Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 27 iyun

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi ochiladi.

Unda jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh etish hamda modernizatsiyalash vazifalarini izchillik bilan hal qilishda muhim rol o‘ynaydigan qator qonunlar va masalalar parlament yuqori palatasi a’zolari tomonidan muhokama etiladi.

Yalpi majlis arafasida, 2008 yil 26 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Kengash a’zolari Oliy Majlis Senatining Raisi o‘rinbosari F.Muhitdinovaning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar yuzasidan axborotini tingladilar hamda ma’lumot uchun qabul qildilar.

Qo‘mita raislari navbatdagi yalpi majlis muhokamasiga kiritish mo‘ljallanayotgan qonunlar yuzasidan xulosalar, boshqa masalalar yuzasidan esa qarorlar tayyor ekanligini ma’lum qildilar, yalpi majlis ishini tashkil etish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Shu kunning o‘zida Senatning oltitala qo‘mitasi o‘z majlislarini o‘tkazdi, ularda o‘n to‘rtinchi yalpi majlis kun tartibiga kiritilayotgan masalalar muhokama etildi.

Qo‘mitalarning majlislarida senatorlar yuqori palataning bo‘lajak yalpi majlisiga ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga, kichik biznesni, qimmatli qog‘ozlar bozorini, ijtimoiy va ilmiy-texnika sohasini yanada ravnaq toptirish uchun maqbul sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunlar kiritilmoqda, deb qayd etdilar.

Ta’kidlanganidek, Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi ma’qullashi uchun “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kiritiladigan bo‘ldi. Senatorlar, xususan, nogironlarni ijtimoiy himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadini ko‘zlovchi mazkur huquqiy hujjatning bamavridligiga alohida e’tibor qaratdilar.

Ma’qullash mo‘ljallanayotgan qonunlar orasida O‘zbekiston Respublikasining ayrim xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi to‘g‘risidagi hujjatlar alohida o‘rin tutadi. “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi hamda “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini (Nyu-York, 2000 yil 15 noyabr) to‘ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi Protokolni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining ma’qullanishi inson huquq va erkinliklari izchil asosda puxta himoya etilishini ta’minlash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, shu jumladan, sud-huquq tizimi sohasidagi islohotlarni umum e’tirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarga javob beradigan tarzda chuqurlashtirish yo‘liga mamlakatimiz tarafdor ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi, deb aytildi. Ta’kidlanganidek, ana shu xalqaro huquqiy hujjatlarga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasining bu sohadagi xalqaro hamkorligini yanada chuqurlashtirishga yordam beradi.

Majlislarda senatorlarning 2008 yilning o‘tgan davridagi ishlari yakunlari ham ko‘rildi va Senat qo‘mitalari faoliyatini yanada takomillashtirish tadbirlari ishlab chiqildi.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O'zA
(“Xalq so'zi” gazetasi 2008 yil 27 iyun )

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov