Олий Мажлис Сенати янгиликлари

<< Янгиликлар |                                                                

2008 йил 25 апрель

24 aprel kuni Oliy Majlis Senatining Kengashi majlisi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2006 yil 1 dekabrda qabul qilingan, davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishiga doir 275-1-sonli Qarori ijrosining borishi ko’rib chiqildi.

Kengash majlisida qayd etib o’tildiki, normativ-huquqiy hujjatlar vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, shu jumladan prokuratura organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qay darajada amalga oshirilayotganligini tizimli monitoring o’tkazish yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida muayyan ishlar qilinmoqda. Davlat organlarining fuqarolar huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga hamda qonuniylikni mustahkamlashga doir ishlarini muvofiqlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda Sog’liqni saqlash vazirliklarining, ichki ishlar va davlat bojxona organlarining, shuningdek bir qator mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy ijodkorligi faoliyati va huquqni qo’llash amaliyoti bo’yicha 2007 yilda o’tkazilgan monitoring doirasida fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan harakatlar (harakatsizlik) va qarorlar ustidan sudga shikoyat berishga doir hamda fuqarolarning murojaatlariga oid qonun hujjatlarini buzish bilan bog’liq ayrim holatlar aniqlandi. Fuqarolarning huquqlari himoya etilishini ta’minlash maqsadida adliya organlari tomonidan 2007 yilda sudlarga jami 617 million so’mdan oshadigan 1430 ta da’vo arizasi berildi. Adliya organlariga tadbirkorlik sub’ektlaridan qariyb olti mingta murojaat keldi, bu murojaatlarning 70,2 foizi qanoatlantirildi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning normativ-huquqiy hujjatlardan keng ko’lamda erkin foydalana olishini ta’minlash, jamiyatni huquqiy jihatdan axborotlashtirish tizimini takomillashtirish, amaldagi qonun hujjatlari tizimga solinishini tashkil etish, shuningdek qonun ijodkorligi va huquqni qo’llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash masalalari yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlari hisobini tizimli tarzda yuritish qoidalari ishlab chiqildi. O’n olti mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatni o’z ichiga olgan qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi yaratildi. “O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami” – “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan” nashri muntazam ravishda chop etilmoqda. Yuridik adabiyotlar, gazeta va jurnallarning shunday adabiyot va nashrlarining elektron avtomatlashtirilgan kutubxona katalogi yaratildi.

Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratayotgan adliya organlari tomonidan 43 mingdan ortiq tadbir o’tkazildi, 370 ga yaqin o’quv va ilmiy-yuridik kitob, uslubiy qo’llanma tayyorlandi.

Muhokama etilgan masala yuzasidan Kengash tegishli qaror qabul qildi.

Kengash majlisida senatorlar, manfaatdor vazirlik va idoralarning namoyandalari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O'zA
(“Xalq so'zi” gazetasi 2008 yil 25 aprel, №83)

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov