Олий Мажлис Сенати янгиликлари

<< Янгиликлар |                                                                

2008 йил 14 март

Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining sayyor majlisi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2008 yil 13 mart kuni Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijro etilishini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.
Masala fuqarolar yig‘inlari rahbarlari hamda faollari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o‘z vakolatlarini ro‘yobga chiqarishlariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘rganildi.
Majlisda shu narsa qayd etib o‘tildiki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida mazkur Qonunning ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Qoraqalpog‘istonda faoliyat ko‘rsatayotgan 350 ta fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining hammasi joy bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning uch yuztasi balansida bino bor, 264 tasida “Ma’naviyat va ma’rifat” xonalari jihozlanib, zarur normativ-huquqiy hujjatlar bilan ta’min etilgan. Fuqarolar yig‘inlaridan 342 tasida kompyuter bor, 338 tasiga telefon aloqasi o‘rnatilgan.
Qonun talablariga muvofiq, fuqarolar yig‘inlari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tuman, shahar hokimliklari rahbarlari, komissiyalarining raislari va a’zolari, tegishli hududda joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari hisobotlarini tinglamoqdalar. Natijada iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish, aholini ishga joylashtirish va odamlar manfaatlarini himoya etish masalalarini hal qilish bilan bog‘liq ishlarda fuqarolar yig‘inlarining faolligi anchagina kuchaygan.
Jumladan, Nukus shahridagi 42- va 43-mahalla fuqarolar yig‘ini, Xo‘jayli tumanidagi 3-mahalla va Sarichunko‘l ovul fuqarolar yig‘ini, Taxtako‘pir tumanidagi Taxtako‘pir, Mulik, Qorateran, Qoraoy ovul fuqarolar yig‘inlarida, shuningdek boshqa hududlarda joylashgan talaygina fuqarolar yig‘inlarida obodonlashtirish, aholini ichimlik suv, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash, ishga joylashtirish va sog‘lomlashtirish, yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish va aholini ijtimoiy muhofaza etish masalalari muvaffaqiyatli tarzda hal etilmoqda. Aholini ishga joylashtirish maqsadida 2007 yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ko‘magida kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik sohasida 27084 yangi ish o‘rinlari barpo etildi.
Mazkur Qonunning 14-moddasiga muvofiq shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yig‘inlarining raislari (oqsoqollari) aholi punktlarida fuqarolik holati dalolatnomalarini belgilangan tartibda ro‘yxatga oladilar hamda notariuslar yo‘q joylarda notarial harakatlarni amalga oshiradilar. Xususan, 2007 yilda shu tarzda 359 ta tug‘ilish, 88 ta o‘lim, 157 ta nikoh tuzish qayd etildi, shuningdek ko‘pgina vasiyatnoma va ishonchnomalar shahodatlantirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda jamoat birlashmalari bilan birgalikda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning, qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan aholi o‘rtasida sobitqadam ish olib bormoqda, fuqarolarning siyosiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga hamda yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash ishini yanada yaxshilashga qaratilgan tadbirlar tashkil etmoqda.
Sayyor majlisda bu sohadagi mavjud kamchiliklarning sabablari ham tahlil etildi. Xususan, hokimliklarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini ro‘yxatga olish masalalariga va tegishli ish yuritish talab darajasida olib borilishiga yetarlicha e’tibor berilmayotir. Fuqarolar yig‘inlarining ba’zilarida buxgalteriya hisobini yuritish qonun hujjatlari talablariga javob bermaydi, ularning balansidagi binolar kapital ta’mirga, mebel va uskunalar esa yangilashga muhtoj, hududlarning sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar kam o‘tkaziladi, mahalla guzarlari barpo etish ishlari olib borilmayotir.
Senatorlar muhokama asnosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini hamda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish mexanizmini yanada takomillashtirish, fuqarolar yig‘inlarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, adliya, sog‘liqni saqlash va ta’lim idoralari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari, “Mahalla” xayriya jamg‘armasi bo‘limlari bilan hamkorligi samaradorligini oshirish yuzasidan qator takliflar bildirdilar.
Muhokama yakunlari asosida tegishli qaror qabul qilindi.
Tadbirda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari, tuman hokimlarining o‘rinbosarlari – xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, adliya va huquqni muhofaza qilish idoralari, “Mahalla” xayriya jamg‘armasi, diniy muassasalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

ЎзА

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov