Oliy Majlis Senati yangiliklari

<< Yangiliklar |                                                                

2008 yil 13 iyun

Senatning 14-yalpi majlisi 28-29 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi

13 iyunda Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisini 2008 yil 28-29 iyun kunlari Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi muhokamasiga O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, ma’qullash uchun Senatga yuborilgan bir qator qonunlarni, jumladan: “O’zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi, “Qimmatli qog’ozlar bozori to’g‘risida”gi, “O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasiga o’zgartish kiritish haqida”gi, “O’zbekiston Respublikasining Havo kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunlarini kiritish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga senatorlar muhokamasiga O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2007 yildagi faoliyati to’g‘risidagi hamda O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2007 yil yuzasidan hisobotlari, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2007 yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati to’g‘risidagi axboroti haqidagi masalalarni ham kiritish mo’ljallanmoqda. Yalpi majlisda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa bir qator masalalar ham muhokama qilinadi.

Kengash Oliy Majlis Senati qo’mitalari va Devonining o’n to’rtinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko’rish hamda uni o’tkazish bilan bog’liq ishlarini muvofiqlashtirib borish vazifasini Oliy Majlis Senati Raisining o’rinbosari F.Muhitdinova zimmasiga yukladi.

O'zA
(“Xalq so'zi” gazetasi 2008 yil 13 iyun )

© O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati - Sayt dizayni Abror Musahonov