaratilgan qoidalarni qamrab oladi. Qonunni senatorlar ma’qulladilar.

So’ngra senatorlar “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini (Nyu-York, 2000 yil 15 noyabr) to’ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo’yish va uning uchun jazolash haqidagi Protokolni ratifikatsiya qilish to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini ko’rib chiqdilar va ma’qulladilar. Bugungi kunga qadar mazkur Protokol 116 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Bu xalqaro-huquqiy hujjatda ishtirokchi-davlat tomonidan odam savdosiga qarshi kurash bo’yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish (odam savdosining oldini olish, jabrlanuvchilariga tegishli yordam ko’rsatish, odam savdosi bilan shug’ullanuvchi shaxslarni jinoiy ta’qib qilish, boshqa ishtirokchi-davlatlar bilan hamkorlik qilish), shuningdek, bu masalada milliy mexanizmlarni takomillashtirish nazarda tutiladi.

Protokolga qo’shilish inson huquqlari va erkinliklarini himoya etish tizimi yanada takomillashtirilishiga, odam savdosi jinoyatidan jabr ko’rgan shaxslarga huquqiy va boshqa xil yordam ko’rsatilishiga, ularni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy himoyalash yuzasidan qo’shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishiga, bu sohada xalqaro hamkorlik kengaytirilishiga yordam beradi.

Bundan tashqari senatorlar O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2007 yildagi faoliyati to’g‘risidagi hisobotini tingladilar.

Senatorlar boshqa huquqiy hujjatlarni ham ko’rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Shu bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o’n to’rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

O'zA
(“Xalq so'zi” gazetasi 2008 yil 27 iyun )

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov